O‘zbekiston | 11:10 / 23.03.2019
16333
8 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yuk avtomobillari harakatini cheklash taklifi berildi. Yirik shaharlarda buning imkoni bormi?

Kun.uz saytiga turli tuman mazmundagi murojaatlar, taklif va fikr-mulohazalar kelib turadi. Doniyor Karimov ismli mushtariy yo‘llagan taklif bir qarashda o‘rinsiz tuyiladi. Ammo yuzaga kelayotgan vaziyat, jahon tajribasi o‘rganilganda bu fikrda ham jon borligi ayon bo‘ladi.

«Sizlardan poytaxtda ertalab va kechki payt avtotransportlar tirbandligi oldini olish maqsadida berilgan taklifni o‘rganishni hamda O‘zbekiston Respublikasi IIVga yetkazishingizni so‘rayman.

Oldin ham bu mavzuda iltimos qilgandim, lekin e'tiborsiz qoldi. Taklifim shuki, haftaning 5 kuni, ya'ni dushanba-juma kunlari, ertalab soat 07:00-09:00 oralig‘ida va kechki soat 18:00dan soat 20:00gacha Toshkent shahri ichida yuk mashinalari harakati taqiqlab qo‘yilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Masala naqadar murakkabligiga ishonch hosil qilish uchun ertalab Ohangaron shossesidan poytaxtga kirishdagi «Rohat» aylanasida juda ko‘p yuk mashinalar harakatlanayotganiga, tirbandlik nihoyatda ortib ketishiga guvoh bo‘lasiz. Sizlardan iltimos, shu mavzuni o‘rganib chiqsangiz».

Bu taklif o‘rinsiz va ilojsizdek tuyuladi. Sababi oddiy, Toshkent ulkan shahar, qon tomiridek yo‘llar orqali muntazam ta'minot yo‘lga qo‘yilgan, yuk mashinalar oziq-ovqat, kundalik ehtiyoj mahsulotlarini uzluksiz yetkazib berib turishi kerak. Qolaversa, poytaxt ulkan qurilish maydoniga aylanib qolgan – qurilish  bir daqiqa ham tinmaydigan jarayon, ayniqsa taklifda bildirilgan cheklov vaqtida ayni ish qizg‘in bo‘ladi.

Ammo tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Toshkent shahrida avtomobil qatnovi nafaqat yildan yilga, balki oydan-oyga tig‘izlashib bormoqda. Aslida boshqa viloyatlar markazlarida ham shunday muammo bor, lekin hozircha mavzuni faqat poytaxt misolida o‘rganib turamiz.

Aslida shaharlardagi tirbandlik butun dunyodagi yirik shaharlar muammosi va ularning har biri bu masalani o‘zicha yechishga harakat qilishadi.

Keling, bir qator davlatlar, yirik shaharlar tajribasi bilan tanishib chiqamiz:

* Fransiya, Parij. Bu davlat hukumati, shahar rahbariyatining aholini jamoat transportidan foydalanishga o‘rgatish uchun qilgan otashin chorlovlari foyda bermagach, masalani keskin usulda yechishga harakat qilishgan. Ya'ni, shahar yo‘llarining yarmidan ko‘pi jamoat transportiga ajratilgan, qolgan tor qismigina xususiy avtomobillarga qolgan;

* Buyuk Britaniya, London. Bu qadimiy shaharda hamisha yer tanqisligi muammo bo‘lib kelgan. Uning yo‘llari ham eski, tor va harakatlanish noqulay. Shahar ma'muriyati oddiy va oson usulni yo‘lga qo‘ygan – shahar markaziga avtomobilda kirdingizmi, tamom, pul to‘laysiz. Hatto shu hududda yashaydiganlarga ham ma'lum miqdorda pul to‘lashi shart. Albatta, maxsus texnikadan tashqari ayrim toifa shaxslarning bepul harakatlanish huquqi saqlanib qolgan – masalan qirolichaning;

* Daniya, Kopengagen. Bu davlatdagi uslub nihoyatda samarali va foydali. Aholining 20 foizdan ortiqrog‘i velosipedlardan foydalanishga o‘tgan va bu ko‘rsatkich oshib bormoqda.

