Jamiyat | 17:33 / 01.04.2019
19009
12 daqiqa o‘qiladi

«Hozir bu yerda hech narsa yo‘q». Yozyovonliklarni qiynayotgan muammolar

Yaqin ikki yil ichida tibbiyot va ta'lim sohasidagi holat ko‘p tanqid qilindi. Muammolar oshkora aytilishi va o‘tkazilgan islohotlar natijasida o‘zgarishlar ham bo‘ldi. Biroq barcha o‘zgarishlar ham ijobiy tomonga bo‘ldimi? Kun.uz ijodiy guruhi vodiyga safari chog‘ida Farg‘ona viloyati Yozyovon tumani Toshhovuz MFYda bo‘ldi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Bu yerdagi muammolar yaqin tarixda paydo bo‘lgan.

O‘zbekiston Prezidentining 2017 yilning 29 mart kungi 2857-sonli «O‘zbekiston Respublikasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingandi. Ushbu qarorga asosan, respublikaning turli chekkalarida qishloq vrachlik punktlari negizida qishloq oilaviy poliklinikalar tashkil etilishi belgilangan edi.

Murojaatchilarning e'tirozlari tibbiy xizmat va ta'lim masalasida ekan.

Ko‘chirilgan qishloq vrachlik punkti

«Qishloq vrachlik punkti qurilganida qishlog‘imizdagilarning quvonchi cheksiz bo‘lgandi. Lekin yaqinda bu muassasadagi tibbiy xodimlar Soybo‘yidagi oilaviy poliklinaga o‘tib ketishdi. Bu yangi joygacha masofa shu yerning o‘zidan 3-4 km chiqadi. To‘g‘ri, mashinada unchalik uzoq vaqt talab qilmas, ammo, kasal odamga bu masofa uzoqlik qiladi-da. Masalan men 74 yoshdaman. Uch kasalim bor: qandli diabet, qon bosimi va kardionevroz (vahima kasal). Ilgari hamma imkoniyatlar bor edi. Mazam qochsa darrov chiqardim, yordam berishardi. Hozir-chi?..», deydi Ahmadjon Ismoilov.

«Avvallari bu joyda xalqqa xizmat qoniqarli darajada bo‘lgan. Hozir bu joyda hech qanaqa sharoit yo‘q. Asbob-uskunalarning ko‘pini ko‘chirib olib ketishgan. Qon bosimimizni o‘lchash uchun ham yangi joyga borishimiz kerak. Shoshilinch yordam kerak bo‘lsa o‘zingiz o‘ylayvering. Bu punkt o‘zi yaqinda tushgan edi. Davlatimizning ozmuncha mablag‘i ketmagandi bu joyga», deydi kuyunib Usmonalixon Musayev.

Usmonalixon Musayev

«Oldin bu punktning laboratoriyasi, elektrofarez, sham qo‘yish kabi imkoniyatlar bo‘lgan. Hozir hech narsa yo‘q. Bitta kushetka turibdi. Xonalar juda sovuq. Issiqlik tizimi umuman ishlamaydi. Kelganingizda hamshira topsangiz, omadingiz. Topa olmasangiz 4 km uzoqlikdagi poliklinikaga borish kerak. Biz so‘raydigan narsa – laboratoriyamiz qaytsa, homilador ayollarga tibbiy xizmat yo‘lga qo‘yilsa, yotib davolanadigan keksalarimizga sharoit qilib berilsa», deydi Kamoliddin Boltaboyev.

«Biz poliklinikaga borsak, «qishloq vrachlik punktidan kartangni olib kel» deydi. Bu yerdan kartani olib, yana qaytib borishga to‘g‘ri keladi. Kasal odam sarson bo‘ladi. Boshqa joylarga borsak, sening hududing boshqa deydi. Qabul qilmaydi», deydi Isoqjon Yusupov.

«Balki bu muammo kichik ko‘rinar. Lekin, bu punkt 10 ming aholiga xizmat ko‘rsatadi. Nafaqat, Toshhovuz MFY, yonimizdagi Beruniy va Ittifoq MFY aholisi ham shu joydan foydalanadi. Ular ham shu yerga kelib tibbiy yordam olishardi. Ularga endi bu poliklinika 8 km bo‘lib ketadi. Bu ishlar prezidentimiz tomonidan tibbiy xizmatni rivojlantirish maqsadida tashkil qilingandi. Bizda shuning aksi bo‘lmoqda. Tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasi pasayib ketdi. Odamlarga hozir juda qiyinlik qilmoqda. Ularda tibbiy xizmatdan qoniqish yo‘q. Ichida o‘zining dorixonasi ham bor edi. Hozir hech narsa yo‘q. Bitta aspirin uchun uzoqlarga borishimiz kerak», deydi mahalla raisi Muhammadamin Tojiboyev.

