O‘zbekiston | 22:00 / 22.04.2019
23315
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdan davlat uyini sotib olish uchun 10 yillik propiska so‘ralishi mumkin - «Hokimiyatdagilar bu muddatni qayerdan olishgan?»

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning qarori loyihasi muhokamaga qo‘yilgan edi. Qaror bilan Toshkent shahrida 2017—2021 yillarda qurilgan ko‘p qavatli uylardagi turar joylarni sotish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash rejalashtirilgan.

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning yozishicha, «bu yerda gap Sergelida qurilayotgan, xalq tilida «arzon uylar» deb ataladigan va davlat tomonidan qurilgan (xususiy emas) turar joylar haqida ketmoqda».

Muhokamalarda deyarli barcha qarorning bir bandiga e'tiroz bildirgan.

Ya'ni nizomga ko‘ra, Toshkent shahrida 2017-2021 yillarda qurilgan ko‘p qavatli uylardagi turar joylarni sotib olish huquqiga ega talabgorlar toifasidan biri sifatida Toshkent shahrida 10 yildan kam bo‘lmagan davrda doimiy ro‘yxatda (propiskada) turgan budjet tashkilotlaridagi Davlat xizmatchilari va ishchilari ko‘rsatilgan. Shuningdek, talabgorlar safiga yosh oilalar, eskirgan uy-joylarda istiqomat qiluvchilar va yashash sharoitini yaxshilashga muhtoj fuqarolar ham kiritilgan.

Muhokamalarda qatnashganlar «nima uchun 10 yil propiskada bo‘lishi kerakligi, bu muddatni hokimiyatdagilar qayerdan olishgani» haqidagi savollar qo‘yishgan.

«Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan doimiy ro‘yxatga qo‘yilgan xodim 3 yildan keyin nomiga turar joy rasmiylashtirishi mumkin. Toshkent shahrida 2017—2021 yillarda qurilgan ko‘p qavatli uylardan olish uchun yana 7 yil uysiz yurishi kerakmi, topgan pulini kvartiraga sarflab? Shu «10 yil» so‘zini yozgan odam 1 yil uysiz yashab ko‘rganida bu so‘zni yozmagan bo‘lardi», deyilgan izohlardan birida.

Loyiha muhokamasi 23 aprelda yakunlanadi.

Mavzuga oid