Jamiyat | 16:33 / 20.03.2019
11872
5 daqiqa o‘qiladi

Innovatsion rivojlanish vazirligi aholida saqlanayotgan noyob qo‘lyozma, toshbosma kitoblar va tarixiy hujjatlarni sotib olmoqda

Innovatsion rivojlanish vazirligi aholida saqlanayotgan noyob qo‘lyozma, toshbosma kitoblar va tarixiy hujjatlarni Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan xarid qilib, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondiga taqdim etmoqda.

– «Jamg‘arma tomonidan 2018 yilda 117 turdagi 158,1 mln. so‘mlik noyob hujjatlar Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti Fondiga o‘tkazildi», — dedi Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Ijro etuvchi direktori Bunyod Oxunov. –2019 yilda esa 161 turdagi jami 417,6 mln. so‘mlik noyob qo‘lyozma va tarixiy manbalar xarid qilindi hamda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti Fondiga taqdim etildi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati
Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati

Xarid qilingan manbalarning turi, fan sohasiga ko‘ra tarix, adabiyot, tabobat, islom qonunshunosligi, aqida, tafsir va boshqa turli mavzularga tegishli bo‘lgan kitoblar, shuningdek xonlarning buyruqlari, qozilarning yuridik hujjatlarining original nusxalari ham mavjud.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati
Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati

Ma'lumki, har qanday qadimiy qo‘lyozma va uning qadimgi davrda ko‘chirilgan nusxalarining har biri noyob xususiyatga ega hisoblanadi. Tadqiqotchilar, magistr talabalarning dissertatsiyalari mavzusi sifatida ilmiy muomalaga kiritiladi. Lekin original tarixiy hujjatlar moddiy qiymatidan tashqari huquq, tarix va islomshunoslik sohalari sohalarida muhim tadqiqot manbasi hisoblanadi. Prezident qarori ijrosi jarayonida 120 dan ortiq original tarixiy hujjatlar Institutga qabul qilindi va “Tarixiy hujjatlar” kolleksiyasini boyishiga xizmat qildi.

Institut fondiga qabul qilingan noyob manbalar sirasiga kiruvchi Alisher Navoiyning “Navoiy devoni”, Abdurahmon Jomiyning “Nafaxot al-unus”, Sa'diy Sheroziyning “Shavqi guliston”, Muhammad bin Yusuf Samarqandiyning “Saloti Mas'udiy”, Bedilning “Kulliyoti Bedil”, Yoqub Charxiyning XVI asrga oid “Tafsiri Mavlono Ya'qub Charxiy”, Muhammad G‘azzoliyning “Kimyoi Saodat”, Ahmad Yassaviyning “Hikmat” kabi qo‘lyozma asarlar adabiyot, tarix, qonunshunoslik, islomshunoslik sohalaridagi tadqiqotlar uchun muhim manbalar bo‘lib xizmat qiladi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati
Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati

– «Original tarixiy hujjatlar borasida ham kutilmagan noyob tarixiy hujjatlar aniqlandi va manbalar xazinasiga qabul qilindi. Odatda original hujjatlarning bir devonxonaga va qoziga tegishli bo‘lgan to‘plam kolleksiyasi kamdan kam uchraydi», – deb ta'kidladi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondi mudiri Sharifjon Islamov. – Masalan, Buxoro qozilaridan bo‘lgan Mullo Badriddin va Mullo Sharafiddin devonxonalarida rasmiylashtirilgan, 1320-1330 hijriy yillarga tegishli bo‘lgan hujjatlar to‘plami soha mutaxassislari uchun noyob tadqiqot manbasi bo‘lib xizmat qiladi. Shu bilan birga, tarixiy hujjatlar orasida Hiva xonlaridan Abul-Muzaffar Sayyid Muhammad Rahim Bahodirxonga tegishli 5 ta original tarixiy hujjatlar hijriy 1250-1270 yillarga (XIX asr boshlariga) oiddir.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati
Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 24 maydagi PQ-2995-son qarori qabul qilingunga qadar aholi qo‘lida saqlanayotgan manbalarni xarid qilishning moliyaviy imkoniyati yetarli emas edi. Natijada, fuqarolarda noyob manbalarni saqlash bo‘yicha zarur malaka va imkoniyatning yo‘qligi bois vaqt o‘tishi bilan ular jismonan yo‘qolib borar edi. Endilikda Institut “Qo‘lyozmalar fondi”ga qabul qilingan noyob manbalar xalqaro talablarga muvofiq tarzdagi harorat, namlik va yorug‘lik me'yorlari ta'minlangan holda saqlanmoqda.

Xarid qilingan manbalar tarixiy, badiiy, adabiy, diniy va ilmiy ahamiyatga oid manbalar hisoblanadi. Manbalarni sotib olish orqali ularni ilmiy muomalaga kiritish, yosh tadqiqotchilarga tadqiqot manbasi sifatida belgilash ta'minlanadi, aholi qo‘lida zararlanish va yo‘qolib ketish xavfi bartaraf etiladi.

Mavzuga oid