Sport | 17:29 / 15.04.2019
20062
17 daqiqa o‘qiladi

APLda soatiga o‘zgargan yetakchilar, autsayderni yuta olmagan Messisiz «Barselona», 5 ta gol o‘tkazib yuborgan «PSJ» – «Kuchli beshlik»da hafta yakunlari

Foto: AFP/Getty Images

Dam olish kunlari Yevropaning «Kuchli beshlik» chempionatlarida navbatdagi tur o‘yinlari o‘tkazildi. Angliyada yetakchilar hamon quvlashmachoqni davom ettirishmoqda. La Ligada 32-tur «Barselona»ning ochko yo‘qotishi bilan yodda qoldi. Italiya va Fransiyada yetakchilar chempionlikni nishonlash imkonini qo‘ldan boy berishdi. Quyida haftaning shu va boshqa esda qolarli voqealarini eslaymiz.

Angliya

«Mushuk-sichqon» o‘yini davom etdi

Angliyada chempionlik uchun raqobat shunchalik qizidiki, yetakchi soatiga almashmoqda. 34-turda «Kristal Pelas» mehmoni bo‘lgan «Manchester Siti» 3:1 hisobida g‘alaba qozondi va turnir jadvalida yetakchiga aylanib oldi. «Pelas» birinchi davrada «Siti»ni «Ittihod»da 3:2 hisobida mag‘lub etib, chempionlik poygasiga bevosita ta'sir qilgandi. Biroq «Liverpul» sobiq murabbiyi Roy Xojson jamoasi bu gal «Siti»ni oyog‘idan chala olmadi.

34-turning marakaziy bahsida «Chelsi»ni qabul qilgan «Liverpul» esa tur o‘yinini «Siti»ning o‘yini tugashidan 30 daqiqa o‘tib boshladi va g‘olib bo‘ldi. Shu tariqa Klopp jamoasi ochkolar sonini 85 taga yetkazib, jadvalda yana yetakchiga aylandi.

Biroq «Liverpul» ham faqat vaqtincha yetakchiga aylandi. Chunki hozirda 83 ochko to‘plagan «Manchester Siti» hisobida bitta zaxira o‘yini bor va 25 aprel kuni Gvardiola jamoasi «Old Trafford»da «MYu» mehmoni bo‘ladi. Qoldirilgan maqomida bo‘lgan bu o‘yinda amalda APL chempionligi taqdiri hal bo‘ladi.

Saloh barchani ichki xotirjamlikka chorladi va «Chelsi» muxlislariga munosib javob berdi

Yuqorida «Liverpul» haftaning markaziy bahsida «Chelsi»ni qabul qilganini aytdik. Bu bahsda Muhammad Saloh qahramon bo‘ldi. U sobiq jamoasi darvozasiga fantastik gol urdi va golini «ichki xotirjamlikka» chorlab nishonladi. Saloh oldingi safar «Chelsi»ga gol urib, golini nishonlamagandi. Biroq bu gal golni nishonlashga sabab bor edi...

«Chelsi»ning Yevropa Ligasi doirasidagi «Slaviya»ga qarshi o‘yinida so‘ng Pragadagi barlardan birida «Chelsi» muxlislari «Salah is a bomber» (Saloh bomba portlatuvchi, qo‘poruvchi) deb qo‘shiq kuylashgandi... Balki Saloh ularga e'tibor ham bermagandir, lekin uning super goli «Chelsi» muxlislariga «sovg‘a» bo‘ldi.

Qutqaruvchi Moura

«Tottenhem» Chempionlar Ligasi chorak finalining birinchi o‘yinida «Manchester Siti»ni mag‘lub etdi, lekin o‘sha kuni jamoaning ikki asosiy yetakchilari Xarri Keyn hamda Dele Allilar jarohat olishdi. Biroq Keyn o‘tgan safar jarohat olgani kabi bu safar ham Keynsiz «Tottehem» g‘alaba qozondi (oldingi safar Keyn jarohat olganda «Tottenhem» APLda uchta g‘alabali seriya qayd etgandi).

«Haddersfild»ni qabul qilgan «taqachilar» 4:0 hisobida g‘olib bo‘lishdi va o‘yinda Lukas Moura het-trik qayd etdi. Pochettino allaqachon APLni tark etib ulgurgan «Haddersfild»ga qarshi o‘yinda Moura-Son-Lorente uchligini hujumda o‘ynatdi va ular ishonchni oqlashdi. Darvoqe, Keyn uchun mavsum yakunlanganini inobatga olsak, Lukas va Son keyingi o‘yinlarda ham ter to‘kishlariga to‘g‘ri keladi.

