Fan-texnika | 20:00 / 26.03.2019
21997
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik opa-singil Daun sindromi bo‘lgan bolalar uchun mobil ilova ishlab chiqdi

O‘zbekistonlik opa-singil "quyosh-bolalar" uchun mobil ilova ishlab chiqdi, deya xabar beradi BMT axborot xizmati.

17 yoshli Sevinch va uning opasi Nastarin har yili BMT Taraqqiyot dasturi qo‘llab-quvvatlashi ostida O‘zbekistonda xotin-qizlar uchun Technovation texnologik tanlovi o‘tkazilishi haqida eshitishlari bilan unda ishtirok etishga qaror qilishdi. Zero, bu vaqtga kelib ularda mobil telefonlar uchun ilova ishlab chiqish g‘oyasi bor edi.

Nastarin va uning ukasi Ahmadjon
Foto: BMT axborot xizmati

Yetti yil ilgari Mahmudovlar oilasida Daun sindromi bo‘lgan o‘g‘il bola dunyoga keldi.

"Ukamiz tug‘ilganida bu diagnoz haqida yetarlicha ma'lumotga ega emas edik. Ota-onam shok holatiga tushishgandi. Ularning tushkunlikni yengib o‘tishlari juda qiyin kechdi. Jamoatchilik fikri ham yordam bermadi", - deya eslaydi 18 yoshli Nastarin.

Opa-singil deyarli butun bo‘sh vaqtini Ahmadjon bilan birga o‘tkazishadi, unga dars qilishga yordam berishadi, u bilan o‘yinlar o‘ynashadi va quvontirishadi. Qizlar Technovation loyihasi doirasida Daun sindromi bo‘lgan bolalar uchun «Sun Child», ya'ni «Quyosh-bola» mobil ilovasini ishlab chiqishdi.

U bolaning rivojlanishini amerikalik professorlar tomonidan ishlab chiqilgan, sindrom haqida muhim ma'lumotni jamlagan, shu yo‘nalishga ixtisoslashgan malakali shifokorlarni topishga yordam beruvchi metodika bo‘yicha kuzatishga ko‘mak beradi.

Technovation tanlovi ishtirokchilari nafaqat ilova ishlab chiqishni, balki biznes-reja tayyorlash va mavjud g‘oyani bozorda ilgari surishni ham o‘rgatadi.

Nastarin va Sevinch
Foto: BMT axborot xizmati

"Tadbir juda qiziq o‘tdi. Men o‘zimda kutilmagan iste'dodni kashf qildim. Kelgusida albatta o‘z biznesimni ochaman", - dedi Nastarin.

Mavzuga oid