O‘zbekiston | 10:00 / 16.05.2019
6328
3 daqiqa o‘qiladi

Tomchilatib sug‘orish ishlarining kechiktirilgani deputatlar tanqidiga sabab bo‘ldi

Foto: parliament.gov.uz

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda suvni tejovchi ilg‘or texnologiyalardan keng foydalanish va qulay shart-sharoitlar yaratish” yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va boshqa tegishli vazirlik va idoralari rahbarlarining axboroti eshitildi.

Tadbir davomida deputatlar tomonidan paxta xomashyosini yetishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish masalalari bilan bog‘liq yuzaga kelayotgan muammolar hamda qonunchilikni takomillashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. 

2019 yilda tomchilatib sug‘orish tizimlarini qurish ishlari ko‘zda tutilgan umumiy 12121 ga maydondan bor-yo‘g‘i 4 ming gektarida bajarilgan bo‘lib, asosan Samarqand va Surxondaryo viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Shu bilan bir qatorda, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy va Namangan viloyatlarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish ishlari kechiktirilgani deputatlarning tanqidiga sabab bo‘ldi.

Yig‘ilishda aytib o‘tilganidek, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va viloyatlar qishloq xo‘jaligi boshqarmalari Suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etishga ko‘maklashuvchi ishchi guruhlarining ishchi organi sifatida o‘zlariga yuklatilgan asosiy vazifalarni to‘la va yetarli darajada amalga oshirilmagan. Natijada, Qashqadaryo viloyatining Nishon, G‘uzor, Namangan viloyatining Chust tumanlarida davlat budjetidan paxta xomashyosi ishlab chiqaruvchilariga tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish uchun paxta xomashyosi ekiladigan maydonning har bir gektariga ajratiladigan subsidiyalarni o‘z vaqtida berilishi kechikkan.

Shuningdek, «O‘zbekenergo» AJ hududiy elektr tarmoqlari korxonalari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida paxta xomashyosini ishlab chiqaruvchilarni paxtani yetishtirish davrida belgilangan tartibda kafolatli va uzluksiz elektr energiyasi bilan bilan ta'minlash masalalaridagi kamchiliklar fermer xo‘jaliklarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish ishlarini o‘z vaqtida bajarilmasligiga sabab bo‘lmoqda.

Tadbirda deputatlar tomonidan yuqori hosildorlikka va suv resurslaridan samarali foydalanishga erishishni ta'minlaydigan, respublikaning tuproq-iqlim va boshqa sharoitlarni hisobga olgan holda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilishning ilmiy asoslangan agrotexnika qoidalarini ishlab chiqish kabi bir qator takliflari berildi. 

Tomchilatib sug‘orish tizimlariga servis xizmatlarini ko‘rsatish zarurligi hamda mavsum davomida tizimli ravishda amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha olim va mutaxassislar mas'uliyati oshirish zarurligi aytib o‘tildi.

Mavzuga oid