«Kardiff»ning ahvoli yomonlashdi

34-turda «Byornli» mehmoni bo‘lgan «Kardiff» 0:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi va Premer-Ligani tark etishi deyarli aniq bo‘ldi. Ayni damda uelsliklar hisobida 28 ochko bor va jamoa 18-o‘rinda bormoqda. 17-o‘rindagi «Brayton» hisobida 33 ochko bor va «Brayton»ning bitta zaxira o‘yini ham bor. Shuni inobatga olsak, Nil Uornok shogirdlari APLni tark etadigan 3-jamoaga aylanishlari ehtimolga yaqin. «Fulhem» va «Haddersfild» esa allaqachon ligani tark etib bo‘lgan.

Hafta raqami. Van Deyk bor – mag‘lubiyat yo‘q!

«Liverpul»dagi ikkinchi mavsumidayoq jamoa yetakchilaridan biriga aylangan Virjil Van Deyk klubning uy uchrashuvlarida ayniqsa juda foydali bo‘lmoqda. Buni quyidagi statistikadan ham bilib olish mumkin:

«Liverpul» Van Deykning «Enfilda»dagi dastlabki 24 ta APL doirasidagi o‘yinida qayt etgan statistikasi:

G‘alaba: 20 ta

Durang: 4 ta

Mag‘lubiyat: 0.

To‘plar nisbati: 68:13.

«Quruq o‘yinlar»: 15 ta.

Darvoqe, «Liverpul» joriy mavsumda 18 tadan ko‘proq «quruq o‘yin» o‘tkazgan Yevropaning ikki jamoasidan biri bo‘lib turibdi. Ikkinchi jamoa shubhasiz «Atletiko».

Ispaniya. «No Messi – no party»

La Liganing 32-turi odatdagilaridan farq qildi, chunki bu turda muxlislar Messining fenomenal goli yoki golli uzatmasini ko‘rishmadi. Chunki u maydonga tushmadi. «Barselona» autsayderlar qatorida borayotgan «Ueska» bilan o‘yinda Leoni bezovda qilgisi kelmadi. Lekin Messisiz o‘yin juda zerikarli o‘tdi va 0:0 hisobida yakunladi.

«Sevilya» medallar uchun kurashga qaytdi

Ikkinchi o‘rinda borayotgan «Atletiko» 32-turda «Selta»ni Grizmann va Morataning gollari evaziga mag‘lub etdi. Turning eng qiziqarli o‘yini esa «Sevilya» va «Selta» o‘rtasida o‘tkazildi. «Sevilya» bu bahsda 3:2 hisobida g‘alaba qozondi. «Atletik» yana bir quvnoq o‘yinda «Rayo Valekano»ni 3:2 hisobida yengdi.

«Sevilya» mavsum avvalida chempionlik uchun kurashadigandek ko‘ringandi, lekin keyinchalik ketma-ket mag‘lubiyatlar jadvalda pastlab ketdi. «Valensiya», «Sevilya» yoki «Vilyarreal» kabi jamoalarning yetakchilar qatorida bo‘lishiga o‘rgangandik, lekin bu mavsumda «Xetafe» «kuchli to‘rtlik»ga «suqilib kirdi». «Xetafe»ning «Valyadolid» bilan durang o‘ynaganidan foydalangan «Sevilya» 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi va yana medallar uchun kurashga qaytdi.

«Suvosti kemasi» «cho‘kishdan qutulib qoldi»

Bundan bir necha yil avval Chempionlar Ligasida muvaffaqiyatli qatnashgan «Vilyarreal» keyinchalik La Ligada muvaffaqiyatsiz qatnashgan va Sugundaga tushib ketgandi. Joriy mavsumda ham «sariq suvosti kemasi» uzoq vaqtdan buyon «xavfli hudud»da o‘ralashib yuribdi.

32-turda «Jirona» mehmoni bo‘lgan «Vilyarreal» oxirgi vaqtlardagi asosiy yulduzi Samyuel Chukvezening goli evaziga g‘alaba qozondi va «xavfli hudud»ni tark etdi. «Real» va «Barselona»ning qiynab qo‘ygan «Jirona» ustidan mehmonda qozonilgan g‘alabaning o‘zi yoqimli, lekin bu g‘alaba jamoani «xavfli hudud»dan chiqargani undan-da yoqimli bo‘ldi.

