O‘zbekiston | 18:37 / 25.05.2019
108673
4 daqiqa o‘qiladi

Deputat kunduzi chiroq yoqib yurish va jarimalar bo‘yicha qonunchilikdagi «o‘yin» haqida gapirdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abdurashid Abduqodirov «Munosabat» ko‘rsatuvi davomida kunduzgi vaqtda avtomobillarning yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoqib yurishi bo‘yicha o‘z fikrini bildirib o‘tdi.

«Vazirlar Mahkamasi yo‘l harakati qoidalariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi, biroq hujjat tegishli talablarga javob bermaydi. Birinchidan, hujjatda aniq sana ko‘rsatilmagan. O‘zgarishlar qachondan boshlab kuchga kirishi kerak edi? Hujjat matnining o‘zi ham tahrir qilinishi kerak. Avval chiroqlarni sutkaning yorug‘ vaqtida yoqib yurish kerak deyilgan. Bu hujjatda aytilishicha, chiroqlarni kunning yorug‘ vaqtida. Kun shundoq ham yorug‘-ku. Ikkinchidan, jarima va uning miqdorlari odatda qonunchilik hokimiyati bilan muvofiqlashtiriladi. 2016 yilda Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartirishlar kiritdik, lekin o‘shanda gap mototsikllar, kolonnalar va avtobuslar haqida borgandi», - dedi deputat.

Deputatning fikriga ko‘ra, IIV jarimani 2016 yilda joriy qilgan, qoidalar esa 2019 yilda keskin o‘zgartirildi.

«Ular jarimani 2016 yilda joriy qilishgan. O‘shanda deputatlar bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlashdi, sababi yirik gabaritli va kam gabaritli transport vositalari haqiqatdan ham yoqilgan chiroq bilan harakatlanishi kerak edi. Joriy yilda ular matnni o‘zgartirishdi va barcha haydovchilarni yoppasiga jarimaga tortishni boshlashdi», - deya ta'kidlab o‘tdi xalq vakili.

Shuningdek, deputat Adliya vazirligini hujjatning huquqiy ekspertizasidagi passiv roli uchun koyidi. Uning aytishicha, jarimani kiritayotgan payt deputatlarning roziligini olish uchun boshqa sabab bahona qilib ko‘rsatilib, ko‘pchilik ovoz olingan.

«Men yaqinda saylov okrugiga bordim va taksiga o‘tirdim. Haydovchi menga chiroqlarni ko‘rsatdi. Haqiqatdan ham faralar va simlar kuyib ketgan. Lupa erigan. Bu fakt. Demak, hech narsani o‘rganib chiqishmagan. Endi haydovchi baribir zararga tushmoqda. Biz, deputatlar, chiroqlarni faqat avtobuslar va mototsikllar kunduz kuni yoqib yurishi g‘oyasini qo‘llab-quvvatladik», - dedi u.

Bundan tashqari, xalq vakilining ma'lum qilishicha, deputatlar qonun loyihasini tayyorlash va bu masalani qayta ko‘rib chiqishni mo‘ljallamoqda.

Eslatib o‘tamiz, 10 maydan kunduzgi vaqtda yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoqib yurmaganlik uchun haydovchilar jarimaga tortila boshladi. Jarima miqdori eng kam ish haqining 50%ini tashkil etadi. Takror sodir etish sanksiya miqdoriga ta'sir ko‘rsatadi – o‘ta «ashaddiy» qoidabuzarlarga EKIHning 4 baravari miqdorida jarima solinadi yoki haydovchilik guvohnomasidan yarim yilga mahrum etiladi.

Kun.uz «Sizning fikringiz» Telegram-kanalida yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoqib yurish majburiyligi borasida so‘rov o‘tkazdi

1 891 kishi qatnashgan so‘rovda 40% respondent “avval haydovchilarning fikrini o‘rganish kerak edi” deb javob berdi. Xuddi shuncha respondent bu noto‘g‘ri qaror bo‘lganligini aytdi. Bu qarorni 15% kishi qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, 5% respondent javob berishga qiynalayotganini bildirgan.

Mavzuga oid