O‘zbekiston | 08:04 / 03.04.2019
27949
3 daqiqa o‘qiladi

Hukumat mobil aloqasiga ilk foydalanuvchilar ulandi

Foto: RIA Novosti/Ilya Pitalev

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Madaniyat vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va «O‘zavtosanoat» AJ xodimlari UMS’ning hukumat mobil aloqasiga ulandi, deb xabar bermoqda kompaniya.

Davlat xizmatchilarini ushbu aloqaga ulash ishlari davlat rahbarining 2018 yilning 13 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi davlat boshqaruviga raqamli iqtisodiyot, elektron hukumat hamda axborot tizimlarini joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni asosida amalga oshirilmoqda. Hukumat mobil aloqasini joriy qilish bo‘yicha mas'ul – O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligidir.

O‘tgan yili agentlik ushbu tizimni ishga tushirish, sinash va undan tajriba tariqasida foydalanish ishlarini amalga oshirdi. Xususan, 2018 yilning oxirida UMS kompaniyasi O‘zbekiston tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki xodimlarini hukumat mobil aloqasiga sinov tariqasida uladi.

Ushbu vaqt mobaynida tizimni to‘liq tijoriy foydalanishga topshirish uchun zaruriy uskunalar xarid qilindi. Davlat xizmatchilarini ulash uchun yillik abonent to‘loviga ega uchta imtiyozli tarif rejalari tayyorlandi. Ularni ishlab chiqishda davlat organlari xizmatchilarining qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish va mobil Internetdan foydalanishga bo‘lgan ehtiyojlari inobatga olindi, deyiladi xabarda.

1 apreldan boshlab Iqtisodiyot va sanoat, Madaniyat, Ichki ishlar vazirliklari, shuningdek, mamlakat avtosanoati vakillari hukumat mobil aloqasi foydalanuvchilariga aylanishdi. 

Keyinchalik davlat organlari, tashkilotlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalarining o‘z xizmat vazifalarini bajarishda tizimdan foydalanishi majburiy bo‘lgan xodimlari ro‘yxatiga kiruvchi boshqa davlat xizmatchilari ham ushbu aloqa bilan bosqichma-bosqich ta'minlanadi.

Maxsus hukumat mobil aloqasi foydalanuvchilarning maxfiyligi, tezkorligi, xavfsizligini ta'minlashga xizmat qiladi. Ularga telefon qo‘ng‘iroqlari, yuborilayotgan va olinayotgan ma'lumotlarni himoyalovchi, abonentlarning shaxsiy ma'lumotlari ochiqlanishidan saqlovchi yagona platformada xizmat ko‘rsatiladi. Bundan tashqari, telekommunikatsiya xizmatlariga sarflanadigan budjet mablag‘larining tejalishini ta'minlanadi. Amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar hajmini inobatga olgan holda tizim bosqichma-bosqich joriy qilinadi.

Mavzuga oid