32-turda hamshahari «Levante»ni qabul qilgan «Valensiya» 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. «Ko‘rshapalaklar»ning gollaridan biriga portugaliyalik Gonsalo Gedesh mualliflik qildi. Gedesh «Valensiya» ishtirokidagi oxirgi 8 o‘yinda 6 ta gol urdi. U oldingi 59 o‘yinda ham xuddi shuncha gol urgan edi.

Italiya. «Yuventus»ning chempionligi kechikdi, «Napoli» va «Inter»da ishonchli g‘alaba

«Yuventus» YeChL uchun muddatidan oldin chempionlikni qurbon qildi

Italiyada 32-turning o‘zida chempion aniq bo‘lishi mumkin edi, biroq «Yuventus» mehmonda SPALni yenga olmadi va chempionlikni kechga surdi. «Yuventus» bu bahsda kamida 1 ochkoni qo‘lga kiritsa, muddatidan oldin chempion bo‘lishi mumkin edi. Ammo, Allegri zaxira tarkibni tushirdi.

Sababi oddiy edi, turinliklarni keyingi haftada Chempionlar Ligasidan o‘rin olgan «Ayaks»ga qarshi muhim o‘yin kutib turgan edi. Natijada, «Yuventus» ishtiyoqi baland bo‘lgan SPAL qarshiligini sindira olmadi. 30-daqiqada turinliklarning yosh hujumchisi Moyze Ken hisobni ochdi. Ikkinchi bo‘lim boshlanishi bilan Kevin Bonifatssi gol urib, muvozanatni tikladi. O‘yin tugashiga 15 daqiqa qolganida Serjio Flokkari jamoasiga g‘alaba keltiruvchi golni urdi.

Bu natijadan so‘ng, «Yuventus» 84 ochko bilan peshqadam bo‘lim turibdi. SPAL 35 ochko bilan 13-o‘ringa chiqib oldi. «Yuventus»ni ta'qib etib kelayotgan «Napoli» bu turda g‘alaba qozongach, turinliklarning chempionlik masalasi kamida keyingi turgacha kechikadigan bo‘ldi.

Kulibali «Arsenal» bilan o‘yindagi xatosini dubl bidan yuvdi

«Napoli» safarda «Kevo» bilan o‘ynadi va 3:1 hisobidagi ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi. Kutilmaganda senegallik himoyachi Kalidu Kulibali o‘zini ko‘rsatib, o‘yinda 2 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi va qahramonga aylandi. Futbolchi 15 va 81-daqiqalarda «Kevo» darvozabonini dog‘da qoldirdi. Kulibali «Arsenal»ga qarshi kechgan Yevropa Ligasi o‘yinida o‘z darvozasiga gol urib qo‘ygandi. «Kevo»ga qarshi o‘yindagi dubli bilan markaziy himoyachi o‘z xatosini yuvdi.

64-daqiqada esa hujumchi Arkadiush Milik raqib darvozasini ishg‘ol qildi. «Kevo» so‘nggi daqiqalarda Tsesarning goli bilan javob qaytardi.

Bu natijadan so‘ng, «Napoli» 67 ochko bilan 2-o‘rinda bormoqda. «Kevo» esa 11 ochko bilan so‘nggi o‘rinda qoldi va A Seriyani muddatidan oldin tark etdi.

«Inter» safarda muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdi

«Inter» safarda autsayderlardan biri «Frozinone» bilan o‘ynadi. Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashayotgan «neradzurrilar» uchun bu o‘yindagi uch ochko juda zarur edi.

Jamoa o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘rib, raqibi ustidan 3:1 hisobidagi ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi. Birinchi bo‘limda Raja Nainggolan jarima maydoni ichida kuchli zarba yo‘llab, hisobni ochdi. 37-daqiqada Ivan Perishich penaltini aniq amalga oshirib, gollardagi farqni oshirdi. Ikkinchi bo‘limda Franchesko Kassata hisobni qisqartirgan edi. Ammo so‘nggi daqiqalarda Matias Vesino uchinchi golni urishga muvaffaq bo‘ldi.

«Milan» janjalli o‘yinda «Latsio»ni yengdi

Turning markaziy o‘yini «San-Siro»da o‘tkazildi. Maydonga Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashayotgan «Milan» va «Latsio» klublari to‘qnash kelishdi. O‘yin murosasiz kurashlarga, ehtiroslarga boy tarzda o‘tdi. Mezbonlar to‘pni nazorat qilishda ustunlikka ega bo‘lishdi. Mehmonlarning qarshi hujumlari esa xavfliroq bo‘ldi. Har ikkala jamoa avvalo o‘z darvozasi daxlsizligi haqida bosh qotirishdi.

