O‘zbekiston | 09:44 / 28.05.2019
12474
9 daqiqa o‘qiladi

Kim hukm ustidan shikoyat berishi mumkin?

Foto: KUN.UZ

24 may kuni bo‘lib o‘tgan Oliy sud Plenumining majlisida qonun hujjatlarining ayrim normalarini qo‘llash qoidalari tushuntirildi, deb yozmoqda Norma. 
 
Majlisda Oliy sud Plenumining «Jinoyat ishlarini nazorat tartibida ko‘rish bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida», «Sudning hal qiluv qarori haqida» va «O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi normalarini birinchi instansiya sudida qo‘llashning ayrim masalalari haqida»gi qarorlari loyihalari muhokama qilindi.
 
Birinchisi Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirishlar kiritilgani munosabati bilan ishlab chiqildi. Hujjat bilan JPKga muvofiq sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi, ajrimi, qarori ustidan shikoyat berish huquqi sud ishini yuritishda ayblov tomoni (prokuror, jabrlanuvchi yoki uning vakili, fuqaroviy da'vogar yoki uning vakili) va himoya tomoni (ayblilik to‘g‘risidagi masala hal qilinmay turib, jinoyat ishi tugatilgan shaxs, mahkum (oqlangan shaxs), uning himoyachisi yoki qonuniy vakili, fuqaroviy javobgar yoki uning vakili) ishtirokchisiga berilganligi tushuntirildi.
 
Sud hujjatlari ustidan nazorat tartibida shikoyat berish huquqi, shuningdek mazkur qarorlar huquqlari yoki qonuniy manfaatlariga daxl etgan boshqa shaxslarda ham mavjud. Ular jumlasiga, masalan, garovga beruvchi yoxud da'voni ta'minlash yoki hukmni ijro etish tartibida mol-mulki xatlangan shaxs kiradi. Fuqaroviy da'vogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari sud hujjatlarining faqat fuqaroviy da'voga oid qismi ustidan shikoyat berishga haqli. Oqlangan shaxs, uning himoyachisi va qonuniy vakili hukmning oqlov sabablari va asoslariga oid qismi ustidan shikoyat berishga haqli. Boshqa shaxslarga sud hujjatlari ustidan nazorat tartibida shikoyat berish huquqi berilmagan.
 
Nazorat tartibidagi shikoyat, protest bevosita Oliy sudga beriladi. Nazorat tartibida ish yuritish faqat apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan ishlar bo‘yicha qo‘zg‘atiladi. Qonunda shikoyat (protest) berish uchun biron-bir muddat belgilanmagan. Shu bilan birga, hukm (ajrim) qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab 1 yil o‘tgandan so‘ng berilgan shikoyat (protest), basharti unda og‘irroq jinoyatga doir qonun moddalarini qo‘llash zarurligi, jazoni kuchaytirish yoki mahkumning ahvolini og‘irlashtiradigan boshqa o‘zgarishlar nazarda tutilgan bo‘lsa, nazorat instansiyasi sudi tomonidan ko‘rilishi mumkin emas. Masalan, mahkumni o‘ta xavfli retsidivist deb topish, jazoni ijro etish koloniyasining qattiqroq turini belgilash, shartli hukmni bekor qilish, mulkiy ziyon miqdorini ko‘paytirish, basharti bu jinoyat kvalifikatsiyasi yoki ayblov mazmuni mahkumning ahvolini og‘irlashtiruvchi tomonga o‘zgarishiga olib kelsa va h. k. Shuningdek, oqlov hukmini yoxud sudning ishni tugatish to‘g‘risidagi ajrimini bekor qilish masalasi ko‘tarilgan bo‘lsa, ushbu shikoyat (protest) ham ko‘rilmaydi.
 
Bunda bir yillik muddatni birinchi instansiya sudining tegishli hukmi, ajrimi yoki qarori kuchga kirgan kundan nazorat instansiyasi sudi tomonidan hal qiluv qarori qabul qilingan kungacha hisoblash lozim. Shikoyat (protest) bir yillik muddat ichida berilgan, biroq ish bo‘yicha hal qiluv qarori qabul qilinguniga qadar ushbu muddat o‘tib ketgan bo‘lsa, u hal qilish bosqichiga qarab ko‘rilmay yoxud qanoatlantirilmay qoldirilib, bu haqda shikoyat (protest) bergan shaxsga xabar beriladi. JPKga muvofiq, nazorat instansiyasi sudi tomonidan shikoyat bir oy ichida, ishni talab qilib olish va tekshirish chog‘ida esa – u kelib tushgan kundan boshlab 2 oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqilishi lozim. 
 
