Jamiyat | 15:28 / 02.04.2019
66656
12 daqiqa o‘qiladi

Kechlikka mog‘orlagan non. «O‘zneftgazquduqta'mirlash» ishchilari og‘ir sharoitlarda ishlab, oylik olishmayapti

Kun.uz tahririyatiga «O‘zneftgazquduqta'mirlash» aksionerlik jamiyatining «Sho‘rtan» uchastkasida ishlovchi bir guruh ishchilaridan murojaat kelib tushdi.

«Biz izg‘irinli sovuq kunlarda ham, jazirama issiqda ham berilgan vazifalarni bajarish uchun astoydil harakat qilmoqdamiz. Ammo mehnatimiz rahbariyat tomonidan yetarlicha qadrlanmayapti. Uch-to‘rt oydan buyon oylik maoshlarimiz berilmayapti. Ovqat puli eng kam ish haqining bir baravari etib belgilangan, ammo yetmaydi. Uni ham vaqtida ololmaymiz. Og‘ir sharoitda yashab, ishlamoqdamiz. Bir oy davomida uyga bormasdan, yotib ishlaymiz. O‘n besh kunlik rejimga o‘tkazishini so‘rab, qilgan murojaatlarimiz ham e'tiborsiz qoldirilmoqda. Maxsus kiyimlarni bir necha yillardan buyon olmay kelyapmiz. Moddiy ahvolimiz juda og‘ir. Oilamiz ham bundan aziyat chekmoqda. Shu masalada yordam berishingizni so‘raymiz», – deyiladi murojaatda.

Ushbu murojaatni o‘rganish maqsadida korxonaning Qashqadaryo viloyati, G‘uzor tumanida joylashgan bir nechta obektlarida bo‘lib, ishchilarning yashash va ish sharoitlari bilan tanishdik. Ishchilar bilan suhbatlashib, ularning e'tirozlarini tingladik.

Dastlab, «O‘zneftgazquduqta'mirlash» aksionerlik jamiyatining «Sho‘rtan» uchastkasi, «Qoratepa 20-quduq» obektida ishlayotgan ishchilar bilan uchrashdik.

«Ishchilarning yashash sharoitini ko‘rib turibsiz. Sharoit og‘ir. Oyliklar o‘z vaqtida berilmaydi. Anchadan buyon oylik olmadik. Oxirgi marta dekabr oyi uchun maoshning bir qismi berilgan, to‘liq emas. Yanvar, fevral, mart oylari maoshlarini qachon olishimiz aniqmas. Bir yildan buyon shu ahvol. Ishchilarga maxsus kiyim berilishi kerak, ammo bir necha yillardan buyon berilgani yo‘q. Kuniga 12 soatdan ham ishlashadi, ishchilar yetishmaydi. Ammo tabel 8 soatdan to‘ldirilib, maosh yoziladi. Ovqat puli kam, ishchilar o‘z hisobidan ovqatlanishga majbur. O‘zingiz ularning yashash va ish sharoiti bilan tanishsangiz, bunga   guvoh bo‘lasiz», – deydi bizga hamrohlik qilgan «O‘zneftgazquduqta'mirlash» aksionerlik jamiyatining «Sho‘rtan» uchastkasi katta ustasi Gulmurod Donayev.

Ishchilar vagonlarda yashashar ekan. Ularning yashash sharoiti bilan tanishar ekanmiz, ahvol haqiqatan ham achinarli ekanligiga guvoh bo‘ldik. Yotoqxona va oshxona antisanitar holatda. Yong‘in xavfsizligi me'yorlariga amal qilinmagan.

Ayniqsa, yotoqxonadagi ko‘rpa-to‘shak (agar shunday deb atab bo‘lsa) abgor holatda, titilib, yirtilib ketgan. Bir oy davomida uyga bormasdan ishlashar ekan.

Ichimlik suvi ichi zanglab ketgan katta idishda saqlanadi. Sanitariya me'yorlariga umuman to‘g‘ri kelmaydi. Ammo ishchilar shu suvni ichishga majbur.

Ishchilarning kiyimlarini aytmasa ham bo‘ladi. Juda ham abgor holatda. Maxsus kiyimlar bir necha yillardan buyon berilmaydi.

Ajablanarlisi, oylik maoshlari vaqtida berilmasligidan noligan ishchilar oylik maoshlari oz-ozdan qismlarga bo‘lib berilgani tufayli yaxlit qanchaligini ham bilishmas ekan. Bu haqidagi savolimizga birorta ishchi aniq javob bera olmadi.

Shundan keyin «O‘zneftgazquduqta'mirlash» aksionerlik jamiyatining «Sho‘rtan» uchastkasi, «Qoratepa 12-quduq» obektida ishlayotgan ishchilarning yashash sharoitlari bilan tanishib, ular bilan suhbatlashdik.

