Jahon | 23:30 / 24.03.2019
49903
4 daqiqa o‘qiladi

Venesuelaga Rossiyadan bortida yuzga yaqin harbiy bo‘lgan ikki samolyot kelib qo‘ndi

Foto: twitter.com/FedericoBlackB

23 mart kuni Karakasdagi Mayketiya xalqaro aeroportiga rossiyalik harbiylar va 35 tonna yuk bo‘lgan An-124 va Il-62 samolyotlari kelgan. Bu haqda El Comercio nashri ma'lum qildi. 

Nashrning ta'kidlashicha, gap 99 harbiy haqida bormoqda, ularga Rossiya qurolli kuchlari bosh shtabi tashkiliy-mobilizatsiya bosh boshqarmasi boshlig‘i general-polkovnik Vasiliy Tonkoshkurov boshchilik qilmoqda. Ma'lum qilinishicha, rossiyalik harbiylarni Venesuelaning xalqaro aloqalar va integratsiya bo‘limi boshlig‘i Marianni Mata, Venesuela milliy gvardiyasi vakili Edgar Kolina Reyyes va Rossiyaning Karakasdagi diplomatik vakolatxonasi vakillari kutib olishgan.   

Nashrga ko‘ra, An-124 harbiy-transport va Il-62 yo‘lovchi samolyotlari Karakasga Moskvadan Suriya orqali uchib kelgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi va TIV Venesueladagi harbiylar haqida rasmiy ma'lumot bermadi.

RIA Novosti agentligi Karakasdagi diplomatik manbasiga asoslangan holda xabar berishicha, harbiylar harbiy-texnik hamkorlik masalalarini muhokama qilish, shuningdek, mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun kelishgan. Uning qayd etishicha, Venesuela va Rossiya o‘rtasida bir necha yil muqaddam harbiy sohada bir necha shartnoma tuzilgan va rossiyaliklar tashrifida «hayron qolarli jihat yo‘q».

«Ikki tomonlama maslahatlashuvlar uchun kelishdi. [...] Rossiyada (Venesuela bilan) qator bitimlar bor, ular ijro bosqichida, shu jumladan harbiy-texnik hamkorlik bo‘yicha», - degan u.

Venesuelada og‘ir siyosiy inqiroz davom etmoqda. AQSh va boshqa ko‘plab G‘arb davlatlari amaldagi prezident Nikolas Maduroni tan olishmayapti va yanvar oyida o‘zini muvaqqat prezident deb e'lon qilgan muxolifat yetchakchisi Xuan Guaydoni qo‘llab-quvvatlashmoqda.

Mart oyida Nikolas Maduro PDVSA davlat neft kompaniyasining Lissabondagi bo‘limlarini Moskvaga ko‘chirdi. Rasmiy Moskva oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmonlar yetkazib berishni, shuningdek, neft qazib olishda yordam ko‘rsatishni va'da qildi.

Venesuela iqtisodiyoti qatorasiga oltinchi yil qulash jarayonini boshdan kechirmoqda. Mamlakatda inflatsiya million foizga oshgan va Venesuela o‘tgan yili bu ko‘rsatkich bo‘yicha 1920-yillardagi Veymar respublikasi va 2000-yillardagi Zimbabve bilan bir xil natija qayd etdi.

2018 yilning dekabrida Rossiya Venesuelaga Tu-160 rusumli ikkita strategik raketa tashuvchilarini yo‘llagandi. Yanvar oyi boshida Venesueladagi inqiroz sharoitida «Vagner» guruhi harbiylari Nikolas Maduro himoyasi uchun yetib kelgani haqida xabarlar tarqaldi. Bundan tashqari, yanvar oyida Karakasga rossiyaliklarning bir necha samolyotlari uchdi — tasdiqlanmagan ma'lumotlarga ko‘ra, bu samolyotlar Venesuela hukumatiga oltin zaxiralarini sotishda yordam bergan.

Mavzuga oid