Jahon | 00:02 / 12.04.2019
36966
14 daqiqa o‘qiladi

Amerikaning dushmani – Julian Assanj haqiqatgo‘y jurnalistmi, shuhratparast xakermi yo kiberqahramon?

Foto: Jack Taylor (Getty)

“O‘ta maxfiy ma'lumotlar” tarqatuvchi WikiLeaks sayti asoschisi Julian Assanj 7 yil umrini Ekvadorning Londondagi elchixonasida o‘tkazib, 11 aprel kuni bu panohgohidan mahrum bo‘ldi va hibsga olindi. Xo‘sh, u qaysi qilmishlari uchun panjara ortiga o‘tkazildi? Nega 2012 yildan buyon elchixonadan bir qadam ham chiqa olmay yashadi? U o‘zi kim?

Unga hamma har xil ta'rif beradi – kimlar uchundir u haqiqatgo‘y jurnalist, yana kimlar uchundir terrorchi, yana kimdir uni kiberqahramon deb ataydi.

Jurnalist korrupsiya va harbiy jinoyatlar bilan bog‘liq tafsilotlarni fosh etish orqali dunyoning eng qudratli davlatlarini xavotirga solgan. U AQShning dushmani deya e'lon qilingan va xalqaro qidiruvga berilgan.

11 aprel. Assanj Ekvadorning Londondagi elchixonasida hibsga olindi

Ko‘chish bilan o‘tgan bolalik

Julian Pol Assanj 1971 yil 3 iyulda Avstraliyaning Tausvill shahrida tug‘ilgan. Ota-onasi u dunyoga kelguniga qadar ajrashib ketishgan. Julian tug‘ilganidan so‘ng onasi ko‘chma teatr egasi Richard Brett Assanjga turmushga chiqadi.

Bo‘lajak fosh etuvchining bolaligi safarlarda o‘tadi. Assanjning o‘gay otasi faoliyati gastrollardan iborat bo‘lgani uchun ular tinmay u yerdan bu yerga ko‘chib yurishadi.

Assanj 9 yoshga to‘lganida onasi turmushidan ajrashadi va musiqachi Gamilton Leyf bilan turmush quradi. Ammo oilaning yangi boshlig‘i bolalarni qurbonlik qiluvchi sekta a'zosi ekanligi ma'lum bo‘lgach, ona-bola qochib ketishadi. Keyingi 5 yil davomida Assanjning hayoti yana ko‘chmanchilikda o‘tadi.

Julian o‘smir yoshida dasturlashga qiziqib qoladi va xakerlar tashkilotiga asos soladi. Uning birinchi qilgan ishi Kanadaning Nortel Networks telekommunikatsiya kompaniyasi markaziy serverini buzish bo‘ladi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi, ammo kompaniyaga arzimas zarar yetkazilgani uchun Julian jarima bilan qutulib qoladi.

Shundan so‘ng Assanj Avstraliyadagi internet-hostinglardan birida administrator bo‘lib ishlaydi. Shu bilan birga xavfsizlik tizimi bilan bog‘liq dasturlar yozadi. Julian bundan tashqari onasi bilan birga bolalar huquqini himoya qilish bo‘yicha loyiha tashkil etadi.

Dunyoni larzaga solgan loyiha

Julian Assanjning asosiy loyihasi 2006 yilda asos solingan WikiLeaks sayti bo‘ldi. U bu sayt orqali dunyoning barcha mamlakatlaridagi hukumatlarning korrupsion faoliyatiga bog‘liq ma'lumotlarni e'lon qilishga kirishdi.

Saytda ilk hujjat 2006 yil dekabrda chop etildi. Bu Somali shayxi Hasan Zohir Uvays tomonidan imzolangan davlat amaldorlarini o‘ldirish haqidagi qaror edi. 2007 yilda Keniyaning sobiq rahbari Daniel arap Moi oilasidagi korrupsiya haqidagi maqola e'lon qilindi. O‘sha yil noyabrida Guantanamo lagerida hibsda saqlanayotganlar uchun yo‘riqnoma chop etildi. Unga muvofiq, Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi a'zolari ayrim mahbuslar bilan ko‘rishish huquqiga ega bo‘lmagan. 2008 yil fevralda sayt orqali Shveytsariyaning Julius Baer banki noqonuniy faoliyati oshkor qilindi. O‘sha yil sentyabrida AQShdagi saylov kampaniyasi davrida vitse-prezidentlikka nomzod Sara Peylinning elektron pochtasidagi yozishmalar e'lon qilindi.

2009 yil noyabrda saytda 2001 yil 11 sentyabrda peyjyerlarga jo‘natilgan 570 mingta xat chop etildi.

WikiLeaks 2010 yil iyulda Afg‘onistondagi urush bilan bog‘liq 92 mingta hujjatni e'lon qildi. Bu hujjatlardan quyidagilar ma'lum bo‘ldi: koalitsiya kuchlari Afg‘onistondagi urushda mag‘lub bo‘lmoqda, harbiylar yuzlab tinch aholini o‘ldirmoqda va bu holat jamoatchilikdan sir tutilmoqda.

Kuz fasliga kelib esa sayt Iroqdagi urushga oid 400 mingga yaqin hujjatni e'lon qildi. 2010 yil noyabrda AQSh diplomatlarining 250 mingdan ortiq maktublari orqali jamoatchilik Saudiya Arabistoni rahbarlari AQShdan Eronga aviazarba berishni so‘raganini hamda jahon yetakchilarining norasmiy tavsiflarini bilib oldi.

2012 yilda WikiLeaks Suriya bilan bog‘liq ikki milliondan ortiq elektron yozishmalarni chop etdi. 2013 yil sentyabrda esa maxfiy kuzatuv vositalarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanayotgan 90dan ortiq kompaniyaning 250ta hujjati sayt yuzini ko‘rdi.

Sayt bundan tashqari AQShning Milliy xavfsizlik agentligi bilan bog‘liq qator maxfiy hujjatlarni, Markaziy razvedka boshqarmasining elektron qurilmalarni buzib kirish bo‘yicha global dasturini ommaga e'lon qildi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Ta'qib

2010 yil avgustda Julian Assanj Shvetsiyada bo‘lib, Wikileaks serverlarini mahalliy Qaroqchilar partiyasi maydonchalarida joylashtirish bo‘yicha kelishuv imzoladi. So‘ngra uning tashrifi tashkilotchilari bo‘lgan ikki ayol – Anna Ardin va Sofiya Vilen Assanjni jinsiy zo‘ravonlikda aybladi.

Shvetsiya hukumati Assanjga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi va xalqaro qidiruvga berildi. Julian bu ish WikiLeaks saytida AQShning Yaqin Sharqdagi harakatlari haqidagi ma'lumotlar chop etilganidan so‘ng uyushtirilganini ma'lum qildi. Londonda bo‘lgan Assanj politsiyaga taslim bo‘ldi, so‘ngra sud qarori bilan 240 ming funt garov puli evaziga ozodlikka chiqdi.

Foto: AP Photo/Kirsty Wigglesworth

Shuningdek, jurnalistning PostFinance bankidagi hisob raqami muzlatildi. WikiLeaksʼning PayPal xalqaro to‘lov tizimidagi hisobi yopib qo‘yildi. Visa va MasterCard ham shunday yo‘l tutdi. Assanj va uning tarafdorlarini ta'qib qilish “Feysbuk” va “Tvitter”da ham boshlandi, ularning akkauntlari yopib qo‘yildi, foydalanuvchilarning xabarlari o‘chirib tashlandi.

To‘rt devor orasida

2012 yilda Julian Assanj Ekvadorning Londondagi elchixonasidan boshpana so‘radi. Ekvador bejiz tanlanmagandi, chunki 2010 yildayoq bu davlat TIV unga siyosiy boshpana taklif qilgandi.

U London markazida joylashgan elchixona binosida xavfsizlik maqsadlarida birorta ham derazasi bo‘lmagan xonada yashaydi. 2012 yil sentyabrida Assanj Daily Mail gazetasiga bergan intervyusida yashash sharoitlari haqida so‘zlab bergandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xonada matras, kitob javoni, stol, stullar joylashgan. Assanj kuniga 17 soat ishlaydi, jismoniy holatini me'yorida ushlab turish uchun yugurish yo‘lakchasida bir necha kilometr yuguradi, gimnastika va boks bilan shug‘ullanadi. Quyosh nuridan bahramand bo‘lmagani uchun bu yetishmovchilikni D vitamini va ultrabinafsha lampasi yordamida to‘ldiradi.

