Light | 00:49 / 16.05.2019
21014
8 daqiqa o‘qiladi

50 nafardan ortiq kishiga infeksiya yuqtirib, o‘zi sog‘lom bo‘lgan oshpaz tarixi

«Terlamali Meri» - ellik nafardan ortiq kishiga ich terlamasini yuqtirgan, o‘zi esa sog‘lom holda qolgan ayolni aynan shunday atashgan. U bilan yuz bergan vaziyat biror kimsa sezilarli belgilarsiz ham xavfli infeksiya tarqatuvchisi bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi. Ingliz tilidagi “Terlamali Meri” (Typhoid Mary) – turdosh otga aylandi. Kasalliklarni qasddan yoki o‘zi bilmagan holda tarqatgan kishilarni shunday atashadi.

O‘zining gunohsizligiga kuchli ishongan, biroq majburan orolga surgunga yuborilgan va u yerda umrining jami 26 yilini o‘tkazgan ayol tarixi quyidagicha.

Hayot uchun xavfli infeksiyaga ega oshpaz

Foto: © Lupo / Wikimedia

Meri Mellon 1869 yilda Shimoliy Irlandiyaning eng qashshoq tumanlaridan birida tug‘ildi. Taxminan 14-15 yoshlarida u Amerika Qo‘shma Shtatlariga ko‘chib ketdi. Biroz vaqt o‘tgach badavlat xonadonlarda oshpaz bo‘lib ishlay boshladi. U taomni yaxshi pishirar, uy egalarida shikoyat uchun hech qanday sabab yo‘q edi.

1900 yildan 1907 yilga qadar u 7 ta turli oilalarda ishlab ulgurdi. Kichik Mamaronek shahridagi ikki haftalik faoliyatidan keyin u yerda ich terlamasi bilan kasallangan ilk bemorlar paydo bo‘ldi. Meri Manxettenga ko‘chib o‘tdi, biroq u ishga joylashgan oila a'zolarida bezgak va qorin og‘rig‘i boshlandi, kir yuvuvchi ayol esa vafot etdi. Keyinchalik kasallik uning izidan yura boshladi: advokat oilasidagi 8 kishidan 7 tasi ich terlama kasalligiga chalindi, keyingi uyda esa 11 kishidan 10 tasi kasallandi. Meri uzoq vaqt davomida bemorlarga g‘amxo‘rlik qilishda yordam berdi, biroq uning o‘zi ko‘proq zarar keltirayotgani yetti uxlab tushiga ham kirmagandi. U yana 3 ta oilani almashtirdi, ularning barida vaziyat takrorlandi.

Nyu-yorklik bank xodimi Charlz Uorrenning uyiga kelganida Meri hayotida muammolar paydo bo‘ldi. Uorren Teodor Ruzveltning yozgi Oq uyiga yaqin bo‘lgan Long-Aylendda uyni ijaraga oladi. U Merini oshpaz sifatida o‘zi bilan olib ketdi.

Foto: © GK tramrunner229 / Wikimedia

Long-Aylend. Teodor Ruzvel uy muzeyi. Charlz Uorren uning yonidagi qasrni ijaraga olgan.

Olti nafar kishi ich terlamaga chalinib yotib qolganidan keyin jamiyat hayratga tushdi. Bu kasallik xarobalar, qashshoqlik kasalligi hisoblangan va jamiyatning yuqori qatlamiga tegishli emas deb sanalardi. Uy egasi ich terlama haqidagi xabarlar uyni yana ijaraga berishiga xalaqit qilishi mumkinligi borasida xavotirga tushadi va kasallik sababini aniqlash uchun sanitariya inspektori Jorj Soperni yollaydi.

Shaftoli solingan muzqaymoq

Foto: © Depositphotos

Soper vodoprovodni tekshiradi, keyin esa stolga tortilgan mollyuskalarni o‘rgandi – ular kasallik chaqirishi mumkin emasligi aniqlandi. Shubhalarning bari Meriga borib taqaldi, chunki u tayyorlagan taomlar termik qayta ishlanar va terlama bakteriyasiga ega bo‘lishi mumkin emasdi. Stolga shaftoli solingan muzqaymoq tortilganini bilib, Soper aynan oshpaz kasallik tarqatuvchisi ekaniga ishonch hosil qildi.

O‘sha vaqtda bu aql bovar qilmas kashfiyot edi, chunki hech kim sog‘lom odam kasallanish manbai bo‘lishiga shubha qilmasdi. O‘z nazariyasini tasdiqlash va infeksiya tarqalishining oldini olish maqsadida inspektor irland ayolni izlashga tushdi.

