Sport | 17:40 / 27.03.2019
13874
2 daqiqa o‘qiladi

«Shapekoense» samolyoti halokatida omon qolgan jurnalist futbol maydonida jon berdi

2016 yilda Braziliyaning «Shapekoense» futbol klubi a'zolari bilan sodir bo‘lgan aviahalokatdan omon qolgan sport jurnalisti Rafael Henzel kecha, 26 mart kuni 45 yoshida olamdan o‘tdi.

Reuters xabariga ko‘ra, Henzel Shapekoda do‘stlari bilan futbol o‘ynayotgan vaqtda ro‘y bergan yurak huruji oqibatida vafot etgan. Voqea joyiga yetib kelgan shifokorlar uning hayotini saqlab qola olishmagan.

«Shapekoense» jurnalistning vafoti munosabati bilan ta'ziya izhor qilgan. Unda Rafael aviahalokatdan keyin yangilangan klubning ramziga aylanib qolgani va klub tarixidan abadiy joy olgani ta'kidlanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2016 yilning 28 noyabrida «Shapekoense» a'zolari joy olgan samolyot Kolumbiyaning Medelin provinsiyasi hududida halokatga uchragan edi. Hodisa oqibatida layner bortidagi 77 kishidan 71 nafari, jumladan klubning 19 futbolchisi halok bo‘lgandi. Omon qolgan 6 nafar inson – «Shapekoense»ning uch nafar futbolchisi va ekipajning ikki a'zosi qatorida jurnalist Rafael Henzel ham bor edi. Jamoa Kolumbiyaning «Atletiko Nasonal» klubiga qarshi Kopa Sudamerikananing final o‘yini uchun yo‘l olgandi.

Tergov xulosasiga ko‘ra, samolyot halokatiga yoqilg‘i yetishmasligi sabab bo‘lgan.

Mavzuga oid