Jahon | 10:30 / 28.03.2019
10561
3 daqiqa o‘qiladi

O‘rta Yer dengizidagi migrantlar o‘zlarini qutqargan tankerni garovga olishdi

AFP/GETTY IMAGES

Migrantlar guruhi Liviya qirg‘oqlari yaqinida o‘zlarini qutqarib, o‘z bortiga olgan neft tankerini egallab olib, ekipaj a'zolariga kemani Maltaga haydashni buyurishgan. Bu haqda Italiya bosh vaziri o‘rinbosari Matteo Salvini ma'lum qilgan. U bu migrantlarni qaroqchilar deb atagan.

Liviya poytaxti Tripolidan 6 km masofada turgan kema birdan kursni o‘zgartirib, shimolga yo‘l olgan. Malta hukumati vakillariga ko‘ra, tanker orolga katta tezlikda yaqinlashib kelgan.

Ma'lum bo‘lishicha, Liviyadan bo‘lgan 100ga yaqin kishi «El Hiblu-1» tankeridagilar o‘zlarini vatanga qaytarib yubormoqchi bo‘lganidan keyin, uni garovga olishgan. Maltiyalik harbiylar garovga olingan tankerni davlat hududiy suvlariga kiritmasligini bildirgan.

«Shimol ligasi» nomli o‘nglar partiyasi yetakchilaridan biri bo‘lmish Salvini «migrantlar Italiyani faqat durbin orqali ko‘rishi mumkinligi»ni aytgan.

Har yili O‘rta Yer dengizida Afrika davlatlaridan qayiqlarda Yevropaga yetib olish ilinjida bo‘lgan ko‘plab kishilar halok bo‘ladi. O‘tgan yilning sentyabrida Yevropa Ittifoqi O‘rta Yer dengizi orqali kontrabanda va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashuvchi «Sofiya» operatsiyasining dengizdagi qismini vaqtinchalik to‘xtatgandi.

«Sofiya» operatsiyasi 2015 yilda yo‘lga qo‘yilgan. O‘sha yili O‘rta Yer dengizi orqali Yevropaga yetib olmoqchi bo‘lganlarning 3700 nafardan ortig‘i dengizda halokatga uchragandi. 2018 yilning sentyabrida operatsiyaning mandati tugadi, Italiya operatsiyani shu shaklda davom ettirishga qarshi chiqdi, bunga dengizda qutqarilgan muhojirlarning barchasi Italiya hududiga joylashtirilishi sabab bo‘ldi.

YeI a'zolari, jumladan Italiya operatsiyani davom ettirishga rozi, ammo endi dengizdagi navbatchilik tugatilib, havo orqali kuzatuvlar yo‘lga qo‘yiladi.

Liviya qirg‘oqlari yaqinida bortiga 100ga yaqin migrantni olgan «El Hiblu-1» tankerining keyingi holati hozircha ma'lum emas.

MaltaToday xabariga ko‘ra, Malta hukumati vakillari kemaning harakatini diqqat bilan kuzatib bormoqda.

Orol davlat hukumati «voqealarning har qanday rivoji»ga tayyor holatda.

Mavzuga oid