Sport | 18:12 / 30.04.2019
13114
8 daqiqa o‘qiladi

Yo‘liga tushib olgan «Lokomotiv», Qosimov jamosiga 4 ta gol urgan «Nasaf», 5 turdan buyon gol urayotgan Temurxo‘ja – Superliga 6-tur yakunlari

29 aprel kuni Superligada 6-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Bu turda yetakchilar «Paxtakor» va «Lokomotiv» g‘alaba qozonishdi. «Temiryo‘lchilar» ketma-ket 5-o‘yinda g‘alaba qozonib, «Paxtakor»ni ta'qib qilishda davom etmoqda. «Lokomotiv» hujumchisi Temurxo‘ja Abduxoliqov Superliganing ketma-ket 5 ta o‘yinida gol urgani ahamiyatli. Quyida 6-turning qiziqarli voqealarini eslaymiz.

Hafta o‘yini: «Dinamo» – «Navbahor».

Turning eng qiziqarli o‘yini Samarqandda o‘tkazildi. «Dinamo» o‘z maydonida «Navbahor»ni qabul qildi. Ravshan Ermatov boshqarib borgan o‘yinda Namangandan yuzlab muxlislar tashrif buyurdi. Bu o‘yinning darajasidan dalolat. «Navbahor» bu uchrashuvda favorit edi, chunki namanganliklar oldingi turda mag‘lubiyatsiz davom etayotgan «Surxon»ni to‘xtatib qolgandi.

Biroq «Dinamo» o‘z maydonida yaxshi harakat qildi va o‘yin 2:2 hisobida yakunlandi. Samarqandliklar safida Qadamboy Nurmetov va Sardor Eminov gol urishdi, «Navbahor»ning gollariga Aleksandr Kasyan hamda Slavko Lukich mualliflik qilishdi.

Samarqanddagi o‘yin yuqori tempda o‘tgani bilan ko‘pchilikka ma'qul bo‘ldi. O‘yinni boshqarib borgan hakam Ravshan Ermatov ham buni ta'kidladi. Hakam o‘yindan so‘ng har ikki jamoa murabbiylariga bizga mana shunday futbol kerak ekanini aytdi.

Ikkita penalti va bitta qizil kartochka: «Paxtakor» Jizzaxda qiyin g‘alabaga erishdi

O‘tgan turda Ulug‘bek Baqoyev qo‘l ostida ilk o‘yinini o‘tkazib, «Metallurg»ni mag‘lub etgan «So‘g‘diyona» 6-turda o‘z maydonida «Paxtakor»ni qabul qildi. Baqoyev jizzaxlik futbolchilarni ruhlantirgani ko‘rindi va ular «Paxtakor»ga jiddiy qarshilik ko‘rsatishdi. 73-daqiqagacha «So‘g‘diyona» futbolimiz bayroqdorining hujumlariga dosh berdi, lekin aynan shu daqiqada Dragan Cheran fenomenal zarbasi bilan hisobni ochdi. 83-daqiqada esa Sherzod Qosimov jarima maydonchasida Doston Hamdamovga qarshi qo‘pollik ishlatilgani uchun «Paxtakor» darvozasiga penalti belgiladi. Standartni Jaloliddin Masharipov golga aylantirdi.

Jizzaxliklar penaltidan urilgan gol evaziga farqni qisqartirishdi, lekin qolganiga bir kishi kam bo‘lib o‘ynagan «So‘g‘diyona»ning kuchi yetmadi. Shohruz Norxonov 3 daqiqa ichida ikkita sariq kartochka olib, 58-daqiqada maydondan chetlatildi.

«Lokomotiv» o‘z iziga tushib oldi

Amaldagi chempion «Lokomotiv» 1-turda «Paxtakor»ga yengilganidan so‘ng faqat g‘alaba qozonmoqda. Ketma-ket 5-o‘yinda g‘alaba qozongan «Loko» yetakchi «Paxtakor»ni izma-iz tanqid qilmoqda. Bu turda «temiryo‘lchilar» Navoiyning «Qizilqum» jamoasini qabul qilib xotirjam tarzda g‘olib bo‘lishdi.

Temurxo‘ja Abduxoliqov, Islom To‘xtaxo‘jayev hamda Jamshid Iskanderovlar chiroyli gol urib, «Lokomotiv»ning g‘alabasini ta'minlashdi. «Qizilqum» murabbiyi Hamidjon Aktamov o‘yindan keyin keskin gaplar aytdi. Uning fikricha, hamma «Qizilqum»ning mag‘lubiyatidan so‘ng Aktamov murabbiy emas, menejyer degan gapni eslab qoladi. Shuningdek murabbiy «Qizilqum»da doim maydonga tushadigan 10 ta futbolchi borligini aytib, zaxira o‘rindig‘ining keng emasligidan nolidi.

