Jamiyat | 19:12 / 13.04.2019
34563
4 daqiqa o‘qiladi

Chiroqchidagi chorvachilik fermer xo‘jaliklari qay ahvolda - xalq nima deydi?

Kun.uz’ga Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi «Gavxona» mahalla fuqarolar yig‘inidan Olim Eshmurodov murojaat qilib, qishlog‘iga taklif qildi keyingi oylarda o‘zini va oilasini qiynayotgan muammolarni gapirib bermoqchi ekanligini aytdi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Biz Chiroqchi tumaniga yo‘l oldik va vaziyat bilan yaqindan tanishdik.

Qishloq ahlining, chunonchi, ko‘p yillar maktabda dars bergan keksa pedagog Murodullo Sayfullayevning aytishicha, «Gavxona» qishlog‘ida joylashgan sobiq chorvachilik fermalari va ularga biriktirilgan yaylovlar 90-yillarda fermerlarga bo‘lib berilgan.

Ma'lum bo‘lishicha, qishloqni kesib o‘tuvchi Gavxona daryoni sohilida, qirga tutashgan hududda Olim Eshmurodov dehqonchilik va chorvachilik qilish uchun maydonni tekislab, faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Uning bu yerga egalik qilishi uchun biror hujjati yo‘qligini ham tan oldi.

Lekin chorvachilikka ixtisoslashgan «Taraqqiyot» fermer xo‘jaligi rahbari Tursunpo‘lat Murodov bugungi kunda yerlar unga tegishli ekanligini da'vo qilmoqda. Olim Eshmurodovning hikoya qilishicha, T.Murodov ayni kunda u obod qilgan yerlarni ham egallash harakatiga tushgan. U O.Eshmurodovni o‘zining abgor ahvoldagi molxonasi qurilish materiallarini o‘g‘irlaganlikda, tovuqlari esa qoramollariga kasallik yuqtirganlikda ayblamoqda.

Olim Eshmurodovning 87 yoshdan oshgan qariya onasi Karomat momo ham bu janjallardan bezor bo‘lgan.

«Taraqqiyot» fermer xo‘jaligi rahbari Tursunpo‘lat Murodov tomonidan 1990-yillarda ajratib berilgan chorvachilik fermasining ahvolidan mutasaddilar xabardor ekanmi?

Yerga, mulkka bo‘lgan bunday munosabat nimadan dalolat? Agar shuncha yildan buyon ular eplay olmayotgan bo‘lsa — qishloqdagi yoshlarni ish bilan ta'minlash uchun berilgani yaxshi emasmi?

Biz mazkur hududdagi boshqa fermalarni ham ko‘rdik. Mutasaddilar so‘rasa «mollar yaylovda», deyisharkan. Lekin biz borgan kuni (12 mart) kunlar ilimagan va hali chorva yaylovlarga haydalmagan edi. Fermalarning faqatgina bittasida tashqariga chiqarilgan go‘ng qishda kamsonli chorva saqlanganidan guvohlik berib turibdi.

Olim Eshmurodov o‘zi o‘zlashtirgan va obod qilgan yerni hujjatlashtirish uchun tuman hokimligi, yer resurslari va kadastr bo‘limiga murojaat qilib, natijaga erisha olmayotganini aytdi.

Biz o‘sha kuni mazkur holatga izoh olish uchun hududlarga chiqib ketgan Chiroqchi tuman hokimligidagi mutasaddilarni kuta-kuta uchrasha olmadik.

Endi vaziyat bilan tanishib, biror hujjati yo‘q bo‘lsa ham yo‘qdan bor qilgan Olim Eshmurodov haqmi, lekin davlat ishonib topshirgan borni yo‘q qilgan odamlarmi, degan savolni o‘rtaga tashlagimiz keldi. Chiroqchidagi tuman mutasaddilari bunga javob berisharmikan?

Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid