MTS «O‘zbekistondagi poralar» ishi bo‘yicha bayonot berdi
Rossiyaning MTS operatori ma'lum qilishicha, o‘zini O‘zbekistondagi noqonuniy xatti-harakatlarda ayblayotgan sarmoyadorlar da'volari yuzasidan AQShda kompaniyaga qarshi berilgan ariza doirasida o‘z manfaatlarini himoya qiladi.
«MTS shuni ma'lum qiladiki, kompaniya va uning ayrim menejyerlariga qarshi AQShdagi Nyu-York shtati okrug sudiga da'vo arizasi berilgan. Kompaniya ayblovlarni ko‘rib chiqmoqda va o‘z manfaatlarini himoya qilish niyatida», - deyiladi Qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha komissiya (SEC) saytida joylashtirilgan hujjatda.
Bundan tashqari, kompaniya javob shikoyati bilan chiqish imkoniyatini istisno qilmagan, deb xabar beradi TASS.
Bundan oldin, Amerikaning Rosen Law yuridik firmasi «Mobilniye telesistemi» shirkatiga qarshi sinfiy da'vo bilan chiqqandi. Rosen Law xabarida aytilishicha, 2014 yil 19 martdan 2019 yil 7 martgacha bo‘lgan davrda Rossiya kompaniyasi qimmatli qog‘ozlarini sotib olgan barcha investorlar unga qo‘shilishi mumkin.
Da'volar MTS kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyatiga aloqador korrupsiyaga qarshi tekshiruv bilan bog‘liq. Uning yakunlariga ko‘ra, 7 mart kuni e'lon qilinganidek, operator AQSh hukumatiga jami 850 million dollar to‘lab beradi.
Rosen Law’ning bildirishicha, MTS kompaniya korrupsion sxemalarga jalb etilgani haqidagi ma'lumotni investorlardan yashirgan, uning doirasida 420 million dollar miqdorida pora berilgan, shuningdek, bozorga surishtiruvlarning ehtimoliy oqibatlari ko‘lamini sezdirmagan.
AQSh mahkamalari 2014 yildan beri operatorning O‘zbekistondagi biznesi bo‘yicha MTSga nisbatan korrupsiyaga qarshi surishtiruv o‘tkazgan. Amerika hukumatining bildirishicha, MTS, VEON (avvalgi Vimpelcom Ltd.) va Telia O‘zbekiston telekommunikatsiya bozoriga kirish maqsadida mamlakat sobiq prezidenti oilasi bilan bog‘liq tuzilmalarga ko‘p millionlik poralar uchun soxta kompaniyalar hamda konsultativ shartnomalar tarmog‘idan foydalangan. VEON surishtiruv yakunlari bo‘yicha 2016 yilda 795 million dollar, Telia Company - 965 million dollar jarima to‘ladi.
2016 yilda MTS O‘zbekistondagi biznesdan chiqib, mahalliy hukumatga Universal Mobile Systems (UMS) operatoridagi 50,01 foiz aksiyalarni ramziy 1 dollarga sotdi. Shu tariqa, 2014 yilda O‘zbekiston bozoriga qaytganidan so‘ng, MTS mamlakatdan yakuniy chiqib ketishiga qadar ikki yil ham ishlamadi. Avvalroq, MTS O‘zbekistondagi biznesni yo‘qotgan edi - 2012 yilda operator sho‘'basi «Uzdunrobita» - o‘sha vaqtda abonent bazasi 9,3 mln kishi bo‘lgani holda o‘zbek aloqa bozorida yetakchi bo‘lib turgan kompaniya litsenziyadan mahrum etildi. 2014 yil oxirida MTS barcha da'volarni hal qilish bo‘yicha rasmiylar bilan kelishuv bitimini imzoladi. Natijada, MTS UMS’ning 50,01 foizini, «Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi» DUK (O‘zbekiston sobiq Davlat aloqa qo‘mitasi tuzilmasi) 49,99 foizini oldi. Qo‘shma korxona «Uzdunrobita»ning infratuzilmasi va uskunalarida ishlagan.