Meri doimiy ravishda oilalarni o‘zgartirgani uchun uni topish oson bo‘lmadi. Merini ich terlamadan ikkinchi o‘lim holati yuz berganidan keyin topishga muvaffaq bo‘ldi. Bu safar oshpaz badavlat oila yosh qizining umriga zomin bo‘lgandi.

Foto: © Bettmann / Contributor / Getty Images

Soper Meri ishlaydigan oshxonaga keldi va uni tahlillar topshirish zaruriyati haqida ishontirishga harakat qildi. Biroq ayol unga oshxona sanchqisi bilan hujum qildi. Soper esa qochishga majbur bo‘ldi va biroz vaqtdan keyin shifokor bilan birga keldi.

Besh nafar politsiyachi yordamida oshpazni olib ketishdi. Meri aybdor bo‘lmasa ham uni noqonuniy ta'qib qilishayotganiga ishonardi. Ayolni tutishda ishtirok etgan shifokor u bilan bitta tez yordam mashinasining ichida o‘tirish g‘azabga to‘la sher bilan bir qafasda bo‘lishdek ekanini aytadi.

Meri topshirgan tahlil natijalari uning o‘t pufagida terlama bakteriyasi mavjudligini tasdiqladi. So‘rov natijalarida ayol ovqat tayyorlashdan avval qo‘lini kamdan-kam yuvgani aniqlangan.

Orolda ilk qamoq muddati

Foto: © Bettmann / Contributor / Getty Images
Norozi Meri Melon 1907 yili kasalxonada

Ayolni Nort-Broter oroliga 3 yilga izolyatsiyaga yuborishdi. U bilan birga yashagan tirik mavjudot faqat it edi. Meri 2 yildan keyin sudga berdi, biroq qaror uning foydasiga hal bo‘lmadi. Ayol noroziligining o‘z sabablari bor edi: u o‘z qo‘llari bilan topshirgan tahlillar kasallikning hech qanday belgisini ko‘rsatmadi (ehtimol, o‘sha vaqtda unda remissiya bo‘lgan). O‘z-o‘zidan u noqonuniy tarzda ushlab turilgandi.

Uch yil o‘tgach, Meri oshpaz bo‘lib ishlamaslik sharti bilan qo‘yib yuborildi. Ozodlikka chiqish ilinjida ayol rozilik berdi.

Dastlab haqiqatan ham kir yuvuvchi bo‘lib ishga joylashdi. Biroq bu ish uchun kam to‘lanar va u og‘ir edi. Uzoq o‘ylab o‘tirmay Meri o‘z ismini o‘zgartirdi va yana oshxonaga ishga kirdi. Besh yil davomida ozodlikda yurishga muvaffaq bo‘ldi. Tug‘ruqxonaga ishga joylashguniga qadar kasallik va o‘limni tarqatib yurdi. Braun xonim nomli kasalxonada 25 kishi terlama bilan kasallanib, ikki nafar kishi vafot etgach, yolg‘on fosh bo‘ldi. Mellon yana qo‘lga olindi.

Ikkinchi va so‘nggi qamoq

Foto: © reivax / Riverside Hospital / Wikimedia

Nort-Broter orolidagi tashlandiq «Riversayd» kasalxonasi. Bu yerda Meri Mellon 1932 yilda apopleksiya xurujigacha so‘nggi 6 yil vaqtini o‘tkazdi.

So‘nggi qamoq muddati

Nort-Broterdagi so‘nggi qamoq muddati umrining oxiriga qadar – 23 yil davom etdi. Biroz vaqt o‘tgach, ayolga hamshira bo‘lib ishlashga ruxsat berildi. U sil kasalligi bilan og‘rigan bemorlar kasalxonasida probirkalarni yuvardi. U mashhur kishiga aylandi va uning oldiga jurnalistlar tez-tez kelib turishardi. Merining qo‘lidan bir stakan suv olish ham man etilgandi.

Meri 1938 yilda zotiljamdan vafot etdi.

Foto: © Wikimedia Commons

Ayol uylarni tez-tez almashtirgani va turli ismlar ostida ishga joylashgani uchun hozirga qadar «Terlamali Meri» qurbonlarining aniq soni ma'lum emas. Ko‘pchilik manbalarda u 50 nafarga yaqin kishini zararlagani haqida aytilgan. Soperning qaydlariga ko‘ra, bu raqam 122 taga yetgan, ulardan 5 nafari vafot etgan.

Mavzuga oid