Sport | 14:25 / 29.04.2019
6510
2 daqiqa o‘qiladi

Kannavaro Xitoy milliy jamoasi bosh murabbiyligidan ketdi

Foto: Zhizhao Wu/Getty Images

Fabio Kannavaro ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Xitoy milliy jamoasi boshqaruvidan ketganini e'lon qildi.

45 yoshli mutaxassis bu qarorini oilasiga va «Guanchjou Evergrand» klubi bosh murabbiyi sifatidagi faoliyatiga ko‘proq e'tiborini qaratishi kerakligi bilan izohlagan.

«Men bir necha yildan buyon yashab kelayotgan mamlakatga hurmat saqlagan holda Xitoy milliy jamoasi bosh murabbiyi lavozimini topshirish qarorim haqida ma'lum qilishni joiz deb bilaman», – deb yozgan Kannavaro Weibo`dagi sahifasida.

Italiyalik murabbiy xitoyliklar milliy jamoasini fevral oyida hamyurti Marchello Lippidan qabul qilib olgandi. Lippi jamoani Osiyo kubogi chorak finaligacha olib chiqib, shartnoma muddati tugagani sabab iste'foga chiqqan, so‘ng uning o‘rnini 2017 yildan buyon «Guanchjou Evergrand» bosh murabbiyi bo‘lib kelayotgan Kannavaro egallagandi.

Bir vaqtda ham klubni, ham terma jamoani boshqargan Fabio Xitoyni mart oyida shu mamlakatda bo‘lib o‘tgan «China Cup» turniri doirasidagi ikkita o‘yinda maydonga boshlab tushdi. Yarim finalda Tailandga yutqazib qo‘ygan (0:1) mezbonlar uchinchi o‘rin uchun bahsda O‘zbekiston milliy jamoasiga ham imkoniyatni boy berishgandi (0:1). O‘zbekiston bilan o‘yinda xitoyliklar darvoza tomon birorta ham aniq zarba yo‘llashmaganini ta'kidlash joiz.

Kannavaro boshqaruvidagi «Guanchjou Evergrand» Xitoy chempionatida 7-turdan keyin 2-o‘rinda bormoqda.

Mavzuga oid