Jamiyat | 23:29 / 18.04.2019
36550
4 daqiqa o‘qiladi

Oltiariq tumanida unib chiqayotgan chigit ustiga nima uchun plyonka yopildi?

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda «Farg‘onada prezidentni aldash uchun unib chiqayotgan chigit ustiga «plyonka» yopishdi» sarlavhasi ostida xabar tarqalgandi. Unda yaqin kunlarda Farg‘ona viloyatiga Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrifi kutilayotgani, davlat rahbari o‘tishi mumkin bo‘lgan Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumani yo‘li yoqasida joylashgan paxta dalalarida unib chiqish arafasida bo‘lgan chigit ustidan plyonka yopilayotgani haqida xabar qilingandi.

Xabarda, shuningdek, tuman hududida katta yo‘l bo‘yidagi maydonlarga ekilgan chigit ustiga sellofan plyonka tortish ishlariga budjet tashkilotidan majburan olib chiqilgani, ular egatlarning ustiga plyonka yopish va uni ikki tomonidan ko‘mish ishlari olib borayotgani, ba'zi joylarda chigit nishlab qolgani haqida aytilib, bu ko‘zbo‘yamachilik fermerlarga katta ziyon keltirishi mumkinligi ham ta'kidlangandi.

Kun.uz muxbiri voqeani to‘liq o‘rganish uchun Oltiariq tumanida bo‘ldi.

Haqiqatan ham ba'zi ekinlar ustidan plyonka yopilgan ekan. Holat bo‘yicha tegishli tashkilotlarga murojaat qildik. Avvaliga Oltiariq tumani Bo‘rbonliq qishlog‘idagi «Solijon ota Jalolov» fermer xo‘jaligi rahbari Nozimjon Jalolov holatga izoh berdi.

«Biz aslida 7 aprelda traktorda plyonka ostiga chigit ekishni yakunlagan edik. 11 aprel kungi shamol natijasida ayrim plyonkalarga zarar yetdi. Zarar yetgan joylarni fermer xo‘jaligi a'zolari bilan epaqaga keltirgandik. Biz majburiy tartibda hasharchilarni bunga jalb etganimiz yo‘q. Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab noto‘g‘ri ma'lumotlar tarqatilayotganini kuzatishingiz mumkin. Jamoatchilikdan bunday xabarlarga e'tibor bermaslikni so‘rab qolaman», - dedi Nozimjon Jalolov.

Shu qishloqdagi «Paxtabod» MMTP rahbari Umidjon Rahimov ham o‘z fikrlarini bildirdi.

«Biz xizmat ko‘rsatadigan «Solijon ota Jalolov» fermer xo‘jaligida chigit ekish bo‘yicha agrotexnik ishlar haqiqatan ham 7 aprelda yakunlangan. Bu holat bo‘yicha nima deyishga ham hayronman. Bunday ma'lumotlarni fermerlarimizga qaratilgan hurmatsizlik, deb bilaman. Axir so‘nggi yillarda Prezidentimiz tomonidan fermerlarga qanchadan-qancha shart-sharoitlar, imtiyozlar, preferensiyalar yaratilmoqda. Buni fermerlarimiz yurakdan his etishmoqda», - dedi Umidjon Rahimov.

Eng so‘ngida tuman hokimi Xolmirza Niyozov o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida olib borilayotgan islohotlar mazmunini juda yaxshi anglaymiz. Internet nashrlarida aytilganidek, Prezidentni aldash niyatimiz yo‘q. Bundan bizga manfaat ham yo‘q. Yuqorida aytilganidek, hududda shamol bo‘lishi natijasida zararlangan plyonkalar almashtirilgan. 

Yana biz ommaviy axborot vositalari uchun doim ochiqmiz. Masalani xolis o‘rganishingizni so‘rab qolardik», - dedi tuman hokimi.

Prezident mansabdor shaxslardan o‘z kasb majburiyatlarini vijdonan bajarishini talab qilmoqda. Ular ham mazkur talabga ijobiy munosabat bildirsa, o‘ylaymizki, barchasi sekin-asta iziga tushib ketadi. Har bir mansabdor shaxs o‘z kasb majburiyatlarini vijdonan, xolis bajarib borsa, xalq ham davlatdan rozi bo‘ladi. Yuqoridagi holat bo‘yicha tomonlar fikrini xolis o‘rganishga harakat qildik. Yuqori turuvchi tashkilotlardan ham mazkur masala yuzasidan munosabat kutib qolamiz.

Zafarbek Solijonov, 
Kun.uz jurnalisti.

Mavzuga oid