Light | 11:00 / 12.05.2019
54242
5 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng yirik va mashhur bozorlar

Sharq mamlakatlari xalqlari, xususan bizning yurtdoshlarimiz hayotida bozorlar muhim rol o‘ynaydi. O‘zbekistonning har bir shahri, har bir tumanining o‘z bozori bor. Ayrim hududlarda hatto o‘nlab bozorlar bo‘lib, ularda savdo-sotiq, sayru-sayohatning ko‘p asrlik madaniyati shakllanganki, bu ham milliy qadriyatning bir ko‘rinishi hisoblanadi.

Bugun e'tiboringizga dunyoning eng yirik va gavjum bozorlari haqidagi ma'lumotlarni taqdim etamiz.

Chatuchak va Damnoyen Saduak — Bangkok, Tailand

15 gektardan ko‘proq maydon va yon atrofdagi ko‘chalarga cho‘zilib ketgan Chatuchak bozori tunu-kun tinim bilmaydi. 9 mingdan 15 mingtagacha turg‘un va ko‘chma do‘konlar orasida bosh aylanib qolishi hech gap emas. Bir kunda 200 mingdan ortiqroq odam tashrif buyuradigan bu bozorning aksariyat xaridorlari tomoshaga kelgan turistlardir.

Damnoyen Saduak bozori esa ulkan suzuvchi bozordir. Bangkokni bejizga «Sharq Venetsiyasi» deb aytishmaydi. Bunday shaharda daryo bozori bo‘lishi ham tabiiy. Ko‘chalar o‘rnidagi suvda qayiqlar suzib yuradi va hamma ularda savdo-sotiq qilaveradi.

Misr bozori (Ulkan bozor) – Istanbul, Turkiya

Bu bozor nafaqat Turkiyada, balki dunyodagi eng yirik bozor nomiga da'vogarlik qilishi mumkin. 30 ming kvadrat metr maydonga joylashgan 4 mingdan ortiq do‘konlarda haqiqatdan ham savdo qaynaydi. Bu bozorni bemalol muazzam shaharning osori-atiqalaridan biri deb atasa bo‘ladi. Sababi bu bozorga ayrim kunlari 500 mingdan ortiq kishi tashrif buyuradi, bir yillik keluvchilar soni 90-100 mln kishini tashkil qiladi.

Maishiy buyumlar, shirinliklar, kiyimlar... xayolga kelgan va kelmagan hamma narsani xarid qilish mumkin bo‘lgan bu bozor shaharning 60dan ortiq ko‘chalari bo‘ylab kengayib, cho‘zilib ketgan. Qadamba-qadam yiriklashib borishi tufayli uning ichida favvoralar, mehmonxonalar, uylar, restoranlar, masjidlar va hatto qabriston ham bor.

Marokash bozori – Marokash

Marokashdagi Marokash bozoridan haqiqiy sharq ertaklaridagi muhitni topish mumkin. Go‘yoki asrlar bu bozorni chetlab o‘tgandek, kelajak ham tarixni albatta kutib oladigandek tasavvur o‘yg‘onadi. Bu tomonga tashrif buyurgan sayyoh bozorni aylanmay qaytmaydi. Ayniqsa bozor o‘zining xushbo‘y ziravorlari bilan nom qozongan va butun rastalar bo‘ylab ularning ifori aylanib yuradi. Shuningdek, bo‘taloq junidan tayyorlangan nafis matoli liboslar bozor ramziga aylangan.

Pekin oziq-ovqat bozori

Dunyoning eng yirik bozori nomiga bemalol da'vogar bo‘ladigan, rasmiy nomi juda uzun – «Beijing Xin Fa Di Agricultural Producs Wholesale Market» bo‘lgan bu savdo majmuasi oz emas, ko‘p emas 548 gektar maydonni egallagan. Pekindek ulkan shaharning oziq-ovqatga bo‘lgan talabining yetmish foizidan ortig‘ini qondiruvchi bu maskanda tunu-kun savdo tinmaydi. Ulkan yuk mashinalari kemalaru poyezdlarni shahar bilan bog‘lab turishadi.

Damashq bozori – Suriya

Damashq bozori nafaqat ulkanligi, balki juda qadimiyligi bilan ham tilga tushgan. Uning bir necha ming yillik tarixi bor va bu vaqt davomida hamisha gavjum maskan bo‘lgan. Qo‘rg‘on va Ummaviylar masjididan boshlanuvchi bu bozor eski shaharning narigi sarhadlarigacha ko‘chalar bo‘ylab cho‘zilib ketgan va bu ko‘chalarning umumiy uzunligi 100 kilometrga yaqinlashadi.

Dunyo tarixida muhim o‘rin tutuvchi bu maskan ham Suriyadagi taloto‘plarda zarar ko‘rdi – bir qismi vayron bo‘ldi, bir qismi yonib ketdi. Ammo hanuz o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.

Mashhur bozorlar faqat chet eldamas, o‘zimizda ham bor. Ayniqsa Toshkentdagi Chorsu, Samarqanddagi Siyob bozorlari shunchaki savdo markazlari emas, balki milliylik ramzi, yurt qiyofasini beruvchi maskanlar hamdir. O‘zbekistonga tashrif buyurgan har bir sayyoh bu bozorlarni zavq bilan kezib yurishi bejiz emas.

Abror Zohidov tayyorladi

Mavzuga oid