2012 yil 27 sentabr kuni AQShda Julian Assanj davlat dushmani deb tan olindi.

Britaniya hukumati uni kuzatish va imkon bo‘lishi bilan qo‘lga olish uchun 8 mln dollar sarfladi.

Assanj adolat tiklanishini so‘rab BMTga bir necha bor murojaat qilgan. 2017 yilda Shvetsiya prokuraturasi tomonidan unga qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yopildi. Shunga qaramay, Britaniya sudining hibsga olish to‘g‘risidagi orderi bilan uni ta'qib qilayotgan London politsiyasidan, qo‘lga olingan taqdirda Shvetsiyaga, undan AQShga ekstraditsiya qilinishdan xavfsirab, elchixonadan chiqmaslikka qaror qildi.

2016 yilda BMT ishchi guruhi Assanjni asossiz ta'qiblar jabrlanuvchisi deb e'lon qilgandi.
Foto: AP

2018 yil martda Ekvador elchixonasi Assanjni internetdan va tashrif buyuruvchilarni qabul qilish huquqidan mahrum qildi. Elchixonaning bildirishicha, yuqoridagi holatlar Assanjning boshqa davlatlar ishlariga aralashmasligi lozimligi haqidagi kelishuvni buzish hisoblanadi. Bu qaror qabul qilinishiga Assanjning tvitterda “Skripallar ishi” haqidagi posti sabab bo‘ldi. Assanj Twitter sahifasida rossiyalik diplomatlarning Skripallar zaharlanishi sababli Buyuk Britaniyadan chiqarib yuborilishi yomon diplomatiyadan nishona ekanligini yozgandi.

Avvalroq Ekvador Assanjga uni Londondan olib chiqib ketishga yordam beradi degan fikrda unga mamlakat fuqaroligini berganini bildirdi. Ammo Buyuk Britaniya Assanj uchun immunitet berishni rad etdi.

Assanj Ekvador Ichki ishlar vaziri bilan matbuot anjumani vaqtida
2014 yil 18 avgust / Foto: Getty Images

Shunisi qiziqki, WikiLeaks asoschisi o‘zi yashab turgan Ekvador elchixonasini ham sudga bergan. U elchixona mart oyida uni internetdan mahrum qilganidan norozi. Elchixona esa internet tiklanishi uchun o‘zi yashab turgan xonani tozalashi va boshqa davlatlar ishlariga aralashmaslikni talab qilgan.

Jurnalist bir necha filmlar qahramoniga ham aylangan. U haqida “Julian Assanj tarixi” nomli serial suratga olingan. “Beshinchi hokimiyat” nomli filmda Benedikt Kamberbetch Assanj rolini ijro etgan, WikiLeaks sayti haqida “Mediastan” nomli hujjatli film ishlangan, 2017 yilda Assanj faoliyatiga bag‘ishlangan “Xatar” hujjatli filmi suratga olingan. Uning o‘zi 2014 yilda rejissyor Lora Poytrasning “Citizenfour. Snouden haqiqati” hujjatli filmida ishtirok etgan. 

Julian Assanj shuningdek, 2008 yilda Xalqaro amnistiya tashkilotining mukofotiga sazovor bo‘lgan, 2010 yilda Time jurnali o‘quvchilari tomonidan yil kishisi deb topilgan, bundan tashqari Sidney tinchlik fondi va boshqa qator tashkilotlar mukofotlarini qo‘lga kiritgan.

Endi uni nima kutmoqda?

11 aprel kuni Ekvador Assanjni elchixonadagi boshpanadan mahrum qildi. “Ekvador xalqaro konvensiyalar bir necha marotaba buzilgani uchun Julian Assanjga diplomatik boshpana taqdim etishda rad javobi berish to‘g‘risida qaror qabul qildi”, deb yozdi mamlakat prezidenti Lenin Moreno Twitter`dagi sahifasida.

Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi rahbari Jyeremi Xant WikiLeaks sobiq bosh muharririga boshpana taqdim etmaslik bo‘yicha qaror uchun Ekvador prezidenti Lenin Morenoga minnatdorchilik bildirdi.

11 aprel. Assanj Ekvadorning Londondagi elchixonasidan olib ketilmoqda

WikiLeaks esa Assanj maxfiy hujjatlarni e'lon qilgani uchun AQShga ekstraditsiya qilish maqsadida qo‘lga olinganini iddao qilmoqda. Rasmiy London esa hibsdagi shaxs o‘lim jazosiga hukm qilinishi mumkin bo‘lgan davlatga ekstraditsiya qilinmasligini ma'lum qilgan.

O‘z navbatida, AQSh adliya vazirligi Julianni AQSh hukumatining maxfiy kompyuter tizimini buzib kirish maqsadida sobiq razvedkachi Chelsi Menning bilan til biriktirishda ayblamoqda. Ayblov xulosasida Assanj Menningga Pentagondagi kompyuterlarning parolini buzib, ularga kirishda yordam bergani aytilgan. Shuningdek, Assanj Menning bilan yozishib turganda uni ko‘proq maxfiy ma'lumot berishga undagan.

AQSh sudi Assanjni ushbu ayblov bo‘yicha aybdor deb topsa, Assanjga eng ko‘pi bilan 5 yillik qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.

Ma'lumot uchun, 2013 yilda harbiy Bredli Menning davlat sirlarini oshkor qilgani va josuslik uchun 35 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. U WikiLeaks’ga 700 mingga yaqin maxfiy hujjat, jumladan amerikalik harbiylar tomonidan Iroq aholisining o‘ldirilishi videoyozuvini bergan. Keyinroq sobiq harbiy jinsini o‘zgartirib, ismini ayollar ismi Chelsiga o‘zgartirgan. 2017 yilda o‘shandagi prezident Barak Obama Menningning qamoq muddatini qisqartirgan va u ozodlikka chiqa olgan.

Julian Assanj hayotiga oid muhim sanalar:

1971 yil 3 iyul – Avstraliyaning Kvinslend shtatidagi Taunsvill shahrida tug‘ilgan.
1987 yilda – Mendax laqabi bilan xakerga aylangan.
1996 yil dekabr – Avstraliya sudida xakerlikda ayblanib, aybini tan olgan va jarimaga tortilgan.
2006 yil dekabr – Islandiyada WikiLeaks saytini ochdi.
2010 yil aprel – WikiLeaks`da Amerika maxsus xizmatlarida ishlagan Bredli Menning tomonidan jo‘natilgan maxfiy materiallar chop etildi.
2010 yil may – Menning AQShda hibsga olindi, Assanj ustidan tekshiruv boshlandi.
2010 yil avgust – Assanj Shvetsiyaga keldi, bu yerda ikki ayolning arizasiga asosan ularga zo‘rlik ishlatishda ayblandi.
2010 yil noyabr – Interpol Assanjni jinsiy zo‘ravonlikda ayblab, xalqaro qidiruvga berdi.
2010 yil dekabr – «Time» jurnali tomonidan «Yil odami» deb topildi.
2012 yil iyun – Ekvadorning Londondagi elchixonasida yashay boshladi.
2016 yil fevral – BMT Ishchi guruhi Shvetsiya va Britaniya Assanjni asossiz tarzda ta'qib etayotganini e'lon qildi.
2016 yil iyul – WikiLeaks AQSh prezidentligi uchun saylovoldi kampaniyasi vaqtida Xillari Klintonning pochtasidan olingan elektron xatlarni chop etdi.
2017 yil 19 may – Shvetsiya prokuraturasi Assanjga qarshi ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergovni to‘xtatdi.
2018 yil yanvar – Ekvador Assanjga mamlakat fuqaroligini berdi, ammo Britaniya unga immunitet berishni rad etdi.
2019 yil 11 aprel – WikiLeaks asoschisi Julian Assanj Londonda hibsga olindi.

Mavzuga oid