Sport | 15:07 / 23.05.2019
12074
7 daqiqa o‘qiladi

Sala jo‘natgan ovozli xabar e'lon qilindi. U «Kardiff»ga o‘tishni xohlamagan

Fransiyaning L'Equipe nashri argentinalik marhum hujumchi Emiliano Salaga tegishli audioyozuvni e'lon qildi.

Sala WhatsApp messenjerida qarindoshiga yo‘llagan audioda «Nant»dan «Kardiff»ga o‘tishni istamagani haqida gapirgan.

«Meyssa (Salaning agenti – tahr.) menga qo‘ng‘iroq qilib, Frank Kita («Nant» xo‘jayinining o‘g‘li – tahr.) bilan gaplashganini aytdi. Ular meni sotib yuborishmoqchi ekan. «Kardiff»dan taklif tushibdi. Ular ko‘p pul ishlab olish maqsadida muzokaralar o‘tkazishgan. Meni o‘sha klubga o‘tkazishmoqchi.

To‘g‘ri, shartnoma yomon emas, lekin futbol nuqtayi nazaridan menga qiziq emas. Ular meni qanday qilib bo‘lsa ham shu klubga o‘tishga ko‘ndirishga urinishyapti.

Men u jamoaga o‘tishdan qo‘rqayotganim yo‘q, chunki faoliyatim davomida kurashib keldim;  u yerga borib, raqobatga kirishishdan hayiqish menda yo‘q. Aksincha, buning teskarisi.

Lekin Meyssa transfer oynasi yopilgunga qadar menga bundan yaxshiroq boshqa biror klub topishi kerakmikin, deb o‘ylayapman. U «Kardiff»ga yo‘q deb javob bergan, chunki u bu klubga o‘tishimni xohlamayapti.

Men ham shartnoma, ham futbol tomondan yaxshiroq taklif bo‘lishini istayapman, lekin har doim ham ikkalasi birga bo‘lavermaydi.

Boshqa tomondan, Kita bilan gaplashgim kelmayapti, chunki jahlim chiqishini xohlamayman. Biz yuzma-yuz ko‘rishib qolsak, uning nafrati qo‘ziydi. Endi meni «Kardiff»ga sotib yubormoqchi, chunki muzokaralar bilan baland narxga kelishib olgan. U o‘zi xohlagan pulni oladi, u yerga ketishimni istaydi, lekin men nimani xohlashim haqida so‘rab ham ko‘rgani yo‘q. Unga faqat pul kerak.

Mana shunaqa gaplar – turgan-bitgan chalkashlik. Nima qilishni bilmayapman. Hech kim men bilan, ichki olamim va nimalarni boshdan kechirayotganim bilan qiziqmayapti. O‘zini mening o‘rnimga qo‘yib ko‘ra oladigan odamlar ko‘p emasligini his qilyapman va bu juda og‘ir», – degan Sala.

O‘z navbatida, «Nant» prezidenti Valdemar Kita mazkur audioga quyidagicha munosabat bildirdi.

«Buni eshitib hayron qoldim. Men odamlarga qo‘limdan kelganicha muomalada bo‘laman. Tan olishim kerakki, boshqalar buni boshqacha tushunishi mumkin.

Afsuski, mana shu ahmoqona voqea sodir bo‘ldi. Agar vafot etmaganida, aminmanki, hozir juda baxtli bo‘lgan bo‘lardi.

Bu so‘zlarni xuddi u aytmagandek tuyulyapti menga», – dedi «Nant» rahbari.

Klub prezidenti argentinalik futbolchini sotish asnosida faqat pul haqida o‘ylaganini inkor etdi.

«Men haqiqatan ham pul ishlab olishni o‘ylaganimda, niyatimni bu tarzda amalga oshirmagan bo‘lardim. Qolaversa, tarqatib chiqiladigan komission to‘lovlardan keyin ko‘p pul qolmasdi.

Endi esa bu pullarni xohlamayman ham. Hech qachon qo‘l tekkizmasligim ham mumkin. Fojiaviy tarzda halok bo‘lgan inson orqasidan pul ishlashni istamayman. Bu pullar endi menga kerak emas. Bu ishga aralashmayman, hammasini huquqshunoslar qilishadi. «Kardiff» men bilan biror marta aloqaga chiqmadi, buni istashmaydi ham.

Shu narsa ochiq-oydin bo‘lishi kerakki, hamma narsa imzolanib bo‘lgan ekan, men futbolchi uchun ortiq mas'ul emasman. U xayrlashish uchun kelganida juda baxtli edi. Men buning uchun «Kardiff»ni javobgar deb bilaman», – dedi u.

Valdemar Kita Sala bilan munosabati yaxshi bo‘lmagani haqida gapirar ekan, unga maoshini oshirib to‘lagani, ammo buning uchun futbolchi minnatdorchilik bildirmaganini aytdi.

«Men har oy 30 ming yevro ko‘proq maosh to‘lardim, lekin buning evaziga rahmat eshitganim yo‘q. U bilan gaplashish oson emasdi. Yoki nimanidir unutdimmikan? Bu haqda o‘ylab ko‘rishim kerak.

Men bir insonga olti oy mobaynida qo‘shimcha 30 ming yevro haq berib keldim, lekin rahmat eshitmadim. Shunga tushuna olmayman. Uni ruhlantirish uchun shunday qilib kelgandim, lekin keyin u klubdan ketishni istayotganini aytdi.

Salaning onasi bilan ko‘rishganimizda menga nisbatan g‘azabnok munosabatda bo‘lganini tushunaman. Unga samimiy ta'ziya bildirib, yordamga tayyor ekanimni aytdim», - dedi «Nant» prezidenti.

Eslatib o‘tamiz, 28 yoshda bo‘lgan Sala to‘rt mavsumdan buyon «Nant» tarkibida o‘ynab kelayotgandi. U 19 yanvar kuni «Kardiff Siti» bilan shartnoma imzolagan, uning transfer qiymati Uels jamoasi uchun rekord miqdor – 15 mln yevroni tashkil etgandi.

21 yanvarda u «Nant»dagi jamoadoshlari bilan xayrlashib, «Kardiff»ga yo‘l oldi, biroq u bo‘lgan samolyot La-Mansh bo‘g‘ozida halokatga uchradi. Hujumchining jasadi vatani Argentinada dafn etildi, samolyot uchuvchisining tanasi esa hozircha topilgani yo‘q. BBC`ning aniqlashicha, uchuvchi daltonik ekani sabab kechasi parvozni amalga oshirishga huquqsiz bo‘lgan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, «Kardiff» Salaga tijoriy parvoz tashkil qilib berishni taklif qilgan, ammo futbolchi bunga qadar o‘zi boshqa samolyotni buyurtma qilib bo‘lganini aytgan.

Avvalroq Uels klubi ushbu transfer uchun bir sent ham to‘lamoqchi emasligi ma'lum bo‘lgandi.

Hozirda aviahalokat yuzasidan tergov davom etmoqda, klublar esa transfer puli masalasida kelishuvga erisha olishmayapti.

Mavzuga oid