Muhammadamin Tojiboyev

«Bu yerda eng yomoni, muxbir uka, homilador ayollar qornini katta qilib o‘sha poliklinikaga boradi. Bu yerda 10 ming odam bo‘lsa, boringki shuning 3 mingga yaqini o‘sha joyga o‘tadi. Juda qiyin sharoitga qo‘ygan o‘sha joyni», deydi mo‘ysafid shikoyatchi Keldivoy Uzaqov.

Murojaatchilarni tinglagandan so‘ng, «bazo‘r faoliyat yuritmoqda» deya ta'kidlanayotgan qishloq vrachlik punktiga kirdik. Bu yerda punktning bosh vrachi Omonulla Rahmonov bilan ko‘rishdik.

Omonulla Rahmonov

Muammo haqida tibbiyot mutaxassisi shunday ta'kidladi: «Bizda doya bilan laboratoriya haftada bir kun bo‘ladi. Bemor bo‘lib qolsa poliklinikaga o‘tiladi. Avvallari tumanda yo‘q apparatlar bor edi. Hamma sharoit mavjud edi. Fizioterapiya o‘tkazar edik. Ma'lum qismini olib ketishdi. Bir qismi o‘zimizda turibdi. Bularni ishlatadigan xodim uchun shtat yo‘q. Oldin 9 ming, salkam 10 ming aholi bo‘lgan. Hozir endi aholi sarson. Xonalar sovuq. Ko‘mirni ham yaqindan berishni boshlashdi. Kasal davolanaman deb keladi. Bu yerda aksincha sovuqda reaksiya berib bemorning ahvoli yanada og‘irlashadi».

Filial rahbari avval apparatlar bo‘lgan xonalarni ko‘rsatdi. Hozir bu xonalar huvillab qolgan.

Maktabdagi muammo

Qishloq mo‘ysafidlari yana bir muammoga e'tiborimizni tortishdi. Bu shu kunlardagi ko‘p qishloqlarda uchraydigan kamchilik edi. Bu maktabdagi o‘quvchi sig‘imidir. Hozirgi kunda ushbu muammo bilan mamlakatning turli nuqtalarida to‘qnash kelish mumkin. Bu masalani ham o‘rganib ketish uchun qishloqdagi 34-umumta'lim maktabiga kirdik.

Murojaatchilarning ma'lum qilishicha, ushbu maktab ko‘p yillardan buyon aholiga sifatli xizmat ko‘rsatib kelgan. Maktabda kerakli sharoitlar bo‘lgan. Biroq, aholi o‘sish sur'atlari yuqori bo‘lgan zamonda bu kichik maktab qishloq aholisi talablarini qondira olmay qolgan. Ustiga ustak, bu hududda yangi qishloqlar paydo bo‘lib, turli joylardan odamlar bu hududga ko‘chib kelishi avj olayotgan ekan.

Maktab vakillari bilan suhbatlashdik.

Avazbek Qodirov

«Bu maktab yangi ochilganda 34-maktab bo‘lib ochilgan. 5-maktabdan 6-sinfga o‘tganmiz. Maktabimizda 17ta sinf uchun 8ta xona bor. Bizda o‘quvchilarga xona yetishmaydi. Darslar ish vaqtidan ancha kech tugaydi. O‘quvchilar kechikishi bor. Tok o‘chishi bor. Ota-onalar tomonidan e'tirozlar tufayli ko‘p nizolar bo‘lyapti. Murojaatlar ko‘p tushdi. 2017 yildan beri mojarolar davom etib kelmoqda. O‘tgan yili ariza berganmiz. 2019 yilgi dasturga aniq kiritilishi kerak deyishgandi», deydi maktab kuzatuv kengashi kotibi Avazbek Qodirov.

«Maktabimiz 210 o‘rinli, hozirda 407 nafar o‘quvchi ta'lim olmoqda. 9ta sinf birinchi smenada, 8ta sinf ikkinchi smenada ta'lim olmoqda. O‘rtadagi muammoni «tepadagilarga» bir necha marta aytganmiz. Rejaga ko‘ra 2019 yilda bo‘lishi kerak edi. Boshqa zarurroq joylar chiqib qoldi, shekilli», deydi boshi qotgan maktab direktori Ilhomjon Matqosimov.

Mutasaddilarda nima gap?

Muammolarni eshitdik. Endi rahbarlardan ham ikki og‘iz so‘z olishga qaror qildik va tuman markaziga oshiqdik. Avvalo, asosiy muammo sanalmish tibbiy xizmat yuzasidan tuman tibbiyot birlashmasining «kutilmagan mehmoni» bo‘ldik. Tashkilotda ambulatoriya xizmati bo‘yicha bosh shifokor o‘rinbosari Olimjon Turdiyev bilan uchrashdik.

Olimjon Turdiyev

«Tumanimizda oldin 12ta QVP mavjud bo‘lgan. Prezidentimizning 2857-sonli qaroriga asosan optimallashtirish masalalari ko‘rilgan. Qaror ijrosini ta'minlash maqsadida 4ta oilaviy poliklinika, 2ta qishloq vrachlik punktiga aylantirilib, bittasi tugatilgan. Bundan tashqari, 5ta xizmat uylari tashkil etilgan. Bulardan bittasi Toshhovuz uy-joy xizmati uyi edi. Aholining shikoyatlari sabab, tibbiy xizmat ko‘rsatish filialiga aylandi. Vrachlar ham grafik asosda ishlashadi. Homilador ayollarga, bolalarga, imtiyozli bemorlarga o‘sha joyning o‘zida xizmat ko‘rsatiladi. Faqat hujjatlari oilaviy poliklinika mudiri muhri orqali xizmat ko‘rsatiladi. 2018 yil noyabrda Vazirlar Mahkamasiga bosh shifokorlar chaqirilgan. Yana QVPga qaytarish ishlari bo‘yicha takliflar berilgan. Viloyatda ham taklifimizni berdik. Kunduzgi shifokorlar qaytadigan bo‘lyapti. Fizioterapiya ishlari yana ko‘rilmoqda. Shtatlar ham ko‘tariladigan bo‘lmoqda. Doya va laboratoriya ishlari bo‘yicha haftada 3 kun boradi. U yerdagi muammolardan biri – qorovul yo‘q. Moliya bilan kelishib o‘t yoquvchi, ko‘mir bo‘yicha limitlar tashkil qildik. Homiladorlik mavzusida aytadigan bo‘lsak, bu fiziologik normal holat. U qanchalik normal ekan, u kishi ko‘proq harakat qilishi kerak. Bizning xalqimizda esa, homiladorlikni kasal bo‘lgandek qabul qilishadi. Oilaviy poliklinikaga borishadi, ro‘yxatdan o‘tishadi. Lekin, aytganimdek filialni QVPga aylantirish uchun 7 oy oldin masalani ko‘targanmiz. Yaqinda tibbiyot konsepsiyasi tuzilishi aytilmoqda. Sohada qog‘ozbozlik hali ham mavjud deb ta'kidlanmoqda», deydi bosh shifokor o‘rinbosari.

Shundan so‘ng, tuman xalq ta'limi markazi tomon yo‘l oldik. Tashkilotga yetib borgan vaqtimizda rahbar bilan uchrashdik va muammo haqida aytgandik, masala yuzasidan rahbarning ham ancha gaplari yig‘ilib qolgan ekan.

«Qani endi maktabda bolalar uchun yetarli joy bo‘lsa, bizga ham yaxshi-ku? Ikki smenada o‘qisa, yosh bolalarga yoz vaqtlarda bilinmaydi. Lekin qishda darrov qorong‘i tushib qoladi. Biz tomonimizdan takliflar berilgan. 34-sonli maktab yuzasidan ham dasturga taklif berganmiz. Muhimlik darajasi bo‘yicha 9 ball etib belgilangan. Bundan tashqari, nuqson dalolatnomasi 22-maktab, 24-maktab va 4-maktabga ham xuddi o‘sha 120 o‘rinli bino va sportzal zarur deya nuqson dalolatnomasi tuzganmiz. Muammo bor. Ikki smenada to‘liq o‘qitilyapti. Niyat qilyapmiz, 2020 yilgi dasturga kiritiladi», deydi bo‘lim rahbari.

Qishloqdagi tibbiy xizmat va ta'lim sohasidagi muammolar masalasida mutasaddilar bilan suhbatlashib shuni bildikki, masala tuman darajasida hal bo‘lmaydi. Ular o‘z takliflarini berishgan. Yuqori turuvchi tashkilot rahbarlari qachon bu qishloqqa e'tibor qaratishsa, 10 ming kishilik qishloq sifatli tibbiy xizmatdan yana foydalana boshlashi va maktab bolalari uylariga o‘z vaqtida qaytishi mumkin bo‘lar ekan.

Bahodir Ahmedov

Mavzuga oid