Ushbu obektdagi ishchilarning ham yashash va ish sharoiti yuqoridagi obektdagidan farq qilmaydi. Ishchilarning e'tirozlari asosan oylik maoshlarini ololmayotganligi, rahbariyat ularga yetarlicha sharoit qilib bermaganligidan.

Ularning ham yotoqxonasi va oshxonasi antisanitar holatda. Bu yerda ham ko‘rpa-to‘shaklar achinarli ahvolda. Ovqatlanish masalasida juda ham qiynalishar ekan. Ovqat puli kam va vaqtida berilmaydi.

Shundan keyin G‘uzor tumanining olis qishlog‘ida joylashgan «O‘zneftgazquduqta'mirlash» aksionerlik jamiyatining «Sho‘rtan» uchastkasi, «Tandircha 45-quduq» obektiga yo‘l oldik. Qir va adir oralab uzoq yo‘l bosdik. Yo‘l-yo‘lakay birorta qishloq ko‘rinmaydi. Nihoyat, «Taxtam» qishlog‘i ko‘zga tashlandi. Qishloqdan o‘tib, yana bir oz yo‘l yurdik.

Atrofga tun qora pardasini tortayotgan vaqtda ushbu obektga yetib bordik. Ishchilar kechki ovqat uchun endigina yig‘ilishgan ekan. Ne ko‘z bilan ko‘raylikki, ishchilar mog‘orlagan bo‘lka non yeb o‘tirishardi. Ovqatini-ku, aytmasa ham bo‘ladi.

«Uzoq yo‘l. 100 kilometr naridan oziq-ovqat mahsulotlarini olib kelishimiz kerak. Har uch-to‘rt kunda borib kelishning iloji yo‘q. Oylik maoshni vaqtida ololmasak, ovqat puli kam bo‘lsa, yo‘lga pulni qayerdan olamiz? Shunday sharoitda bir oy yashaymiz. Ko‘rib turganingiz buxanka non 11 mart kuni olib kelingan. Tez eskiradi va mog‘orlaydi. Ilojimiz qancha, shu bilan kifoyalanishga majburmiz. Nonsiz qolib ketgan kunlarimiz ham bo‘ladi. Korxona rahbari yaqinda kelgandi. Sharoitni yaxshilash va oylikni so‘raganimizda, «Ishlasang shu, bo‘lmasa arizangni yozib ketaver», degan javobni eshitdik. Yashash sharoitimiz haqiqatan og‘ir. Yuvinish xonamizda hatto lampochka yo‘q. Yomg‘ir kunlari ham ishladik. Kiyimlarni quritishga joy yo‘q. Ertasiga yana ho‘l kiyimlarni kiyib ishlashga majburmiz. Maxsus kiyim berilishi kerak, ammo bir necha yillardan buyon olganimiz yo‘q. Topganimizni kiyib ishlayapmiz», – deydi ishchilar.

Bu obektdagi ishchilarning ham yashash sharoitlari bilan tanishdik. Yuqoridagi obektlarda ko‘rganlarimiz hali holva ekan, bu yerdagi ahvolga hatto maymunlar yig‘laydi.

Suratlarda Rossiyaning uzoq o‘rmonlarida yollanib ishlayotgan muhojirlar ahvoli emas. O‘zimizning yurtimizda oyligini ololmay, undan-da battar sharoitda ishlayotgan ishchilar ham yo‘q emas.

Ertasiga ishchilarning muammolari, e'tirozlari va og‘ir sharoitda ishlayotgani holatlari yuzasidan izoh so‘rash uchun «O‘zneftgazquduqta'mirlash» aksionerlik jamiyati ma'muriyati joylashgan Buxoro viloyati, Qorovulbozor tumaniga yo‘l oldik.

«O‘zneftgazquduqta'mirlash» aksionerlik jamiyati idorasiga kirib borganimizda jamiyat direktori Imom Magamedov ish joyida bo‘lsa-da, u bilan ko‘rishishning imkonini topolmadik.

«O‘zneftgazquduqta'mirlash» aksionerlik jamiyati direktorining umumiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Valeriy Nazaryan va boshqa mutasaddilar bilan ushbu holatlar yuzasidan suhbatlashdik.

