Sport | 11:00 / 25.04.2019
13082
6 daqiqa o‘qiladi

«Vulverhempton» APL yetakchilari «qotili» - Ular deyarli barchani yengishmoqda

Foto: Molly Darlington - AMA/Getty Images

«Vulverhempton» joriy mavsumda chempionat yetakchilariga qarshi o‘yinlarga alohida ishtiyoq bilan tushmoqda. «Chelsi»ga qarshi o‘yinlarda bir g‘alaba va bir durang, «MYu» bilan o‘yinlarda bir g‘alaba va bir durang, «Liverpul» bilan o‘yinda mag‘lubiyat (APL doirasidagi ikkinchi o‘yin hali o‘tkazilmadi - oxirgi turda mersisaydliklar taqdirini aynan shu jamoa hal qiladi, shu bilan birga, yanvar oyida «Vulverhempton» «Liverpul»ni Angliya Kubogidan chiqarib yuborgandi),«Tottenhem» bilan o‘yinlarda bir g‘alaba va bir mag‘lubiyat. Bu jamoa faqat «Siti»ga bir o‘yinda yutqazdi va ikkinchisida durang o‘ynadi. «Bo‘rilar»ga yutqazmagan «Arsenal» ham bor edi: jamoalarning birinchi davradagi o‘yinida durang qayd etilgan. Grandlar bilan o‘yinlarda bunday statistika qayd etish APL uchun unikal holdir. Bunday ishni faqat «Sanderlend» (96/97) va «Blekbern» (92/93) amalga oshirgan, bu jamoalar bir mavsumda yuqori oltilikdagi jamoalarga qarshi o‘yinda hech bo‘lmaganda 4 martadan g‘alabaga erishgandi.

Bu mavsumda esa «Vulvs» kuchli oltilikdagi jamoalarga qarshi o‘yinlarda 13 ochko oldi, bu borada faqat «Liverpul» va «Manchester Siti» yaxshiroq statistikaga ega. Jamoa liderlarga qarshi 10 o‘yindan faqat 3tasida yutqazgandi. Taqqoslash uchun, «bo‘rilar» xavfli hududdagi jamoalarga qarshi 5 o‘yindan ham 3tasida yutqazgan. 

«Vulverhempton» Sulsherning «Manchester Yunayted»ga kelishidan keyin boshlagan sehrli mag‘lubiyat seriyasiga barham bergan jamoa bo‘lgandi - 2:1. Norvegiyalik mutaxassis o‘shanda bu mag‘lubiyatni ortga qaytishning boshlanishi deb atagandi. 

Unai Emerida bu o‘yin arafasida tashvishlanishga asoslar yetarli edi. O‘yin arafasida u o‘z futbolchilarining o‘yinga tayyorgarligi haqida gapirmaslikka harakat qildi.

«Kutamiz. Men kimlar o‘yinga tayyorligi haqida ayta olmayman. Men futbolchilarga aloqador hech qanday ma'lumotni, sxemalar, zayavka, tarkib haqida aytmayman.

Chaka bugun o‘ynaydimi? Kechirasiz, men barcha ma'lumotni ertangi o‘yingacha sir saqlamoqchiman. Bu siz tufayli emas, shunchaki bu o‘z foydamiz uchun. 

Men birinchi marta shunday qilmoqdamanmi? Ba'zida odatlarni o‘zgartirib turgan ma'qul. Men shuni afzal bildim. Gap sizda emas, bu jamoamizning turnir jadvalidagi o‘rni uchun», – deya xavotirdaligini bildirgandi Emeri. 

Lekin birinchi bo‘limdayoq baskning metodi ish bermagani ayon bo‘lib qoldi. Nunu Eshpiritu Santu shogirdlari tanaffusga qadar uch gol urib ulgurdi, bu klub tarixidagi ilk marta shunday natija ko‘rsatilishi edi.

«Bo‘rilar» «Arsenal»ni oxirgi marta 40 yil muqaddam yengishgandi. 1979 yildan keyin jamoalar jami 20 uchrashuv o‘tkazishgan, bu o‘yinlarning 16tasida londonliklar g‘olib bo‘lishgan, 4 o‘yin durang bilan yakunlangandi. Ular bu safargi o‘yinning ikkinchi bo‘limida hech bo‘lmasa bitta javob goli urish uchun harakat qilishdi.

«Vulverhempton» APLga qaytishining ilk mavsumidayoq 7-o‘rinda bormoqda. Klubga xitoylik investorlarning Fosun guruhi egalik qiladi, transferlar bilan jiddiy agent Jorjye Mendesh shug‘ullanadi. «Bo‘rilar» kelajak uchun katta ambitsiyalarga ega, ular faqat yetakchilardan ochko olib, kuchsiz jamoalarga ochko ulashish bilan shug‘ullanadigan jamoa bo‘lib qolmoqchi emaslar.

«Arsenal» esa ketma-ket ikki o‘yinda mag‘lub bo‘lib, turnir jadvalida beshinchi o‘ringa tushib ketdi - ayni vaqtda «Chelsi» 67 ochko bilan to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarilgan, holbuki «Arsenal» «Kristal Pelas» va «Vulverhempton»ni mag‘lub etganida, ayni vaqtda 72 ochko bilan uchinchi o‘rinda joylashgan va YeChL yo‘llanmasini kafolatlagan bo‘lardi. Endi jamoa Yevropa Ligasida g‘olib bo‘lib, yo‘llanmaga ega bo‘lishga harakat qiladi.

Angliya chempionati
Qoldirilgan o‘yin
31-tur
Vulverhempton – Arsenal 3:1
(3:0, 0:1)
Gollar: 1:0 – 28 Ruben Nevesh, 2:0 – 37 Doerti, 3:0 – 45 Diogu Jota, 3:1 – 80 Papastatopulos.
Vulverhempton – Ruy Patrisiu, Bennett, Koudi, Boli, Doerti, Dendonker, Ruben Nevesh, Moutinyu (Gibbs-Uayt, 90), Kastro, Ximenes (Traore, 82), Diogu Jota (Kavaleyru, 78).
Arsenal – Leno, Meytlend-Naylz, Papastatopulos, Koselni, Monreal, Torreyra (Genduzi, 59), Chaka, Mxitaryan (Kolashinats, 58), O‘zil, Ivobi (Nketia, 71), Lyakazett.
Ogohlantirishlar: Doerti (17), Monreal (27), Chaka (31), Torreyra (45), Bennett (84).

Turnir jadvalidagi holat

Mavzuga oid