Light | 20:54 / 28.05.2019
14679
3 daqiqa o‘qiladi

Fazodan kuzatganda bari kundek ravshan: Patagoniya ham o‘z muzliklarini yo‘qotmoqda

Patagoniya And tog‘liklari bilan bir qatorda Janubiy Amerikadagi aholi eng kam joylashgan yerlardan sanaladi. Murakkab tog‘ relefi va yumshoq bo‘lmagan iqlimi sabab bu yerda aholi zichligi past va infratuzilma deyarli rivojlanmagan. Faunaning xilma-xilligi ham u qadar katta emas. Axir bunday geografik sharoitlarda hamma ham jon saqlolmaydi-da. Biroq Patagoniyada katta muzliklar anchagina. Ular olimlarda Yerda sodir bo‘layotgan iqlim o‘zgarishlari indikatori sifatida katta qiziqish uyg‘otadi.

Foto: TravelAsk

Patagoniya – dunyo miqyosidagi kuchli muzlash markazi. Bu yerda Upsala, Perito-Moreno, Spegatssini kabi bir necha yirik muzliklar to‘plangan. Birgina Los-Glasyares bog‘i chegarasida deyarli 50 ta muzlik joylashgan. Mazkur jonsiz muz to‘plamiga qaraganingizda global isish ularga tahdid solmayotgandek tuyuladi. Biroq bu aldamchi taassurot, sayyoradagi iqlim o‘zgarishlarini bu yerda ham his etish mumkin.

Foto: TravelAsk

Patagoniya muzliklarini ekspeditsiya davomida nafaqat glyatsiologlar, balki XKS bortidagi kosmonavtlar ham kuzatishadi. Masalan, «Uragan» nomli dastur doirasida Rossiya segmentida atrof-muhit holati, jumladan, Patagoniya muzliklari bo‘yicha ham kompleks kuzatuvlar olib boriladi. Mazkur hududga borish oson bo‘lmagani hisobga olinib, orbitadagi kuzatuvlar muzliklar massivlarini kuzatishdagi bo‘sh joylarni to‘ldiradi va XKSning ushbu hudud ustidan muntazam uchib o‘tishi sabab to‘liq suratni beradi.

Foto: TravelAsk

«Uragan» dasturi doirasida olib borilgan kuzatuvlarga ko‘ra, Patagoniya muzliklari sayyoraning boshqa yerlarida bo‘lgani kabi so‘nggi o‘n yillikda qisqarib bormoqda. Masalan, Upsala muzligi yirik aysberglarni yetkazib beruvchi sanaladi, biroq uning maydoni har yili tobora qisqarmoqda. Afsuski, hatto bu qadar shafqatsiz iqlim, doimiy ravishda esuvchi shamol ham Patagoniya muzliklarini asta-sekin erishdan himoya qilishga qodir emas.

Mavzuga oid