* Osiyo qit'asi mo‘jizasi – Singapur. Bu shahar-davlatda oddiy va samarali usul qo‘llanadi – avtomobillar nihoyatda qimmat. Avtomobil qiymatiga nisbatan 3-4 barobar qimmatroq boj to‘lash lozim;

* Xitoy va uning yirik shaharlari tajribasi hammasidan oshib tushadi. 20-25 yil ichida atomobillar soni 100 (!) martadan ko‘proq oshib ketgan Pekinda avtomobil sotib olish qiyin masala emas. Ammo unga davlat raqami olish haqiqiy muammo. Buning uchun yillab kutish kerak. Masalan, qaysidir haydovchi vafot etsa, o‘rni bo‘shaydi. Shuningdek, avtomobil raqamlari lotereyasida o‘ynab yutib olish ham mumkin, faqat imkoniyat haqiqiy lotereyalardagidek. Raqam olganlar ham xotirjam yura olishmaydi. Yirik shaharlarda toq kunlar, juft kunlar kabi usullar qo‘llaniladi. Ya'ni, toq kunlarda ma'lum toifa, juft kunlarda ikkinchi toifa harakatlanishi mumkin.

* Rossiya, Moskva. Rossiyani ko‘p jihatdan boshqa rivojlangan davlatlar bilan qiyoslab bo‘lmasada, aynan tirbandlikka qarshi kurash bo‘yicha Moskva shahri ko‘pchilikka o‘rnak bo‘la oladi. Taqiq, cheklov va to‘lovlar usulini birinchi darajaga ko‘tarmagan holda bu shahar ma'muriyati jamoat transporti, xususan metro tizimini jadal rivojlantirish, ko‘plab yangi bekatlarni ishga tushirishda juda ilg‘or hisoblanishadi. Shuningdek, ko‘priklar, tunnellar, transport tugunlarida yer osti yo‘llari, estakadalarni ko‘paytirish ishlari ham jadal olib borilmoqda.

Bu masala bilan deyarli barcha megapolislarda shug‘ullanishadi. Xususan, uyali aloqa kompaniyalari ma'lum yo‘llarda telefonlar (ya'ni avtomobillar) ko‘payishini hisobga olib, boshqa foydalanuvchilarga xabar berishadi. Mahalliy radiolarda xabarlar uzatiladi, maxsus saytlar e'lonlar tarqatadi.

O‘zbekiston, xususan Toshkentda ham bu borada katta hajmdagi loyihalar amalga oshirilayotganini e'tirof etish lozim. Masalan, oxirgi yillarda Chilonzor tumanidagi Bunyodkor va Muqimiy ko‘chalari kesishgan chorrahada, Cho‘ponota-Bunyodkor chorrahasidagi ishga tushirilgan yo‘l o‘tkazgichlar, Maxtumquli va Ohangaron ko‘chalari kesishmasida barpo etilayotgan uch qavatli zamonaviy avtomobil ko‘prigi loyihasi yaxshi misol bo‘la oladi. Shahar bo‘ylab halqa temiryo‘li, metroning yangi bekatlari kabi bunday yirik loyihalar albatta juda yaxshi.   

Toshkent shahri infratuzilmasi hozircha o‘z vazifasini bajara olayotgan bo‘lsa-da, ertami kechmi tirbandlik oshgandan oshaveradi va bizda ham yuqoridagi usullardan biri yoki bir nechtasi, balki mutlaqo yangi (xususan mushtariy taklif etayotgan) usullar qo‘llanilishi mumkin.

YHXX izohi:

– Yo‘l harakati qoidalari Vazirlar mahkamasining tegishli qarorlari bilan tartibga solinadi. Biz aynan o‘sha qoidalar asosida faoliyat olib boramiz va barcha bu qoidalarga bo‘ysunishi shart.

Yuqoridagi taklif o‘rganib chiqishga arziydi. Lekin ayni paytda bunday cheklovlar rejalashtirilmagan.

Endi bevosita Ohangaron shossesiga to‘xtaladigan bo‘lsak:

1. Ohangaron shossesi nomidan ham bilinib turibdiki, davlat ahamiyatiga molik yo‘l hisoblanadi;

2. Geometrik parametrlari bo‘yicha bu ko‘cha barcha turdagi transport vositalariga xizmat qilishga mo‘ljallangan;

3. Bu yo‘l poytaxtni Farg‘ona vodiysi bilan bog‘lovchi yagona yo‘l hisoblanadi, undagi har qanday cheklovlar katta noqulayliklar keltirib chiqaradi;

4. Har qanday cheklovlar bir necha tashkilotlar tomonidan muvofiqlashtirilishi lozim. Bunday cheklovlar qaysi tashkilotlar tomonidan qo‘yilishi ham belgilab qo‘yilgan.

Abror Zohidov

Mavzuga oid