O‘zbekiston | 15:00 / 19.05.2019
9405
3 daqiqa o‘qiladi

«Gazprombank» vitse-prezidenti O‘zbekistonga obligatsiyalarini yevroda emas, rublda qilishni taklif etdi

Moskva xalqaro munosabatlar davlat instituti bitiruvchilarining V forumida ishtirok etayotgan «Gazprombank» AJning birinchi vitse-prezidenti Denis Shulakov O‘zbekiston poytaxtida mintaqaning moliyaviy markazi bo‘lish uchun yetarlicha imkoniyat borligini qayd etdi.

Shulakovning ta'kidlashicha, O‘zbekiston aholisining yarmidan ko‘pi yoshlar ekanligi investorlar tomonidan afzallik, yutuq deya baholanmoqda.

«O‘zbekiston juda katta salohiyatga ega. Mamlakat astoydil istasagina bu salohiyatdan foydalanishi mumkin. Misol uchun, sirkulning bir uchini Toshkentga qo‘yib, ikkinchi uchi bilan atrofni maksimal darajada aylantirib chiqadigan bo‘lsak, 3 mlrd.dan ziyod aholini qamrab oluvchi bozor hosil bo‘ladi. Bu bozorda ishlab qolish kerak. So‘nggi vaqtlarda mamlakat importi ichki holatni to‘liq modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan. Va bu to‘g‘ri yo‘nalish. Raqobatbardosh korxonalar hosil qilayotgan valuta bilan to‘lasangiz, investorni jalb qila olishingiz mumkin.

Rossiya va O‘zbekiston bir-birining bozoridan foydalanish imkoniyatlari haqida o‘ylashi kerak. Agar Rossiya O‘zbekiston bozorida ishlay olsa, o‘z navbatida, O‘zbekiston Xitoy, Turkiya va qo‘shni mamlakatlar bozoriga chiqishi uchun sharoit hosil bo‘ladi», ─ deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.  

«Gazprombank» vitse-prezidenti Toshkentning mintaqadagi maqomiga ham to‘xtalib o‘tgan.

«Toshkent o‘zini bemalol mintaqaning moliyaviy markazi sifatida tasavvur qilishi mumkin. Buning uchun barcha imkoniyatlar bor. Hatto xitoyliklar yangi konsepsiya ishlab chiqishdi: Yangi ipak yo‘li. Nega aynan ipak yo‘li? Demak, eski Buyuk ipak yo‘li bilan qandaydir bog‘liqlik bor. Buyuk ipak yo‘lining markazi esa hech shubhasiz Toshkentdir», ─ deya ta'kidlagan u.

Denis Shulakov o‘z nutqi so‘ngida O‘zbekistonni Rossiyaning asosiy hamkorlaridan biri sifatida e'tirof etar ekan, O‘zbekistonning obligatsiyalarini yevroda emas, rublda qilishga chaqirdi.

Mavzuga oid