79-daqiqada bellashuv taqdirini hal qilgan gol urildi. «Latsio» himoyachisi raqibiga nisbatan o‘z jarima maydonida qo‘pol o‘ynadi. Kessie belgilangan penaltini aniq amalga oshirib, jamoasiga g‘alaba keltirdi. O‘yin oxirida har ikki jamoa futbolchilari mushtlashishga ham ulgurishdi. Bu natijadan so‘ng, «Milan» 55 ochko bilan 4-o‘ringa chiqib oldi. «Latsio» 49 ochko bilan 8-o‘rinni egallab turibdi. Ayni paytda Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun «Roma», «Atalanta», «Torino» va «Sampdoriya» klublari ham da'vogarlik qilmoqda.

Bir o‘yinda uchta qizil kartochka

«Torino» hamda «Kalyari» jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda 1:1 hisobi qayd etildi. Bu o‘yinda gollar sonidan qizil kartochkalar soni ko‘proq bo‘ldi. «Torino»dan yagona gol muallifi Simone Dzadza, «Kalyari»dan esa Niko Pellegrini hamda Nikolo Barella maydondan chetlatildi.

Fransiya. «PSJ» 5 ta gol qo‘yib yubordi

Fransiyada ham 32-turdayoq chempion nomi aniq bo‘lishi mumkin edi, lekin «PSJ» bu imkoniyatdan foydalana olmadi. Ikkinchi o‘rindagi «Lill» mehmoni bo‘lgan «PSJ» 1:5 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Parijliklar bu bahsda asosiy tarkib futbolchilari bilan o‘ynashgandi, lekin bu yirik hisobdagi mag‘lubiyatdan sug‘urta bo‘la olmadi.

Shu tariqa «Lill» ochkolari sonini 64 taga yetkazib ikkinchi o‘ringa mustahkam joylashib oldi. «PSJ» esa 81 ochko bilan hamon yetakchilik qilmoqda. 3-o‘rindagi «Lion» bu turda «Nant» mehmoni bo‘lib mag‘lubiyatga uchradi – 1:2. «Monako» esa «Reyms» bilan 0:0 o‘ynab «xavfli hudud»dan yanada uzoqlashish imkonidan foydalana olmadi.

Turning eng quvnoq o‘yini «Strasburg» hamda «Gengam» jamoalari o‘rtasida o‘tkazildi. 3:3 hisobida yakunlangan o‘yinda Lillian Tyuramning o‘g‘li Markus ham gol urdi. «Kuchli to‘rtlik»ning oxirgi vakili «Sent-Eten» bu turda «Bordo»ni 3:0 hisobida yengdi. Matyo Debyushi ikkita gol urdi.

Germaniya. Dortmundning «qurolbardori» Sancho chempionlik intrigasini qutqarib qoldi

Bundesligada hali chempionat yakunlanishiga biroz vaqt bor. Dam olish kunlari 29-tur o‘yinlari o‘tkazildi. «Bavariya» kutilganidek mehmonda «Fortuna»ni mag‘lub etdi – 4:1. Kovachning yangilanayotgan jamoasi bu o‘yinda muammoga duch kelmadi. Koman, Goretska va Gnabrining gollari evaziga zafar quchib, yetakchilikni saqlab qoldi. Turning eng shiddatli o‘yini esa «Signal Iduna Park»da o‘tkazildi. «Mayns»ni qabul qilgan «Borussiya D» Jyeydon Sanchoning ikkita goli evaziga 2:1 hisobida g‘alaba qozondi va chempionlik intrigasini saqlab qoldi.

32-turda «Herta»ni qabul qilgan «Hoffenxaym» 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Bu o‘yinda Nagelssman shogirdlari 30 marta darvoza tomon zarba yo‘llashgani diqqatga sazovor. 4-o‘rinda borayotgan «Ayntraxt» bu turda autsadler «Augsburg» mehmoni bo‘ldi va kutilmaganda 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. O‘yinning 47-daqiqasida «Ayntraxt» futbolchisi Jyelson Fernandesh maydondan chetlatildi va bu frankfurtliklarning mavsum davomidagi 6-qizil kartochkasi bo‘ldi. Bu borada «Ayntraxt» yetakchilik qilmoqda.

Mavzuga oid