Sport | 10:00 / 09.05.2019
24720
9 daqiqa o‘qiladi

YeChLdagi eng yaxshi mavsum. «Ayaks» futbolga sodiq qoldi, finaldan quruq qoldi

Foto: TF-Images/Getty Images

Lukas Mouraning het-trigi «shporlar»ga Amsterdamda kambek qilib, YeChL finaliga chiqdi. Endi ular tarixda ilk bor «quloqli kubok» uchun maydonga chiqishadi.

Chempionlar ligasi. 1/2 final. Javob o‘yini
«Ayaks» (Niderlandiya) – «Tottenhem» (Angliya) – 2:3 (2:0)
Gollar
: de Ligt, 5 (1:0). Ziyosh, 35 (2:0). Lukas Moura, 55 (2:1). Lukas Moura, 59 (2:2). Lukas Moura, 90+6 (2:3).
«Ayaks» (Amsterdam): Onana, Mazraviy, de Ligt, Blind, Talyafiko, Shone (Feltman, 60), van de Bek (Magalyan, 90), de Yong, Ziyosh, Tadich, Dolberg (Sinkgraven, 67).
«Tottenhem» (London): Lloris, Tripper (Lamela, 81), Alderveyreld, Fertongen, Rouz (Deyvis, 82), Sissoko, Vanyama (Lorente, 46), Eriksen, Alli, Lukas Moura, Son Xin Min.
Ogohlantirishlar: Sissoko, 16. Dolberg, 50. Rouz, 76. Ziyosh, 77. Onana, 90+5.
Hakam: Brix (Germaniya).
8 may. Amsterdam. «Yoxan Kroyf Arena» stadioni.
Birinchi o‘yin – 1:0.

Mo‘jizaning odatga aylanishi
Liverpulda  mo‘jiza ro‘y berib, «Liverpul» «Barselona»ni 4:0 hisobida yengib, Chempionlar ligasi finaliga chiqqanidan keyin Amsterdamdagi o‘yindan ham istalgan natija kutish mumkin edi. Safardagi g‘alaba «Ayaks»ning imkoniyatlarini oshirib yuborgan, ammo «Tottenhem»da ham optimistik kayfiyat saqlanib qolgan, Chempionlar ligasida endi 0:1 hisobi hali hech narsani anglatmasdi. «Tottenhem»ga «Liverpul» yaxshi namuna bo‘lishi kerak edi. 

«Ayaks» bu o‘yinda klassik markaziy hujumchi bilan o‘ynashga qaror qildi. David Neres kichik jarohati tufayli boshlang‘ich tarkibga kirmadi, Erik ten Haag uning o‘rniga Kasper Dolbergni maydonga tashladi, Dushan Tadich «aldamchi to‘qqizlik» sifatida harakat qiladigan bo‘ldi. 

De Ligtning tezkor goli
Lekin 0:2 - boshqa ish, ayniqsa javob uchrashuvining 5-daqiqasidayoq hisob ochilsa. «Tottenhem»ning muammolari hushtak chalinishi bilan boshlanib ketdi va bu tez orada tabloda ham aks etdi. Avvaliga Lloris Tadichning xavfli zarbasini bartaraf etib, to‘pni burchak tomonga chiqarib yubordi. Burchak zarbasi ijro etilganida esa Shenening pasi de Ligtning boshiga «qo‘ndi», 19 yoshli sardor esa mehmonlar darvozasini ishg‘ol etdi. «Ayaks»ning Chempionlar ligasidagi 150-goli muhim golga aylanadigandek edi - bu niderlandlarning YeChL finali uchun navbatdagi qadami edi.

Son Xin Minning urinishlari
O‘tkazib yuborilgan goldan keyin javob o‘yiniga diskvalifikatsiyani o‘tab qaytgan Son Xin Min faollik ko‘rsata boshladi. U o‘tkir burchakdan yo‘llagan zarba ustunga tegdi, Eriksen esa qaytgan to‘pga yaxshi zarba bera olmadi. Koreyalik futbolchida yana vaziyatlar bo‘ldi, ammo uning keyingi zarbalari ham aniq bo‘lmadi.

Ziyoshning ikkinchi goli
Tanaffusga 10 daqiqa qolganida qarama-qarshilik taqdiriga nuqta qo‘yilgandek edi - van de Bek chap qanotdan tezkor hujum uyushtirdi, undan pas qabul qilib olgan Tadich qulay vaziyatda turgan Ziyoshni to‘p bilan ta'minladi - marokashlik futbolchi esa Llorisning uzoq burchagini aniq nishonga oldi. Londonliklar endi 3ta gol bilan javob qaytarishi talab etilardi.

Birinchi bo‘limda zarbalar berish bo‘yicha tenglik kuzatildi (6:6, aniq zarbalar bo‘yicha 3:2).

O‘yinda temp pasayishi
Lekin muxlislarni Chempionlar ligasining joriy mavsumi oxirgi soniyalarga qadar kutishga o‘rgatdi. Ikkinchi bo‘lim boshida Onana Allining kuchli zarbasini bartaraf etdi, ammo bu «shporlar»ni to‘xtata olmadi.

55-daqiqada Lukas Moura va Alli hujum uyushtirdi, bu hujum braziliyalik yarimhimoyachining a'lo darajadagi zarbasi bilan yakunlandi. 2:1 - endi bu intriga o‘yin oxiriga qadar saqlanib qolinishini ta'minlardi, lekin kutilganidan avvalroq hisob tenglashdi: Lorente yaqin masofadan Onanani dog‘da qoldirolmadi, Shone o‘z jamoasi darvozaboniga to‘pni egallab olishda xalaqit berdi va to‘p Mouraga kelib tushdi - u esa dublni rasmiylashtirdi. Amsterdam osmoniga Liverpul soya sola boshladi, endi YeChLda inglizcha final bo‘lishi ehtimoli oshib ketgandi.

Ziyoshning omadsizligi
«Ayaks» tashabbusni berib qo‘yishni istamasdi: Blind va Ziyosh ketma-ket yaxshi imkoniyatlarga ega bo‘lishdi, ikki safar ham zarba biroz xato ketdi. Keyingi vaziyatda het-trik uchun intilayotgan Moura raqib jarima maydoniga kirib bordi, uning zarbasi yo‘liga de Ligt to‘g‘anoq bo‘ldi. Undan keyingi vaziyatda esa mezbonlar sardori maydonning ikkinchi qismida xavfli vaziyat yuzaga keltirdi, lekin Fertongen «Ayaks» futbolchilariga uchinchi golni urishga imkon bermadi. 79-daqiqada Ziyoshning navbatdagi zarbasi darvoza ustuniga tegdi - niderlandlardan omad yuz o‘girgandi.

O‘yin yakunlanishiga 5 daqiqa qolganida Fertongen bosh bilan bergan zarbani Onana qahramonona to‘sib qoldi, «Tottenhem» futbolchilarining ikkinchi tempdagi zarbalarini «Ayaks» futbolchilari deyarli darvoza chizig‘idan qaytarib yuborishdi.

Hakam o‘yinga 5 daqiqa qo‘shib berdi, o‘sha daqiqalarning oxirgisining oxirgi soniyalarida Lloris maydonning ikkinchi qismiga yuqorilatib to‘p uzatdi - to‘pga ega chiqqan Moura qaytarib bo‘lmas zarba berdi - Onana uchinchi marta to‘pni o‘z darvozasidan olib chiqdi.

Foto: REUTERS

«Ayaks» 1954 yildan buyon ilk marta birinchi bo‘limdagi ikki to‘p farqidagi ustunlikni saqlab qololmasdan yutqazdi. Lui van Gaal jamoani balans yo‘qligida va ikkinchi bo‘limda Lorentega uzatilgan to‘plarni qaytara olmaganlikda ayblab bo‘ldi. Erik ten Haag esa jamoasini chempionatning qolgan o‘yinlariga tayyorlash juda qiyinligini tan oldi.

Futbolda shunday holatlar ham bo‘ladi.

Hozir hamma Mouraning uchinchi goli qanday yuzaga kelganini muhokama qilmoqda. Ammo boshqa vaziyat hal qiluvchi bo‘lgandi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarning to‘rtinchisida qarshi hujumga chopdi. Hisob 2:2 bo‘lib turgan vaziyatda amsterdamliklar oxirgi kuchlarini to‘plab maydonni qiyinchilik bilan bosib o‘tib hujumga chiqishdi. Ular maydonning har qarichi uchun kurashib bu hujumni uyushtira olishdi. To‘pga egalik qilayotgan futbolchilarda tanlov huquqi bo‘ladi - bunday holatda odatda boshqa futbolchilar to‘pni burchakka olib ketib, vaqtni o‘ldirishadi. Bu hujum vaqtida tribunalardagi yuzlab qo‘llar burchakka ishora qilishar, vaqt cho‘zishni so‘rashardi.

Ammo «Ayaks» boshqacha harakat qildi. Yosh amsterdamliklar hujumni zarba bilan yakunlashga qaror qilishdi - ammo zarba xato ketdi. Stadion bir qalqidi.

Bir daqiqadan keyin esa Moura de Ligtning oyoqlari orasidan to‘pni olib o‘tib, g‘alaba golini urdi.

Bu epizod amsterdamliklar jamoasining futbol ideallariga naqadar sodiqligini namoyish etdi. Jahonda futbol an'analarini saqlab qolgan jamoalar ko‘p emas, «Ayaks» o‘sha jamoalardan biridir. Ular kerakli follar qilishmadi, simulyatsiyalar qilishmadi, oxirgi daqiqalarda ham oldinga harakatlanib, hujum uyushtirishda davom etishdi. Ular futbol ideallariga xiyonat qilishni istashmadi. Oxirgi daqiqalarda muxlislarning o‘zi ulardan burchakka borib vaqt cho‘zishni so‘rashdi, ammo «Ayaks» bolalari zerikarli o‘yin qilishga rozi bo‘lishmadi.

Futbol shunday lahzalar uchun tirik. Bunday vaziyatlarda g‘olib kelishning qiymati balandroq, mag‘lub bo‘lishning fojiasi og‘irroq.

Ammo bu oqshomda qaysidir jamoa mag‘lub bo‘lishi kerak edi.

Chempionlar ligasining bu mavsumi haddan tashqari telbavor kechmoqda. Bu mavsumni yana bir jang yakunlab beradi: 1 iyun, Madrid, «Liverpul» – «Tottenhem».

Mavzuga oid