Temurxo‘ja 5 ta o‘yindan buyon gol urmoqda

«Lokomotiv»ning 6-turdagi o‘yinida ham gol urgan Temurxo‘ja Abduxoliqov ajoyib seriya qayd etmoqda. U Superliganing ketma-ket 5-o‘yinida gol urdi. Temurxo‘janing gollaridan «Navbahor», «Andijon», OKMK, «Buxoro» va «Qizilqum» navbati bilan «jabr ko‘rdi». Mavsum avvalini samarali o‘tkazayotgan Abduxoliqov hozirgacha «Loko» safida 11 o‘yinda qatnashib, 8 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.

Qosimov jamoasi Qarshida 4 ta gol o‘tkazib, oxirgi pog‘onaga «sho‘ng‘idi»

Mirjalol Qosimov qo‘l ostidagi OKMK o‘z maydonida «Qo‘qon-1912»ga 7 ta gol urganidan so‘ng klubda hammasi joyiga tushgandek ko‘ringandi, ammo bunaqaga o‘xshamaydi. 6-turda Olmaliq klubi Qarshida «Nasaf» mehmoni bo‘ldi va 0:4 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Andijondagi mag‘lubiyatdan alamzada bo‘lgan qarshiliklar Qosimov jamoasini ayab o‘tirishmadi.

O‘yindan so‘ng Ro‘ziqul Berdiyev jamoasi Mirjalol Qosimovni «saqlab qolish» haqida o‘ylamaganini ham aytdi. Bu g‘alabadan so‘ng «Nasaf» oxirgi pog‘onani tark etdi va birdaniga 8-o‘ringa ko‘tarildi. OKMK esa oxirgi o‘ringa joylashdi.

«Qo‘qon-1912» darvozasiga noto‘g‘ri penalti belgilagan hakam diskvalifikatsiya qilindi

6-turning «Metallurg» hamda «Qo‘qon-1912» jamoalari o‘rtasidagi o‘yinida bekobodliklar 3:1 hisobida g‘alaba qozonishdi. «Metallurg»ning gollaridan birini Stanislav Andreyev penaltidan urdi. O‘FA qoshidagi hakamlar faoliyati bilan shug‘ullanuvchi departament Bekoboddagi o‘yinda ishlagan hakam Ahrol Risqullayevning penalti belgilangan vaziyatdagi qarorini xato deb topdi. Oqibatda Risqullayev Superliga o‘yinlarini boshqarishdan «noma'lum muddatga» chetlashtirildi.

«Bunyodkor» Buxoroda mag‘lubiyatdan qutulib qoldi

Vadim Abramov murabbiyligidagi «Bunyodkor» bu turda «Buxoro» mehmoni bo‘ldi. «Qaldirg‘ochlar» yosh futbolchilardan iborat jamoa bo‘lishiga qaramay, Buxoroga favorit sifatida yo‘l oldi. Baxtiyor Ashurmatov bilan o‘yinini topa olmayotgan «Buxoro» birinchi bo‘limni murabbiyning ta'biri bilan aytganda «uyaladigan tarzda yomon» o‘tkazdi. Birok ikkinchi bo‘limda hisobni tenglashtirib, oldinga ham chiqib olgan buxoroliklar g‘alabani qo‘ldan boy berdi. O‘yinni yuqori saviyada o‘tkazgan Xurshid G‘iyosov dubl qayd etib, jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.

Hafta qahramoni: Xurshid G‘iyosov

Ko‘plab yetakchilar tark etgan «Bunyodkor»ning bugungi asosiy yulduzi Xurshid G‘iyosov. Milliy jamoada ham o‘ynashga ulgurgan G‘iyosovga ham boshqa klublardan takliflar bo‘lgandi, lekin u «Bunyodkor»da qolishga qaror qildi. Va adashmadi... Hozir «Bunyodkor»ning asosiy «qaldirg‘ochi» bo‘lgan Xurshid Buxoroda jamoasining haqiqiy yetakchisi ekanini ko‘rsatib, ikkita gol urdi. Uning birinchi goli ayniqsa chiroyli chiqdi. Xurshidni haftaning eng yaxshi futbolchisi deb topdik.

Mavzuga oid