Sport | 17:49 / 11.03.2019
12192
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik 14 yoshli og‘ir atletikachi qiz o‘smirlar o‘rtasida mutlaq jahon chempioni bo‘ldi

Las-Vegasda davom etayotgan og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida o‘zbekistonlik 14 yoshli og‘ir atletikachi Nigora Abdullayeva -49 kg vazn toifasida mutlaq jahon chempioni bo‘ldi. 

MOQ matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Nigora Abdullayeva dast ko‘tarish mashqida 75 kg, siltab ko‘tarish mashqida esa 90 kg, ikki kurash bo‘yicha 165 kilogramm natija qayd etgan.

«Hali o‘zbek og‘ir atletikasi tarixida bunaqasi bo‘lmagan. O‘tgan yili poytaxtimiz mezbonlik qilgan yoshlar o‘rtasidagi musobaqa ham shunday quvonchli onlarni taqdim qilgandi. O‘shanda Kumushxon Fayzullayeva -63 kg vazn toifasida ishtirok etib, dast ko‘tarishda bronza (94 kg), siltab ko‘tarish (120 kg) va ikki kurash bo‘yicha (214 kg) oltin medallarni qo‘lga kiritgan. O‘shanda Kumushxon og‘ir atletikada qizlarimiz orasida birinchi bor jahon chempionligini qo‘lga kiritgan sportchiga aylangan edi. Keyingi kun bahslarida Dolera Davronova dast ko‘tarishda beshinchi natijani qayd etganiga qaramasdan siltab ko‘tarishdagi ajoyib ko‘rsatkichi evaziga ikki kurash bo‘yicha g‘alabani ilib ketgan. Kecha Nigoraxon bu borada mutlaq so‘zini ham qo‘shdirib qo‘ydi», deyiladi xabarda

Mavzuga oid