Jamiyat | 18:16 / 21.04.2019
28173
5 daqiqa o‘qiladi

Jarqo‘rg‘ondagi aholi nega o‘zi qazigan ichimlik suvi qudug‘idan foydalanishi mumkin emas?

Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumani «O‘rikli» mahallasida istiqomat qiluvchi Yusuf bobo Qulmatov nomidan tahririyatimizga murojaat kelib tushdi.

Murojaat mazmuniga ko‘ra, Yusuf bobo 2003 yilda o‘z shaxsiy mablag‘lari hisobidan xalqni ichimlik suvi bilan ta'minlash maqsadida qazdirgan ichimlik suvi qudug‘ini rasmiylashtirishda murojaat qilmagan tashkilot qolmagan, biroq muammo ijobiy hal bo‘lmay kelmoqda.

Kun.uz muxbiri vaziyat bilan tanishish uchun Jarqo‘rg‘on tumanining O‘rikli mahallasida bo‘ldi.

Chindan ham, Yusuf bobo 2003 yilda ekin maydoni chetidan 160 metr chuqurlikdan quduq qazdirib, suv chiqargan. Mahalla ahli bir necha yildan buyon undan foydalanib kelgan. Ayni paytda bir yarim yildan buyon quduq faoliyat ko‘rsatmayapti. Yusuf bobo quduq ishga tushishi, tuman «Suvoqova» DUK tashkiloti uning himoya zonasini belgilab, tashkilot o‘z hisobiga rasmiylashtirib olishini istaydi. Maqsad — aholi ichimlik suvidan bahramand bo‘lishda davom etishi kerak.

«Suvoqova» DUK Jarqo‘rg‘on tuman bo‘limi rahbari Elmurod Tojimurodov ham yetib kelib, vaziyatni tushuntirdi:

— Avvalo, yer osti suvlari yildan yilga pastga tushib ketmoqda. Biz shu yerdan sal nariroqdan aholini ichimlik suv bilan ta'minlash uchun 240 metrdan suv burg‘iladik. Chiqqan suv sho‘r, ichishga yaroqsiz bo‘lgani uchun 265 metrdan suv chiqardik.

Jarqo‘rg‘on tumani hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Jovli Shopo‘latov vaziyat yuzasidan shunday fikr bildirdi:

— Aholini ichimlik suvi bilan ta'minlashda xavfsizlik masalasi ham turibdi. Bunday ishlar belgilangan tartib asosida amalga oshiriladi. Gidrogeologlarning xulosasi albatta kerak. Bu quduqdan chiqadigan suv laboratoriyaning ijobiy xulosasini ololmagan. Bu — birinchidan.

Ikkinchidan, mazkur quduq, sug‘orib haydaladigan unumdor yer hududidan qazilgan. Avvalo, bu mumkin emas. Vazirlar Mahkamasi qarori bilan 30x30 metr himoya zonasi ajratiladi. Lekin bu quduqqa muhofaza zonasi ajrata olmaymiz. Boz ustiga, gidrogeologlarning ijobiy xulosasisiz bu quduqdan foydalanib bo‘lmaydi.

Elmurod Tojimurodovning aytishicha, mazkur hududda davlat dasturi asosida 859 million so‘m pul ajratilib, 8 km 22 metr quvurlar yotqizilib, aholiga ichimlik suvi tarqatish uchun tizim taxt holatga keltirilgan. 25ta kran (gusok) chiqarib qo‘yilgan. Bu ishlarning barchasi tasdiqlangan loyiha asosida bajarilgan. Suv tarkibi ham barcha talablarga javob beradi. Yaqin bir-ikki kunda ishga tushirib yuboramiz.

«Bu quduqni ishlatish uchun uni yanada chuqurroq qazib, sifatli suv qatlamiga yetish, suv minorasi qurish, uning muhofaza zonasini belgilash kerak. Bularning barchasi viloyat, respublika darajasida hal qilinadigan ishlar», — dedi Jovli Shopo‘latov.

«Bu yerdagi aholini uzluksiz ichimlik suvi bilan ta'minlash uchun, yaqinda ishga tushadigan yangi tizimga yana 100 metrcha quvur ulab, mana shu quduq turgan joygacha 32 diametrlik ichimlik suvi quvur tortib beramiz, — dedi «Suvoqova» DUK Jarqo‘rg‘on tuman bo‘limi rahbari Elmurod Tojimurodov. — Mazkur quduqni qayta ishga tushirish, hudud xonadonlarini to‘liq ichimlik suv bilan ta'minlash uchun davlat dasturiga qo‘shish kerak. Qo‘shimcha bajariladigan ishlari bor».

«Tumandagi 200 ming aholining 75 foizi ichimlik suvi bilan ta'minlangan. Tumanda har yili to‘rtta suv minorasi barpo etish davlat dasturi asosida amalga oshirilmoqda. Ularning har biri qariyb 3 ming aholini, jami 12 ming aholini ichimlik suvi bilan ta'minlanmoqda. Eski uskunalar ta'mirlanmoqda, buloqlarning ko‘zi ochilmoqda. Sekin-asta tumandagi barcha mahallalarni qamrab olamiz», — deydi tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Jovli Shopo‘latov.

Xullas, mazkur quduqni rasmiylashtirishning hozircha imkoni yo‘qligi aholiga tushuntirildi. Chunki, avvalo suv tarkibi talabga javob bermaydi, aholini ta'minlaydigan minora, suv quvurlari liniyalari mavjud emas. Tuman mutasaddilari aholini sifatli ichimlik suv bilan ta'minlash uchun 100 metr quvur tortib berishni va'da qilishdi.

Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid