Jamiyat | 15:30 / 09.05.2019
17252
5 daqiqa o‘qiladi

«Jangga borilmasin! Bugun hayit». Ikkinchi jahon urushi faxriysi hikoyalaridan

Kecha Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida tadbirda bo‘ldik. Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi bir nafargina qolibdi... 95 yoshga kirgan otaxonni yo‘qlab qaytdik.

O‘tgan asrning 80-yillarida har bir mahallada 30-40 nafar chopon kiyib yuradigan nuroniy chollar bo‘lar edi. O‘sha paytdagi 9 may bayramlari o‘tadigan maktab tadbirlarida sahna faxriylarga to‘lib-toshganiga guvohman.  

Mag‘rur otaxonlar urush voqealarini bizga hikoya qilib berar, hammasining oxirgi so‘zi, «Biz urush dahshatlarini ko‘rdik, illohim siz ko‘rmang», degan kalima bilan yakun topardi.

Mahallamizda yashaydigan sinfdoshimning dadasi rahmatli Alijon buva uzun bo‘yli kishi bo‘lib, doim velosiped minib yurar edi. Urush qatnashchisi bo‘lgan ota nimagadir jang voqealari haqida juda kam so‘zlagan. Lekin, u kishi aytib bergan bir voqea hali yodimda.

Qarangki, uning hayotiy hikoyasi aynan bugun yozishim uchun aytilgandek.

«Dahshatli urushning uchinchi yili. Janglarda chiniqib, tajribamiz oshib qolgan, fashistlarni o‘z iniga qarab quvayotgan paytimiz. Rota komandirimizning avlodi ofitser o‘tgan, o‘zi ham ziyoli, ko‘p kitob o‘qigan odam edi. Askarlarga ham past ovozda, tushunarli qilib buyruq berardi. Rotada o‘zbeklar, musulmonlar ko‘p edik. Oramizda qori yigitlar ham bo‘lgan.

O‘sha yili kuz oylarida Ramazon oyi kirdi. Qarangki, askar yigitlardan biri, ilmli yigit uch-to‘rt kun ro‘za ham tutibdi. Ateistlar hukmron bo‘lgan jamiyatda qandaydir diniy amalni bajarish, hatto din haqida gapirishga juda yomon qaralar edi. Tinimsiz dinga qarshi kurash ketar, lektorlar «dinning zararlari haqida» muntazam ma'ruzalar o‘qirdi.

Farosatli komandir bir kuni yonimga kelib, moxorka tutatib o‘tirdi va asta «Hayit bayramlaring qachon?», deya so‘radi. Uning ne maqsadda so‘raganini tushunmasam ham boshliqdan yomonlik chiqmasligini bilganim uchun, «aniqlab aytaman» dedim. O‘z diniga e'tiqodli bo‘lgan komandirimiz Islom dini, uning ahkomlari haqida ham ko‘p narsa bilar ekan. Nima qilsa ham ko‘p kitob o‘qigan kishi boshqa, baribir. Ancha gaplashib o‘tirdik.

Hayit kuniga uch kun qolganida unga xabarini berdim. Moviy ko‘zli boshliq xotirjam yuzimga qarab, «Bayram, bayramdek bo‘lishi kerak. To‘g‘rimi?» dedi. Men uning nima maqsadda bunday deganini tushunmas edim.

Ittifoqo, hayitdan bir kun oldin rota komandirimiz, polkka ketdi. Biz esa okopda front liniyasini qo‘ridik. Hayit kuni ertalab turganimizda ajoyib hodisaning guvohi bo‘lganim hali ham yodimda. Rota shtabi joylashgan qishloq klubiga uzun stollar qo‘yilib, ularning usti o‘sha payt uchun bayramona bezatilgan edi. Sur go‘sht, oq non, shirinlikni anchadan beri ko‘rmagan askarlar anqayib qolishdi. Rota komandiri biz musulmonlar uchun o‘z amali va vazifasini garovga qo‘yib, hayit bayrami uyushtirgan ekan.

«Zampolit» bu haqda hech kimga og‘iz ochmasligimizni so‘rardi. O‘sha kuni postga chiqmadik.

Rota komandiri xristian bo‘lganmi yoki boshqa din vakili bilmadim, lekin insoniylik jihatidan o‘rnak bo‘ladigan kishi edi»...  

Bugun Ramazon kunlarida o‘tganlarni xotirlayapmiz. Balki, kimdandir eshitgan hikoyamda nimalarnidir xato yozgan bo‘lishim mumkin. Agar shunday bo‘lsa, Yaratganni o‘zi kechirsin.

Urush haqida eshitgan eng ta'sirli hikoyalarimdan biri shu edi...                                                       

Elmurod Ermatov,

Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid