O‘zbekiston | 14:36 / 15.03.2019
34473
2 daqiqa o‘qiladi

Yaqin bir oy ichida Ginnescning rekordlar kitobi o‘zbekistonliklar tomonidan yana bir bor zabt etilishi mumkin

Ginnescning rekordlar kitobida o‘zbekistonliklar nomi yaqin bir oy ichida yana bir bor qayd etilishi mumkin. 

Buning uchun o‘zbekistonlik kitobxonlardan 2019 yilning 10 aprel sanasida  kitob mutolaasidagi eng ko‘p tinglovchi auditoriyasini yig‘ish bo‘yicha o‘zidan avvalgi rekord natijani yangilashi talab etiladi. Rekord 2018 yilning 3 mart kuni Hindistonning Maxarashtra shtatida 6 ming 786 nafar kitobxon ishtirokida o‘rnatilgan. 

Harakatning bevosita tashabbuskorlaridan biri bo‘lgan Kun.uz jurnalistiga ko‘ra, mazkur rekordni yangilashga bo‘lgan harakatlar Respublika yosh ijodkorlar kengashi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Jumladan, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi loyihani  yetarli mablag‘ bilan ta'minlaydi.

Rekord o‘rnatishga harakat kuni sifatida  2019 yilning 10 aprel kuni tanlangani bejiz emas. Aynan ushbu sana o‘zbek romanchiligi asoschisi Abdulla Qodiriyning tavallud kuni hisoblanadi va 2019 yilda yozuvchining 125 yilligi keng nishonlanadi. Umumiy mutolaa kitobi sifatida «O‘tkan kunlar» romani tanlangan.

Jarayon   Toshkentdagi «Paxtakor» stadionida o‘tishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yilning 8 sentabr kuni o‘zbekistonlik oshpazlar tomonidan sof og‘irligi 7360 kilogrammli mega palov tayyorlangan hamda ushbu megapalov Ginnescning rekordlar kitobidan joy olgan edi.

Mavzuga oid