Jamiyat | 20:23 / 30.04.2019
34571
4 daqiqa o‘qiladi

Afg‘on urushi qatnashchisiga sud qarori bilan imtiyozli pensiya tayinlandi

Saytimizga aholi tomonidan turli-tuman murojaatlar kelishda davom etmoqda. Murojaatlar orasida harbiy sohaga taalluqli shikoyatlar ham bor. Hususan, sobiq sovet davrida yurtimizdan harbiy xizmat uchun Afg‘onistonga yuborilgan vatandoshlarimiz tomonidan yo‘llangan murojaatlarda afg‘on urushi qatnashchilariga bir yil uch yilga tenglashtirilib pensiya tayinlash qonunchiligimizda belgilab qo‘yilgani, ammo bu qonun normasiga ko‘plab davlat tashkilotlarida bepisandlik bilan qarab kelinishi bayon etiladi.

Afg‘on urushi qatnashchisining sudga e'tirozi

Shunday masalalardan biri o‘tgan yili Oliy sudda yilda ko‘rib chiqilgan. Unga ko‘ra, sobiq harbiy xizmatchi A.A. 1988 yil may oyidan 1989 yil fevraliga qadar Afg‘onistondagi harbiy qismlardan birida harbiy xizmatni o‘tagan. So‘ngra 2000 yildan harbiy xizmatga chaqirilib to 2016 yilda sog‘lig‘i bo‘yicha nafaqaga chiqishiga qadar xizmatni o‘tagan. O‘zbekiston Mudofaa vazirligi Moliya-iqtisod bosh Boshqarmasi mansabdor shaxslari pensiyani noto‘g‘ri hisoblashi natijasida harbiy xizmat davri 19 yil 7 oy sifatida belgilangan.

A.A. bu masala yuzasidan sudga murojaat qiladi. Birinchi instansiya sudi va apellyatsiya instansiyalari tomonidan ish ko‘rib chiqiladi. Biroq uning arizasi qanoatlantirilmaydi. Shunda sobiq harbiy Oliy sudga murojaat etadi. Oliy sudning fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati ishni ko‘rib chiqdi va ajrimga ko‘ra, oldingi instansiya qaror va ajrimlari bekor qilindi. Shuningdek, Mudofaa vazirligi Moliya-iqtisod bosh Boshqarmasi mansabdor shaxslari ustidan berilgan shikoyatni qanoatlantirdi va harbiy xizmat davrini imtiyozli ravishda hisoblashni rad etish harakati g‘ayriqonuniy deb topilib, Afg‘onistonda o‘talgan davr imtiyozli, ya'ni bir yilni uch yilga hisoblash vazifasi yuklatildi.

Sud bu qarorga kelishiga qaysi qonun hujjatlari sabab bo‘ldi?

- «Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida»gi Qonunining 38-moddasi;

- «Mudofaa vazirligida harbiy xizmatchilar va ularning oila a'zolariga davlat pensiya va nafaqalarini tayinlash va to‘lash tartibi haqida»gi Nizomning 12-bandi;

- «SSSR Mudofaa vazirligi tizimida harbiy xizmatchilar va ularning oila a'zolariga davlat pensiyalari va nafaqalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida»gi Nizom 21-moddasi «b»-bandi va 24-moddasi «i»-bandi;

- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ 257-sonli qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risida»gi Nizom 24-bandi.

Mazkur fuqarolik ishi Respublika Harbiy prokuraturasining nazorat protesti asosida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudning fuqarolik ishlari bo‘yicha hay'ati tomonidan 2018 yilning 3 oktabr kuni ko‘rib chiqilib, quyi instansiya sudlarining noqonuniy qarorlari bekor qilingan va Mudofaa vazirligi mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari g‘ayriqonuniy deb topilib, A.Abduraxmonovning buzilgan huquqlarini tiklash bo‘yicha majburiyat yuklatilgan.

Agar sizda ham shunday holat kuzatilayotgan bo‘lsa, sudga murojaat qiling.

Ushbu ma'lumot O‘zbekiston Respublikasi harbiy prokuraturasi tomonidan taqdim etilgan Oliy sud ajrimi asosida yozildi.

Mavzuga oid