O‘zbekiston | 12:00 / 03.05.2019
13509
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yer uchastkalarni xususiylashtirish bo‘yicha qonun Senatda ma'qullandi

Senat «Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida»gi qonunni ma'qulladi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda. 

44 moddadan iborat ushbu qonunda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirishga doir munosabatlarning barcha muhim jihatlari qamrab olingan.

Ma'lum qilinishicha, yer uchastkalarini xususiylashtirish sub'yektlari sifatida faqatgina O‘zbekiston fuqarolari va O‘zbekiston rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar belgilangan.

Shuni ham aytib o‘tish kerakki, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan hamma yerlar ham xususiylashtirilavermaydi. Qonunda bu borada aniq norma belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra:

  • belgilangan tartibda rejalashtirish sxemalari bo‘lmagan hududlarda joylashgan yerlar;
  • foydali qazilmalar konlari, davlat mulkidagi strategik obektlar joylashgan yerlar;
  • tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya maqsadlari va tarixiy-madaniy maqsadlar uchun mo‘ljallangan yerlar;
  • o‘rmon va suv fondlarining, shaharlar va shaharchalarning umumiy foydalanishdagi yerlari;
  • erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari ishtirokchilariga berilgan hamda shu kabi boshqa yerlar xususiylashtirilmaydi. 

«Davlat aktivlarini boshqarish agentligi yer uchastkalarini xususiylashtirishning ochiq va shaffof mexanizmi tashkil etilishini hamda Internet orqali elektron tarzda yer savdolari amalga oshirilishini ta'minlaydi, shuningdek elektron onlayn-auksionlar o‘tkazilishini tashkil etadi. Shuningdek, qonunda ko‘chmas mulk obektlari joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirishga oid normalar ham belgilangan.

Yer uchastkalarini xususiylashtirish jismoniy va yuridik shaxslarning arizalari asosida mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarori bilan amalga oshiriladi. Buning uchun to‘lov miqdori yer uchastkasi xususiylashtirilgan kundagi yer solig‘i stavkasining karrali miqdorlarida belgilanadi», - deya senator Bahodir Tojiyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri. 

Qonunda bo‘sh turgan va Urbanizatsiya jamg‘armasiga o‘tkazilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish elektron onlayn-auksion orqali amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Belgilangan yer uchastkalarining boshlang‘ich bahosi auksionga qo‘yilgan vaqtda ularning bozor qiymatiga teng etib belgilanadi.

Ta'kidlanishicha, xususiylashtirilgan yer uchastkalariga bo‘lgan mulkdorlik huquqi «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq, davlat tomonidan muhofaza qilinishi mustahkamlangan.

Mavzuga oid