Jahon | 23:13 / 11.04.2019
7459
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Assanjning hibsga olinganidan bexabarligini aytdi

Foto: RIA Novosti / Sergey Guneyev

AQSh prezidenti Donald Tramp WikiLeaks tashkiloti va uning asoschisi Julian Assanjning hibsga olingani haqida hech narsa bilmasligini aytdi.

Avvalroq Assanj 2012 yildan beri yashirinib kelgan Ekvadorning Londondagi elchixonasi unga diplomatik boshpana berishdan voz kechishga qaror qilgan. Shundan keyin Britaniya politsiyasi Assanj hibsga olinganini ma'lum qilgan. 

AQSh adliya vazirligi Assanjni AQSh hukumatining maxfiy kompyuter tizimini buzib kirish maqsadida sobiq razvedkachi Chelsi Menning bilan til biriktirishda ayblamoqda.

“Men WikiLeaks haqida hech narsa bilmayman. Bu mening mavzuim emas”, deb izoh bergan vaziyatga Tramp. AQSh prezidentining ta'kidlashicha, u shuningdek Assanjning hibsga olinganidan ham bexabar. Tramp keyingi qadamlar bosh prokuror ixtiyorida ekanligini qo‘shimcha qilgan. 

“Menda hech qanday fikr yo‘q”, deb javob qilgan Tramp Assanjga AQShda bildirilgan ayblovlarga munosabati haqidagi savolga.

Ta'kidlanishicha, Tramp 2016 yilgi saylovoldi kampaniyasi vaqtida WikiLeaks faoliyatini ma'qullashini aytgan.

Mavzuga oid