Jamiyat | 14:13 / 31.03.2019
58200
4 daqiqa o‘qiladi

Quvalik 3 egizakni boqishning o‘ziga xos mashaqqatlari. Ularga hech qanday ko‘mak berilmaydimi?

Kun.uz tahririyatiga navbatdagi murojaat qiziq mavzuda yo‘llangan edi. Bu murojaat na bir dolzarb muammoga va na xayriyaga o‘xshardi.

Murojaat mazmuni yosh oilada tug‘ilgan 3 egizak haqida edi. Keyingi vaqtlarda OAVda respublikamizning ko‘plab mintaqalarida tug‘ilgan 3 egizaklar haqida tez-tez xabarlar berilmoqda. Kimgadir «Spark» berilsa, yana biri boshqacha izzatda. Quvalik bu oilaga esa moddiy yordam puli ham yo‘q ekan..

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

«2018 yil 19 oktyabrda 3 egizak farzandli bo‘ldik. Ismlarini Iqboljon, Islomjon va Imronjon deb qo‘ydik. Parvarish qilishning o‘ziga yarasha mashaqqati ham bo‘lar ekan. Bir oylik bo‘lishgandan so‘ng, sun'iy ovqatlanishga o‘tishga majbur bo‘ldik. Kuniga 10taga yaqin taglik (pampers) ishlatamiz. Ikkinchi farzandim injiqroq, beshikka yotmaydi. Yuragida nuqsoni bor. Hozir poroshogi bor. Shuni ichadi. Bahordan apparatga tushirish kerak ekan. Bir marta apparatga tushirish ham 200 ming so‘m pul bo‘ladi. Yordam so‘rab ko‘rdik. Mahalla fuqarolar yig‘inidan xabar olgani hech kim kelmadi. Bolalar pulidan yordam qilaylik deyishmadi. O‘zimiz kutdik. Mezonga tushmayapsizlar deyishdi. Xalq qabulxonasiga ham bordik. Foydasi bo‘lmadi. Xo‘jayinim oddiy ishchi, mebel sexida ishlaydi. U kishi ham qiynalib ketdi. Kechqurunlari ham ishlab kelyapti. Suyunchi puli yaqinda chiqdi. Bolalarim 4 oylik bo‘lishdi. Shuncha harakat qildik. Hokimiyatga ham bordik. Hokim bilan uchrashishga qo‘yishmadi», deydi 3 chaqaloqning onasi Odinaxon Jumayeva.

Odinaxon Jumayeva

Mahalla mas'ul kotibi Ikromjon Mannopjonovdan vaziyatni oydinlashtirmoqchi bo‘ldik.

«Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 15 fevraldagi 44-sonli qarorining Nizomiga asosan ish olib borilgan. Bularda belgilangan mezonga mos emas, xonadonlarida «Matiz» rusumli avtomobil bor. Bu moddiy boylikka kiradi. Yordam qilmoqchi bo‘ldik. Lekin, ularning daromadlari belgilangan miqdordan oshib ketdi. Hech qayerda ishlamaganlarga eng kam oylik ish haqining ikki barobari miqdorida oylik belgilanadi. Bu miqdorda belgilangan mezondan oshib ketib baholanadi va nafaqa rad etiladi», deydi mas'ul kotib.

Mahalla mas'ul kotibi Ikromjon Mannopjonov

Qiziq holat. Biror joyda ishlasangiz, yo‘q deganda 1 million so‘m miqdorda oylik olasiz – bu mezondan yuqori degani. Xo‘p, buni tushunamiz. Bu holda bolalarga moddiy yordam berish rad etiladi. Agar hech qayerda ishlamasangiz, unda sizning daromadingiz eng kam oylik ish haqining ikki barobarida hisoblanadi. Bu ham mezondan baland deb olinar ekan.

Xo‘sh, o‘z-o‘zidan bir savol tug‘iladi. Unda kim oladi bu pulni? Ishlasang, ishlashing pesh qilinsa, ishlamasang bunday hisob-kitob. Qonunchilikda bu masalaga bir tanqidiy yondashib chiqilsa foydadan xoli bo‘lmas edi. Natijada shunday oilalarga oz bo‘lsa ham madad bo‘larmidi?

Muxbir - Bahodir Ahmedov
Tasvirchi - Muhammadjon G‘aniyev

Mavzuga oid