Sport | 14:41 / 10.04.2019
10398
5 daqiqa o‘qiladi

Aguero – «Dreyk tavqi la'nati»ning navbatdagi qurboni

Foto: Instagram

Serxio Aguero va «Manchester Siti» klubi «Dreyk tavqi la'nati»dan jafo chekkan navbatdagi sport gigantlari bo‘ldi, deb yozmoqda Buyuk Britaniyaning The Sun tabloidi.

Argentinalik hujumchi Chempionlar Ligasi chorakfinalidan o‘rin olgan «Tottenhem»ga qarshi dastlabki o‘yinda penaltini aniq amalga oshirolmadi, Pep Gvardiola shogirdlari esa yakunda 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lishdi.

Aguero 10 mart kuni «Manchester Arena»da kanadalik qo‘shiqchi-reper Dreyk bilan uchrashib, selfi qilgan edi. The Sun nashrining yozishicha, futbolchi «Dreyk tavqi la'nati»ni yuqtirib olgan va shu tufayli mag‘lubiyatga uchragan.

Mashhur sportchilar reper bilan uchrashib, keyinchalik muhim bahslarni yutqazayotgani bir necha yillar davomida kuzatilmoqda. Shuning uchun ham bu holat «Dreyk tavqi la'nati» deb nom olgan.

Mart oyi o‘rtalarida «Borussiya» D yarimhimoyachisi Jyeydon Sancho ham Manchesterga borib, Dreyk bilan uchrashib, selfi qilgan edi. Natijada, futbolchi o‘tgan haftada «Dreyk tavqi la'nati»ning samarasini to‘lig‘icha his qildi – uning jamoasi «Bavariya»ga 0:5 hisobida yutqazdi.

Dreykning Buyuk Britaniya bo‘ylab konserti Londonga ko‘chganidan so‘ng, «Arsenal» hujumchisi Per-Emerik Obameyang u bilan uchrashib, suratga (yoki «tuzoqqa») tushdi. O‘tgan yakshanbada esa bu o‘z «mevasini berdi» - «qurolsozlar» «Everton»ga yutqazib, kuchli to‘rtlikka kirish imkoniyatini birmuncha pasaytirib yuborishdi.

«Dreyk tavqi la'nati» 2013 yildan beri davom etmoqda. Bu «tuzoqqa» «Liverpul» hujumchisi Daniel Starrij, Amerikaning «Kentukki Universiteti» va «Toronto Reptors» basketbol klublari, «Alabama Universiteti» amerikacha futbol jamoasi va hatto tennis yulduzi Serena Uilyams ham ilingan.

UFC jangchisi Konor MakGregor esa juda muhim bo‘lgan Xabib Nurmagomedovga qarshi jang oldidan «yovuz» Dreyk bilan uchrashish «baxtiga muyassar» bo‘lgan. Natija esa hammaga ma'lum – rossiyalik jangchi uni yaxshilab «do‘pposlagan» edi.

Fanatlardan biri Tvitterda «Messi qayerda?» deb hazillashib yozdi. U «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘yindan oldin «Barselona» futbolchilarining Dreyk bilan uchrashishini juda ham istayotganiga shama qildi.

Biroq, «Qizil iblislar»ning o‘zi allaqachon «la'nat»ni yuqtirib olishgan edi. 13 mart kuni Romelu Lukaku reper yulduzi bilan uchrashib, u bilan birga tushgan fotosuratini ijtimoiy tarmoqqa joyladi. Keyingi o‘yinda esa «Manchester Yunayted» «bo‘rilar»ga yutqazdi.

Yaqinda mashhur bokschi Entoni Joshua ham Dreyk bilan uchrashib, selfi qildi. Sportchi professional boksda 22ta jang o‘tkazib, hali biror marta yutqazmaganini inobatga oladigan bo‘lsak, uning muxlislari ham xavotirga tushib qolgan bo‘lsa ajab emas.

Dreykning barcha «qurbonlari»:
2013: «Toronto Reptors» basketbol klubi Dreykni o‘z elchisi qilib tayinladi va chempionatning hal qiluvchi o‘yinlarda yutqazdi
2014: «Kentukki» kollejlararo basketbol turniri finalida «Viskonsin»ga yutqazdi
2014: «Mayami Xit» NBA finalida «San-Antonio»ga 1:4 hisobida yutqazdi
2014: Deniyel Starrij va «Liverpul» APL chempionligi uchun kurashdan chiqib ketishdi
2015: Serena Uilyams AQSh ochiq chempionati yarimfinalida Roberta Vinchiga yutqazdi
2018: UFC chempioni Konor MakGregor rossiyalik Xabib Nurmagomedovga yutqazdi
2019: «Alabama» kollejlararo amerikacha futbol chempionatida «Klemson»ga yutqazdi
2019: Romelu Lukaku va «Manchester Yunayted» safarda «Vulverhempton»ga yutqazdi
2019: Jyeydon Sancho va «Borussiya» D safarda «Bavariya»ga yutqazdi
2019: Per-Emerik Obameyang «Arsenal» «Everton»ga yutqazganida zaxirada o‘tirdi
2019: Serxio Aguero penaltini golga aylantirolmadi, «Manchester Siti» esa «Tottenhem»ga yutqazdi.

Mavzuga oid