O‘zbekiston | 11:38 / 19.04.2019
19190
5 daqiqa o‘qiladi

Mahalla raislari tomonidan ishonchnomalarni tasdiqlash tartibi tasdiqlandi

Hukumat qarori bilan shaharchalar, qishloqlar va ovullar, shuningdek, shaharlardagi, shaharchalardagi, qishloqlardagi hamda ovullardagi mahallalar fuqarolar yig‘inlarining raislari (oqsoqollari) tomonidan ishonchnomalarni tasdiqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga muvofiq fuqarolar yig‘inining raisi (oqsoqoli) xat-xabarlarni, shu jumladan pul va posilkalarni olishga, ish haqini hamda mehnat munosabatlari bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa to‘lovlarni olishga, mualliflar va ixtirochilarga to‘lanadigan haqlarni, pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalarni, shuningdek, banklardan summalarni olishga ishonchnomalarni tasdiqlashi mumkin.

Fuqarolar yig‘inining raisi (oqsoqoli) tomonidan tasdiqlanayotgan ishonchnomalarga fuqarolar yig‘inlarining nomlari qayd etilgan muhr bosiladi.

Fuqarolar yig‘inining raisi (oqsoqoli) ishonchnomalarni tasdiqlashda quyidagi huquqlarga ega:

ishonchnomaning loyihalarini tuzish va ishonchnomaga doir masalalar yuzasidan tushuntirishlar berish;

jismoniy shaxslardan ishonchnomalarni tasdiqlash uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni talab qilib olish.

Fuqarolar yig‘inining raisi (oqsoqoli) ishonchnomalarni tasdiqlashda:

jismoniy shaxslarga o‘z huquqlarini amalga oshirishda va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda ko‘maklashish, ularning huquq va majburiyatlarini tushuntirib berishga;

tomonlar taqdim etgan ishonchnoma loyihalarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushuntirib berish, ularning mazmuni tomonlarning asl maqsadiga mos kelish-kelmasligini va qonun talablariga zid kelish-kelmasligini tekshirishga;

qonun hujjatlariga mos kelmaydigan ishonchnomalarni amalga oshirishni rad etishga;

ishonchnomalarni tasdiqlash vaqtida fuqarolar yoki mansabdor shaxslar tomonidan qonun hujjatlari buzilganligini aniqlagan taqdirda, zarur choralar ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi tegishli organlarga bu haqda xabar qilishga majbur.

Ishonchnomalar davlat tilida rasmiylashtiriladi. Rasmiylashtirilgan ishonchnoma matni fuqarolarning talabiga binoan fuqarolar yig‘inining raisi (oqsoqoli) tomonidan rus tilida yoki imkoni bo‘lsa, boshqa maqbul tilda beriladi.

Agar, ishonchnoma murojaat qilgan shaxs tushunmaydigan yoki yaxshi bilmaydigan tilda rasmiylashtirilsa, unda ishonchnoma matni fuqarolar yig‘inining raisi (oqsoqoli) yoki murojaat qilgan shaxs tanigan tarjimon tomonidan og‘zaki tarjima qilinishi mumkin. Bu haqda hujjat matniga va tasdiqlovchi yozuvga kim tomonidan tarjima qilinganligi va matn mazmuni tushuntirilganligi haqida fuqarolar yig‘inining raisi (oqsoqoli) tomonidan yozib qo‘yilishi, imzolanishi va muhr qo‘yilishi kerak. Bunday holda murojaat qilgan shaxs o‘zi biladigan tilda ismi, familiyasi, otasining ismini to‘liq yozib, imzo qo‘yadi.

Fuqarolar yig‘inlarining raislari (oqsoqollari) tomonidan tasdiqlanadigan ishonchnomalar ishonchnomalarni ro‘yxatga olish kitobida ro‘yxatga olinadi. Ro‘yxatga olish kitobidagi yozuvlar qalam bilan yozilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ochiq qolgan joylarga chiziq tortib qo‘yiladi.

Har bir ishonchnoma alohida tartib raqam bilan ro‘yxatga olinadi. Ro‘yxatga olish kitobida qayd etilgan ishonchnoma raqami fuqarolar yig‘inining raisi (oqsoqoli) tomonidan tasdiqlanadigan yoki beriladigan ishonchnomaning tasdiqlovchi yozuvida ko‘rsatiladi.

Ro‘yxatga olish kitobidagi tartib raqamlarining raqamlanishida xatolikka yul qo‘yilsa. alohida ma'lumotnoma tuziladi va fuqarolar yig‘ini raisining (oqsoqolining) imzosi va muhri bilan ro‘yxatga olish kitobiga yelimlanib qo‘yiladi.

Ishonchnomalarni tasdiqlash fuqarolar yig‘ini joylashgan binoda amalga oshiriladi. Fuqaro kasalligi, nogironligi tufayli yoki boshqa sabablarga ko‘ra fuqarolar yig‘iniga bora olmaydigan ayrim hollarda ishonchnomalar fuqarolar yig‘ini binosidan tashqarida, ya'ni mazkur jismoniy shaxs yoxud uning vakili joylashgan joyda to‘ldirilishi mumkin.

Ishonchnomalar fuqarolar yig‘ini joylashgan binodan tashqarida to‘ldirilsa, hujjatning tasdiqlovchi yozuvida va ishonchnomalarni ro‘yxatga olish kitobida ishonchnoma rasmiylashtirilgan joyning manzili ko‘rsatiladi.

Mavzuga oid