O‘zbekiston | 12:20 / 21.04.2019
12351
4 daqiqa o‘qiladi

Vazirlik: Jambuldagi fojiada jabrlanganlarning har birining sog‘lig‘i alohida nazoratga olindi

20 aprel kuni tonggi soat 05:09 da Qozog‘istonning Jambul viloyati Qorday tumanidagi «Chimkent- Olmaota» trassasining 181-kilometrida avtobus ishtirokida yo‘l–transport hodisasi ro‘y berdi. 49 nafar yo‘lovchisi bo‘lgan avtobus halokatga uchrashi oqibatida 11 halok bo‘lgan. Baxsiz hodisa oqibatida vafot etganlarning 3 nafari O‘zbekiston fuqarolari bo‘lib, yana 13 nafar o‘zbekistonlik turli darajada jarohatlangan.

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning jabrlanganlarga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatish va yurtimizga olib kelish bo‘yicha bergan topshirig‘iga ko‘ra, hukumat komissiyasi tuzilib, maxsus samolyot ajratildi. Yo‘l-transport hodisasi natijasida jarohatlangan hamyurtlarimiz ushbu bortda mamlakatimizga olib kelindi. Aviabort bilan Sog‘liqni saqlash vazirligining mas'ul xodimlari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori Kozim Mahkamov boshchiligidagi shifokorlar guruhi ham yetib bordi. 

— Biz maxsus aviabort bilan yetib borganimizda qozog‘istonlik shifokorlar tomonidan jarohatlangan hamyurtlarimizga tezkor birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan edi, — deydi Kozim Mahkamov. — Shifokorlar guruhi Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari bilan jarohatlanganlarni aviabortga chiqargach, bortning o‘zida ularning salomatligi qayta tekshiruvdan o‘tkazildi. Kerakli muolajalar zudlik bilan bajarildi. O‘zbekistonda bizni maxsus jihozlangan «Tez tibbiy yordam» avtomashinalari kutib oldi va bemorlar zudlik bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yetkazildi. 

Jarohatlanganlar orasida qoraqalpog‘istonlik 34 yoshli Omirbek Xayitbayevning jarohati ancha og‘ir edi. Agar unga o‘z vaqtida malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, hayoti xavf ostida qolayotgan edi. Shifokorlarning shoshilinch ravishda  urinishlari natijasida Omirbek Xaytibayevda murakkab jarrohlik operatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Hozir bemor o‘zini yaxshi his qilmoqda.

— Avariyadan  ko‘pchiligimiz  o‘zimizni yo‘qotib qo‘ydik. Chunki qattiq qo‘rqqan edik, — deydi hozirda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida davolanayotgan qashqadaryolik Abbos Oljabayev. — Shunday paytda kimga xabar berish, kimdan yordam so‘rashni ham bilmay qolar ekansan. Shunda eshitdikki, Prezidentimiz bizni Vatanimizga olib ketish uchun samolyot yuborgan ekanlar. Buni eshitib, hammamiz yig‘lab yubordik. Axir, o‘zga yurtda og‘ir ahvolda turganingda sendan xavotir olib, Prezidentning o‘zi samolyot yuborsa bundan quvonmay bo‘ladimi...? Barcha g‘amxo‘rliklari uchun davlatimiz rahbariga rahmat. Biz qayerda bo‘lmaylik, Vatan himoyasida ekanligimizni his qildik. 

Hozirda yurtimizga keltirilgan fuqarolarimizga Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida malakali tibbiy-jarrohlik muolajalari ko‘rsatilmoqda. 20 aprel soat 12:00gacha ularning 2 nafariga murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgan bo‘lsa, ayni paytda yana 3 nafar bemor operatsiya stoliga olingan. 

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida halokat oqibatida jabrlanganlarga yuqori malakali tezkor va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Qo‘shimcha dori-darmon va tibbiy vositalar yetkazib berilgan.

Mavzuga oid