Sport | 19:14 / 01.04.2019
16167
8 daqiqa o‘qiladi

Poytaxtdagi «kavkazcha derbi», to‘purarlikni boshlab yuborgan Guja, saltosi bilan qaytgan Server. Superliga 2-tur yakunlari

31 mart kuni Superligada 2-tur o‘yinlari yakunlandi. Kichik tanaffusdan so‘ng davom  ettirilgan chempionatning ikkinchi turi qiziqarli kechdi. Toshkent va vodiyda derbilar qiziqarli kechdi. «Nasaf», «Metallurg», «Lokomotiv» va «Surxon» mavsumdagi ilk g‘alabalarii qo‘lga kiritishdi. Server Jeparov yana O‘zbekiston chempionatida gol urganini ham ta'kidlash kerak. Quyida 2-turning qiziqarli voqealarini eslaymiz.

«Kavkazcha poxtaxt derbisi»ni yutgan «Paxtakor» Toshkentni «o‘ziniki qilishda» davom etadi

Turning markaziy bahsi Toshkentda o‘tkazildi. «Paxtakor» stadionida «Bunyodkor» rasmiy mezbon sifatida stadion egasi «Paxtakor» bilan o‘ynadi. Bu o‘yinga bejizga «kavkazcha derbi» deb nom bermadik. Chunki jamoalardan birini gruzin, birini arman millatiga mansub murabbiylar boshqarishini bilasiz. Ikki kuchli murabbiyning jamoalari chiroyli o‘yin bilan muxlislarni xursand qilishdi.

Bu bahsda «Paxtakor»ning yaqqol ustunlik qilishi kutilgandi, biroq yosh futbolchilardan iborat «Bunyodkor» kuchli raqibiga yaxshi qarshilik ko‘rsatdi. «Qaldirg‘ochlar» Abramov yoqtiradigan to‘pni nazorat qilishga asoslangan uslubda o‘ynashga intilib, chiroyli o‘yin ko‘rsatishdi. Shota Arveladze o‘yindan keyin avvalo raqibning chiroyli o‘yinini maqtagani ham bejizga emas.

«Paxtakor» hamshahari jiddiy qarshilik qilgan bo‘lsa-da, salobat bilan g‘alaba qozondi. Doston Hamdamovning golidan so‘ng hisob kattalashib ketgani kutilgandi, ammo «Bunyodkor» burchak to‘pidan so‘ng hisobni tenglashtirdi. Sherzod A'zamov va Marko Simichning yo‘qligi sabab Arveladze markazda Vladimir Kozakni o‘ynatdi. Markazda sof markaziy o‘yinchining yo‘qligi sabab «Paxtakor» burchak zarbasidan so‘ng gol o‘tkazib yubordi. Umidli futbolchilardan biri Mirjahon Mirahmadov mamlakatning ayni damdagi eng kuchli jamoasiga gol urganini ta'kidlasa bo‘ladi.

«Paxtakor» hisob durang bo‘lgach, yana bosimni oshirdi va g‘alaba golini urdi. Hal qiluvchi golda Jaloliddin Masharipov va Dragan Cheran katta sahnaga chiqishdi. Jalol yana super to‘p uzatishni amalga oshirdi, Cheran esa bosh bilan to‘pni darvozaga joylab qo‘ydi. Shu tariqa birinchi turda «Lokomotiv»ni mag‘lub etgan «Paxtakor» ikkinchi turda yana bir derbida «Bunyodkor»ni taslim qilib, Toshkentni «o‘ziniki qilishda» davom etdi.

Guja to‘purarlikni boshlab yubordi

2-turning ochilish o‘yini Navoiyda o‘tkazildi. Mahalliy «Qizilqum» o‘z maydonida OKMKni qabul qildi. Bu bahsda O‘zbekiston Kubogining amaldagi sohibi OKMKning imkoniyatlari yuqoriroq deb qaralayotgandi, chunki olmaliqliklar Mirjalol Qosimov murabbiyligida Osiyo Chempionlar Ligasi saralashida ham tajriba orttirishgandi. Biroq OChL saralashidagi va O‘zbekiston Superkubogi uchun o‘yindagi mag‘lubiyatlar Qosimov jamoasining kayfiyatiga hamon salbiy ta'sir qilishda davom etayotgan ko‘rinadi.

