Jamiyat | 19:55 / 12.03.2019
5154
4 daqiqa o‘qiladi

Amerika talabalari o‘zbekistonlik ko‘ngilli yoshlarni loyihalarda birga ishlashga taklif qildi

Foto: O‘zbekiston yoshlar ittifoqi

Toshkentdagi “Yoshlar markazi”da Vashington shahridagi Amerika universitetining bir guruh talabalari ishtirokida “Yoshlarning diplomatiya va xalqaro munosabatlardagi o‘rni” mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi vakillari, o‘zbekistonlik ko‘ngilli yoshlar hamda oliy ta'lim muassasalari talabalari qatnashdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengash raisining birinchi o‘rinbosari Alisher Sa'dullayev “Mamlakat rivojlanishida yoshlarning o‘rni” mavzusidagi taqdimotida ko‘ngillilik harakati hozir dunyoda keng tarqalayotgan mashhur sohalardan  ekanligini ta'kidladi. Shuningdek, bu maqom insonlarning muammolari yechimiga, ularning  farovon hayotiga xizmat qilishi, ezgu tashabbus va loyihalarni o‘z moddiy manfaatlarisiz amalga oshirilishi bilan ahamiyatli ekanligi bilan bog‘liq fikrlarini bildirdi.

—Bugun delegatsiya a'zolari  o‘z loyihalari taqdimotini namoyish etdi. O‘zbekistonlik ko‘ngillilar ham turizm, ta'lim tizimi va  innovatsion loyihalarga qaratilgan taqdimotlari bilan  faollik ko‘rsatdi, — deydi “Youth Project Management”  loyiha boshqaruvchisi Muhabbat Rustamova. —Tadbir yakunida Amerika talabalari o‘zbekistonlik ko‘ngilli yoshlarni Amerikada bir qator loyihalarda birga ishlashga  taklif qildi.

Qatnashchilar O‘zbekiston va AQShdagi ta'lim tizimi, globallashuv jarayoni, xalqaro yoshlar tashkiloti va  jamiyatda ayollarning o‘rni, ularning yetakchilik qobiliyati, yoshlar bandligi, iqtisodiy rivojlanish yo‘li kabi masalalarda fikr-mulohazalar yuritdi.

—Muzokaralarga boy bo‘lgan jonli muloqotdan so‘ng O‘zbekistondagi diplomatiya va xalqaro aloqalarga bo‘lgan qiziqishim yanada ortdi. Konferensiya yakunida O‘zbekistonda ko‘ngillilar davrasini kengaytirishga doir takliflar bildirildi, — deydi O‘zbekiston Davlat jahon tillari universiteti talabasi Muydinjon Yoquboy. — Men ham uchrashuv davomida o‘z loyihamni taqdim etdim. Ko‘ngillar harakatini qariyalar va nogironlar uyida  amalga oshirishga qaratilgan tashabbusimda yoshlar ko‘magiga muhtoj nuroniylarga  ixtiyoriy ravishda madaniy dasturlar tashkil etish, ularga chet tillarini o‘qitish.

O‘zaro tajriba almashinuvida yoshlar xalqaro iqtisodiyot va menejment, xalqaro huquq va huquqiy siyosat, jahon tarixi va madaniyati bo‘yicha chuqur bilimga ega bo‘lishi lozimligi aytib o‘tildi.  Bundan tashqari yoshlar xalqaro hamkorlikda muzokaralar yuritishi, har qanday sharoitda puxta o‘ylangan qaror qabul qila olish ko‘nikmalarini shakllantirishga doir tavsiyalar berildi.

—Konferensiyada xorijlik sayyohlar uchun o‘zbekistonlik ko‘ngilli yoshlarning bepul tarjimonlik xizmatiga doir loyihamning taqdimoti bilan qatnashyapman. Mazkur innovatsion loyiha faqatgina internet orqali amalga oshiriladi, — deydi O‘zbekiston Davlat jahon tillari universiteti talabasi Dilshodbek Nurmetov. — Bu loyihaning O‘zbekistonda muqobili yo‘q. Unda bizning safimizdagi ko‘ngilli yoshlar freetour.com internet sayti orqali xorijlik sayyohlardan O‘zbekistonga sayohat yuzasidan gidlik xizmati bo‘yicha bepul buyurtma qabul qiladi. Sal kam ikki yil davomida 10 nafar ko‘ngilli yoshlar bilan Xorazm, Samarqand, Buxoro kabi viloyatlarning diqqatga sazovor joylariga sayohatlarda samarali ish olib bordik. Ko‘plab xorijlik do‘stlar orttirdik.

Shahnoza Nurullayeva

Mavzuga oid