Jamiyat | 15:44 / 13.03.2019
8333
3 daqiqa o‘qiladi

Moliya instituti talabalari "Yoshlar – kelajagimiz" jamg‘armasiga ishga kirishi mumkin

Kuni kecha Toshkent Moliya institutida “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi Toshkent Moliya instituti bilan hamkorlik memorandumi imzoladi.

Endi institut yoshlarining tadbirkorlik sohasida amaliy bilim va ko‘nikmalarni egallashlari uchun imkoniyatlar, shart-sharoitlar ancha kengayadi. Talabalarning biznes tashabbuslari, startaplari, g‘oyalari va loyihalarini ro‘yobga chiqarishida ham Jamg‘arma o‘z ko‘magini ayamaydi.

Mazkur hamkorlik shartnomasi yoshlarning ishbilarmonlik qobiliyatlarini rivojlantirib, ularni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng jalb etadi. Shuningdek, biznes tashabbuslarini rag‘batlantirib, intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishlarida tirgak bo‘ladi. 

Tadbirda bo‘lg‘usi iqtisodchilarga O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi to‘g‘risida” 2018 yil 27 iyundagi PF-5466-son farmoni va uning mazmun-mohiyati hamda   Davlat-xususiy sheriklik shartlarida “Yosh tadbirkorlar” kovorking markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslarini qurish hamda faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida atroflicha ma'lumotlar berildi.   

Toshkent Moliya instituti memorandum asosida “ Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi mohiyatini yoshlar orasida targ‘ib qilishda bilim va ko‘nikmalarga ega talabalarni saralab, institut targ‘ibot guruhiga tavsiya etilgan yosh olimlar va talabalar ro‘yxatini shakllantirib boradi. Bundan tashqari “Moliya” “Loyihaviy boshqaruv”, “Menejment”, “Bank ishi”, “Buxgalteriya hisobi” sohalaridagi mavzularda bakalavr malakaviy diplom ishi, magistrlik va doktorlik dissertatsiyasini yoqlamoqchi bo‘lgan, ilmiy-malakaviy ishi Jamg‘arma faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan talabalar va yosh olimlarni Jamg‘armaga tavsiya qiladi. Talabalar ixtiyoriy ravishda yozgi va bitiruv amaliyotlarini Jamg‘armada o‘tkazishlari uchun yo‘naltiriladi.

Hattoki tegishli bilim va ko‘nikmalarga ega bitiruvchilar ta'limdan so‘ng Jamg‘armada faoliyat yuritishlari mumkin.

Kelgusida ikki tomonlama qurilgan mustahkam aloqalar institut talabalarining o‘z biznesini tashkil qilishiga shuningdek, yoshlar bandligi va daromadlarining o‘sishini ta'minlashga xizmat qiladigan kichik, xususiy va oilaviy tadbirkorlik, kasanachilikning turli shakllarini rivojlanishiga poydevor bo‘ladi.

Mavzuga oid