O‘zbekiston | 01:01 / 18.04.2019
26847
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda “snos” mojarolari bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

15 aprel kuni Toshkentda O‘zbekistonda fuqarolar va tadbirkorlar noroziliklariga sabab bo‘layotgan “snos” muammolariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi Kun.uz muxbiri.

Unda AQSh va Yevropa Ittifoqi diplomatlari, Human Righs Watch tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili, BMTning Xalqaro mehnat tashkiloti vakili, huquq faollari, xorij matbuoti vakillari, mahalliy jurnalistlar va tadbirkorlar ishtirok etdi.

Gumanitar huquq markazi rahbari Shuhrat G‘aniyevga ko‘ra, tadbirkorlar va fuqarolardan kelayotgan murojaatlarning 80%ga yaqini aynan qurilish va buzish ishlari bilan bog‘liq. U muammolarga barham berishning eng yaxshi yo‘li o‘zaro muloqot ekanligini ta'kidladi.

Human Righs Watch tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Stiv Sverdlovning aytishicha, ba'zi insonlar yashab turgan joyning mahalliy davlat hokimiyati vakillarining ogohlantirishisiz buzilishi, o‘rniga yetarli kompensatsiya to‘lovlari to‘lanmasligi yuzasidan murojaatlar anchayin ko‘payib bormoqda. Sverdlov mazkur masalani prezident o‘z nazoratiga olishi zarurligi va xalqaro jamiyat bu borada o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashishga tayyor ekanini bildirdi.

Huquq faollari buzilishlar oqibatida mol-mulkidan ajragan oddiy aholi va tadbirkorlar soniga oid aniq raqamlarni to‘plash bilan shug‘ullanaëtganlarini, o‘z surishtiruvlari davomida bu jaraënda odamlarning yurak xurujidan vafot etganiga oid faktlarni ham o‘rganaëtganini ma'lum qilishdi.

Yig‘ilishda hozirgi vaqtda jamoatchilik diqqat markazida turgan investor Muhammadbobur Xo‘jayev va buxorolik tadbirkor Botir Adizovlar o‘zlariga bo‘layotgan adolatsizliklar yuzasidan o‘z fikrlarini aytishdi.

Mazkur yig‘ilishda Toshkent shahar hokimligidan vakil ishtirok etmadi hamda bu holatga ayrim ommaviy axborot vositalarida alohida urg‘u berildi. Kun.uz muxbiri shahar hokimligi bilan bog‘lanib bu borada izoh so‘raganida, hokimlik vakili tadbir yuzasidan taklifnoma shahar hokimligiga kech yetkazilganini ma'lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning noyabr oyida Kun.uz tadbirkor Muhammadbobur Xo‘jayev murojaati asosida surishtiruv o‘tkazgandi. Bu murojaat bo‘yicha tayyorlangan “Bir kunda 600 ming dollardan ortiq mablag‘ yo‘qotdim”. Toshkentda tadbirkor qurayotgan uylar buzib tashlandi” sarlavhali maqolada tadbirkorning Mirzo Ulug‘bek tumani “Avayxon” mahallasi hududida qurilayotgan 3 qavatli turar-joy binosi buzib tashlangani bayon qilingandi.

Ma'lum muddat o‘tgach, tadbirkor muammolari chet el ommaviy axborot vositalarida ham yoritildi. Muhammadbobur Xo‘jayev Toshkent shahri hokimini shahardagi qurilish bozorini “monopoliyaga aylantirish”da, arzon uy qurayotgan tadbirkorni “qurilish bozoridan siqib chiqarish”da ayblagandi.

Shundan so‘ng, Kun.uz yana bir bor jurnalistik surishtiruv o‘tkazib, masalani atroflicha o‘rganib, “Tanganing ikki tomoni: Toshkentdagi “snos” mojarosida kim nima deydi?” sarlavhali maqolani e'lon qildi. Unda shahar hokimi tadbirkor bilan istalgan vaqtda ko‘rishishga tayyor ekanini bildirgandi.

Mavzuga oid