* * *
 
Fuqarolik protsessual kodeksi yangi tahrirda qabul qilingani munosabati bilan hamda qonun normalari bir xilda va to‘g‘ri qo‘llanilishini ta'minlash uchun «Sudning hal qiluv qarori haqida»gi qaror loyihasi ishlab chiqildi.
 
FPKga muvofiq hal qiluv qarori birinchi instansiya sudi tomonidan ishni da'vo va alohida ish yuritish tartibida mazmunan ko‘rish natijalari bo‘yicha qabul qilinadigan sud hujjatining bir shakli hisoblanadi. Hal qiluv qarori O‘zbekiston Respublikasi nomidan qabul qilinadi va barcha davlat organlari va boshqa organlar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan uning butun hududida so‘zsiz ijro etilishi lozim.

Qarorda sudlarning e'tibori FPK talabidan kelib chiqqan holda sudning hal qiluv qarori qonunga asoslangan bo‘lishi lozimligiga qaratildi. Hal qiluv qarori, unda ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan faktlar, sud tomonidan tekshirilgan dalillar bilan tasdiqlangan, ularning aloqadorligi va maqbulligi qonun talablariga javob beradigan yoki sud hammaga ma'lum deb topgan, isbotlashga muhtoj bo‘lmagan holatlar, shuningdek aniqlangan faktlardan kelib chiqadigan yakuniy xulosalar aks ettirilganda, asoslantirilgan hisoblanadi.
 
Sudya hal qiluv qarorini alohida xonada (maslahatxonada) ishning muhokamasi tugaganidan keyin darhol qabul qilishi shart. Asoslantirilgan hal qiluv qarorini tayyorlashning kechiktirilishiga istisno hollarda, o‘ta murakkab ishlar bo‘yicha 5 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga yo‘l qo‘yiladi. Bunday hollarda hal qiluv qarorining faqatgina kirish va xulosa qismlari tayyorlanadi.
 
Hal qiluv qarorining xulosa qismi ish muhokamasi tamomlangan sud majlisining o‘zida sudya tomonidan imzolanadi, o‘qib eshittiriladi va ishga qo‘shib qo‘yiladi. Hal qiluv qarorining xulosa qismi e'lon qilinganda, raislik qiluvchi ishda ishtirok etuvchi shaxslar, ularning vakillari asoslantirilgan hal qiluv qarori bilan qachon tanishishlari mumkinligini tushuntirishi shart va bu sud majlisi bayonnomasida aks ettiriladi. FPKga muvofiq sudning hal qiluv qarori kirish, bayon, asoslantiruvchi va xulosa qismlardan iborat bo‘lishi kerak. Qabul qilingan hal qiluv qarorining mazmuni u e'lon qilingach, raislik qiluvchi tomonidan taraflarga tushuntirilishi shart ekanligiga sudlarning e'tibori qaratildi.
 
* * *
 
Majlisda muhokama etilgan «O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi normalarini birinchi instansiya sudida qo‘llashning ayrim masalalari haqida»gi qaror loyihasida iqtisodiy sudlarning e'tibori nizolarni Konstitutsiya, Iqtisodiy protsessual kodeksi va boshqa qonun hujjatlariga qat'iy rioya etgan, taraflarning teng huquqliligi, sud ishlarini yuritishning oshkoraligi, tortishuvligi va odil sudlovning boshqa prinsiplarini ta'minlagan holda hal etish zarurligiga qaratildi.
 
IPKga muvofiq, har qanday manfaatdor shaxs o‘zining buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun iqtisodiy sudga murojaat qilishga haqli. Bunda manfaatdor shaxs deganda, o‘zining buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish to‘g‘risida murojaat qilayotgan shaxs (da'vogar, qarshi da'vo arizasi bo‘yicha esa javobgar, arizachi, nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qiluvchi uchinchi shaxs) tushunilishi lozim.
 
Sud:

• manfaatdor shaxslarning;
• prokurorning;
• davlat organlarining;
• qonun bo‘yicha yuridik shaxslarning, fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini, davlat va jamiyat manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan hollarda boshqa organlarning arizalari bo‘yicha ish qo‘zg‘atadi.
 
Qonuniy kuchga kirgan sud hujjati barcha davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, boshqa organlar, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy bo‘lib, mamlakatimizning butun hududida ijro etilishi lozim. Sudya tomonidan imzolangan sud hujjatlari ishda qoldirilishi sababli, uning ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yuboriladigan nusxalari «asliga to‘g‘ri» yozuvi kiritilib, sudning gerbli muhri bilan, agar sud hujjati elektron tarzda yuborilsa, u sudyaning ERI bilan tasdiqlangan bo‘lishi lozim.
 
Majlisda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Mavzuga oid