Jahon | 00:14 / 13.04.2019
13395
2 daqiqa o‘qiladi

Avtohalokat kamayishi uchun qurbonlik – Qirg‘iziston YPXlaridan original «aksiya»

Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyati yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash boshqarmasi xodimlari “to‘lov” marosimi o‘tkazishdi, ya'ni yaxshi niyatda jonliqni qurbonlikka keltirishdi. Bu haqda “Turmush” nashri xabar berdi.  

Qirg‘izistonlik “danchilar” yo‘l-transport hodisalari bo‘lmasligini niyat qilgan holda bir nechta qo‘yni qurbonlik qilishgan. Qurbonliklar go‘shti boshqa oziq-ovqat mahsulotlari bilan birga bolalar uylariga, ko‘p farzandli va kam ta'minlangan oilalarga ulashilgan.

Boshqarma xodimlari faqatgina diniy marosim bilan cheklanib qolmay, mahalliy aholi bilan yo‘l harakati xavfsizligiga amal qilish zarurligi haqida suhbat o‘tkazishgan.

Qirg‘izistonda mustaqillik yillarida odamlarning dindorligi darajasi ancha oshgan, shu sababli davlat idoralarida bunday marosimlar o‘tkazilishi ajablanarli hol emas.

Ta'kidlanishicha, 2017 yilda Qirg‘izistonning uchta janubiy viloyati yoshlari ham YTHlar soni kamayishi niyatida qurbonlik keltirishgan. 2011 aprelda esa Qirg‘iziston parlamenti deputatlari parlamentdan “ins-jinslarni quvish maqsadida” 7 ta qo‘yni qurbonlikka keltirishgan.  

Mavzuga oid