O‘zbekiston | 16:55 / 30.04.2019
15584
3 daqiqa o‘qiladi

Sharg‘unda 105,5 million dollarlik loyiha amalga oshirilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev Sariosiyo tumanidagi Sharg‘un ko‘mir konida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. 

«Davlatimiz rahbarining joriy yil 7 martdagi qaroriga muvofiq «O‘zbekko‘mir» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv tizimi takomillashtirilib, ko‘mir sanoatini barqaror rivojlantirishga yo‘naltirilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

Sharg‘un ko‘miri sifatining yuqoriligi, zaxirasi ko‘pligi bilan boshqalardan ajralib turadi. Bugungi kunda bu yerda 2017-2020 yillarga mo‘ljallangan 105,5 million dollarlik loyiha amalga oshirilyapti. Xitoy bilan hamkorlikdagi ushbu loyiha natijasida 2021 yildan boshlab bir yilda 900 ming tonna toshko‘mir qazib olinadi. 600 ta ish o‘rni yaratiladi. «O‘zbekenergo» aksiyadorlik jamiyatining Angren va Yangi-Angren issiqlik elektr stansiyalari, sement zavodlari, aholi va boshqa iste'molchilarga toshko‘mir yetkazib berish ko‘payadi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Ayni paytda konning asosiy zaxirasi tomon tunnel qazib borilmoqda. Hozirgacha 2 kilometrdan ziyod shunday yo‘l qurildi. Yana 1,5 kilometrdan so‘ng, 33 million tonnalik asosiy ko‘mir zaxirasiga yetib boriladi.  

Davlat rahbariga Surxondaryo viloyatida toshko‘mir qazib chiqarishni rivojlatirishning asosiy yo‘nalishlari haqida ma'lumot berildi. 

«Bunday sifatli ko‘mir hech qayerda yo‘q. Aql, ilm bilan undan samarali foydalanib, xalqimiz manfaati uchun ishlatishimiz kerak», - degan davlat rahbari.

Shu yerning o‘zida «Sharg‘unko‘mir» aksiyadorlik jamiyatini modernizatsiya qilish, Boysun va Sherobod tumanlaridagi konlarda ko‘mir qazib chiqarishni tashkil etish, Sariosiyo tumani va Sharg‘un shaharchasini 2019-2020 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish loyihalari taqdimoti ham o‘tkazildi. 

Shavkat Mirziyoyev konchilikni yanada rivojlantirish, buning uchun sohaga oid zamonaviy texnologiyalarni yaxshi biladigan mutaxassislar tayyorlash zarurligini ta'kidladi. Sharg‘un shaharchasini yangidan qurish,  tadbirkorlik va chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Mavzuga oid