Bu o‘yinda «Qizilqum» chiroyli o‘yin ko‘rsatib, g‘alaba qozondi. Navoiyliklarning uchta goliga ham legionerlar mualliflik qilishdi. Shu kuni o‘zining «Qizilqum» safidagi debyutini o‘tkazgan nikaragualik Medina Smit jamoasining birinchi golini urib, yana bir golga assistentlik qildi. «Qizilqum»ning ikkita golini jamoaning o‘tgan yildagi eng yaxshi to‘purari gruziyalik Elguja Grigalashvilli urdi. Guja (muxlislar uni shunday chaqirishadi) bitta golini jarima zarbasidan urdi. Gruziyalik futbolchi o‘tgan yil chempionatdagi ilk het-trik muallifi bo‘lgandi. Bu mavsumda esa Dragan Cherandan so‘ng ikkinchi bo‘lib dubl qayt etdi.

Server o‘zining saltosi bilan qaytdi

2-turda bir qator jamoalar mavsumdagi ilk g‘alabalarini qo‘lga kiritishdi. Ulardan biri «Metallurg» bo‘ldi. Bekobodliklar «Buxoro»ni mag‘lub etgan o‘yinda gollardan birini Server Jeparov urdi. Osiyoning ikki karra eng yaxshi futbolchisi «Lokomotiv»dan ketgach, boshqa chempionatlarda o‘ynab, yana O‘zbekistonga qaytdi. Ektor Kuper mustaqillik davridagi futbolimizning eng yaxshi vakillaridan biri bo‘lgan Jeparovni biror marta yig‘inga bo‘lsa ham chaqirmadi, lekin milliy jamoaning sobiq sardori terma jamoadan hali ketmoqchi emasligini aytdi. Bosh jamoamizga munosib ekanini isbotlash uchun Server boshlanishiga penaltidan gol urdi. Darvoqe, Server golini mashhur saltosi bilan nishonladi. Uning saltosini muxlislar sog‘inib qolishgandi...

«Nasaf» uchta gol urdi. Kenjaboyev Beylga «aylandi»

Birichni turni Samarqandda o‘tkazib, «Dinamo»ni yenga olmagan «Nasaf» 2-turda xato qilmadi va «So‘g‘diyona»ni mag‘lub etdi. Qarshiliklarning 3:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yaunlangan o‘yinda Islom Kenjaboyev ajoyib gol urdi. To‘pni maydon markazida qabul qilib olgan Kenjaboyev bir nechta futbolchini aldab o‘tdi va jarima maydonchasiga kirib bordi. «So‘g‘diyona» futbolchilarining e'tiborsizligi sabab darvozabon bilan yakkama-yakka chiqib ham bordi va gol urdi. Islomning bu goli Garet Beylning Mark Bartrani aldab, «Barselona»ga urgan golini eslatdi.

«Bunyodkor» fanatlari «Paxtakor»ga hurmat ko‘rsatishdi

«Paxtakor» - «Bunyodkor» o‘yinida «qaldirg‘ochlar» muxlislari namunali aksiyaga qo‘l urishdi. O‘yinning 79-daqiqasida «Bunyodkor» muxlislari «Paxtakor-79» abadiy qalbimizda», deb yozilgan banner ko‘tarib, bu bilan 1979 yil aviahalokatga uchragan «Paxtakor» futbolchilari xotirasiga hurmat bajo keltirishdi.

Hafta qahramoni – Elguja Grigalashvilli

O‘tgan turda hafta qahramoni «Paxtakor»ning serbiyalik legioneri Dragan Cheranni topgandik. Bu turda ham legionerlar o‘zlarini ko‘rsatishdi. «Qizilqum»ning gruziyalik legioneri Elguja Grigalashvilli OKMK bilan o‘yinda ikkita gol urdi. Ulardan birini jarimadan. Hamon yaxshi holatda ekanini isbotlagan Gujani haftaning eng yaxshi futbolchisi deb topdik.

Mavzuga oid