«Haqiqatan bu borada bizda bir qator muammolar bor, xususan, oylik maoshlar borasida ham. Ammo bu bizga bog‘liq bo‘lmagan holatda yuzaga keldi. Xabaringiz bor, Prezidentning 2017 yil 27 iyuldagi qarori bilan Prezident huzuridagi loyiha boshqaruvi milliy agentligi faoliyati tashkil etildi. Biz buyurtma asosida ishlaymiz. Buyurtmachilarimiz loyihalari 5-6 oylab ushbu agentlik tomonidan o‘rganildi. Bu orada biz ular bilan shartnoma qilolmadik. Korxonamiz deyarli bankrot yoqasiga kelib qoldi. Faqat birgina chet el kompaniyasi bilan ishlab turdik. Iqtisodiy ahvolimiz juda og‘ir ahvolga kelib qoldi. Shuning uchun ishchilarning oylik maoshlarini berishda muammolar yuzaga keldi. Faqatgina joriy yil mart oyidan boshlab biz buyurtmachilarimiz bilan shartnoma imzolay boshladik. Buyurtmalarni bajarishni boshladik. Asta-sekin iqtisodiy ahvolimiz o‘nglanmoqda. Mablag‘ bo‘lsa, barcha muammolarni bosqichma-bosqich hal etamiz.

Ishchilarning yashash sharoiti og‘irligiga kelsak, bu ham iqtisodiy holat bilan bog‘liq. Ovqat pulini ham shu tufayli eng kam ish haqining ikki baravaridan bir baravariga tushirishga majbur bo‘lganmiz. Moliyaviy ahvolimiz o‘nglansa, yana oshiramiz. Avval bir tashkilot bilan ishchilarga ovqat tayyorlab, tarqatish uchun shartnoma tuzgan edik. Ovqat sifati va narxi bizni qoniqtirmagani uchun ular bilan hamkorlikni to‘xtatganmiz. Ovqat puli ishchilarning o‘zlariga berilyapti. Albatta, kam, ammo aytganimdek, moliyaviy holatimizga qarab kelgusida oshiramiz.

Ishchilar bir oy davomida obektning o‘zida yashab, ishlashadi. Bilasizmi, bizda asosiy muammo yoqilg‘idir. Ularni har o‘n besh kunda almashtirolmaymiz. Qolaversa, uzoq hududlarimizga ikki kunlik yo‘l. Misol uchun, Qoraqalpog‘istondagi hududlar. Ikki kun borish, ikki kun kelish, vaqt yo‘qotiladi. Shuning uchun bir oylik qilib belgilaganmiz. Bir oy ishlaydi, bir oy dam oladi.

Ishchilarga yangi ko‘rpa-to‘shak sotib olish arafasidamiz. Maxsus kiyimlarga kelsak, o‘tgan yili uzoq joylardagi obektlar ishchilariga berganmiz. Ammo haqiqatan ham kiyim bilan to‘liq ta'minlay olmaganmiz. Barcha obektlarda ham kiyimlarni quritishga sharoit yo‘qligini tan olamiz. Ichimlik suvini saqlashga sanitariya talablariga javob beradigan maxsus idishlar yetarli emasligi ham bor gap. Shu bois, suvni metall idishlarda saqlashga majburmiz. Haqiqatan ham vagonlarda siz aytgan holat. Hammasi iqtisodiy holatimizga bog‘liq. Asta-sekin yaxshilanyapti, demak, barcha muammolarni hal etamiz. Ikki-uch oydan keyin keling ishonmasangiz, ko‘rasiz, kamchiliklarni bartaraf etamiz», – deydi «O‘zneftgazquduqta'mirlash» aksionerlik jamiyati direktorining umumiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Valeriy Nazaryan.

«O‘zneftgazquduqta'mirlash» aksionerlik jamiyati bosh hisobchisi yordamchisi G‘ayrat Hamroyevning ta'kidlashicha, ayni vaqtda ishchilarga dekabr oyi uchun qarzlar to‘langan. Qolgan oylar uchun oylik maoshlarning to‘liq berilishi choralari ko‘riladi.

Ishchilar 12 soat ishlab, 8 soat uchun tabel to‘ldirishi yuzasidan «O‘zneftgazquduqta'mirlash» aksionerlik jamiyatining «Sho‘rtan» uchastkasi me'yorchisi, ya'ni tabel to‘ldirilishiga mas'ul xodimi Jahongir Ahmedov izoh berdi. Uning aytishicha, ishchilar 12 soat ishlaganda shu vaqt bo‘yicha tabel to‘ldirilgani va oylik maosh ham shu asosida hisoblanishini, bu borada ishchilar e'tirozlari noo‘rin ekanligini bildirdi.

Ma'lum bo‘lishicha, 12 soatlik ish rejimiga o‘tish uchastka boshlig‘i so‘rovi asosida «O‘zneftgazquduqta'mirlash» aksionerlik jamiyati direktori buyrug‘i bilan amalga oshirilar ekan.

Yuqoridagi holatlardan ko‘rinib turibdiki, «O‘zneftgazquduqta'mirlash» aksionerlik jamiyatida muammolar yetarlicha. Mutasaddilar buni inkor qilmagan holda iqtisodiy holat bilan bog‘lab, kelgusida mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga va'da berdi.

Kun.uz voqealar rivojini kuzatib boradi va bu mavzuga yana qaytadi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid