Jamiyat | 22:06 / 04.06.2019
9890
4 daqiqa o‘qiladi

Barcha kommunal xizmatlar uchun uydan to‘lash mumkin – Watercontrol billing tizimi haqida

O‘zbekistonda barcha kommunal xizmatlar uchun onlayn tarzda haq to‘lash, to‘lovlar tushumini onlayn nazorat qilish tizimi joriy etilmoqda. Buning natijasida turli tashkilotlar va mijozlar o‘rtasida turli xil tushunmovchiliklarning oldi olinadi va to‘lovlar hamda kommunal xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlar faoliyatining shaffofligi ta'minlanadi. Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tomonidan yaratilayotgan yangi tizim bunga imkon beradi. 2019 yil 4 iyun kuni O‘zbekiston milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida shu haqda ma'lum qilindi, deya xabar qilmoqda Kun.uz muxbiri.

«Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasiga joriy etilgan Billing tizimi va undan foydalanish tartibi» mavzusida matbuot anjumanida uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish tashkilotlarida yagona mijozlar bazasi, hisob-raqamlarni qo‘yish va to‘lash tizimini, shuningdek, tashkilotlar balansida faoliyat natijalarini avtomatik ravishda aks ettirishni o‘z ichiga olgan dasturiy mahsulotlarni joriy qilish bo‘yicha amalga oshirilgan va istiqboldagi vazifalar to‘g‘risida ma'lumotlar berildi. 

Shu bilan birga, “Intellekt Servis” MChJ tomonidan ishlab chiqilgan va vazirlik tizimida joriy etilgan Watercontrol va “Obod uy” avtomatlashtirilgan billing tizimi imkoniyatlari, undan foydalanish tartibi onlayn tarzda namoyish etildi.

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirlik Yig‘ma axborot-tahlil boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Qahhorovning so‘zlariga ko‘ra, Watercontrol avtomatlashtirilgan billing tizimiga respublika bo‘yicha jami 3 319 559 ta abonent qamrab olingan. Shulardan 3 294 658 jismoniy shaxs bo‘lgan mijoz, 24 901 yuridik shaxs iste'molchilaridir. 

Billing tizimida iste'molchilarning hisob kitoblarini avtomatlashtirilgan onlayn tarzda yurgizishga va ma'lumotlarini real vaqtlarda ko‘ra olish imkoniyatlari yaratilgan bo‘lib, Suvoqova korxonalariga tatbiq etilayotgan avtomatlashtirilgan billing tizimi O‘zbekiston Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining ma'lumotlar bazasi bilan integratsiya qilingan.

Shuningdek, iste'molchilarga qo‘shimcha qulayliklar taqdim etish maqsadida ichimlik suv va oqava suv xizmatlari uchun to‘lovlarni onlayn tarzda CLICK, UPAY, PAYME, PAYNET va Markaziy Bankning MUNIS elektron to‘lov tizimlari orqali to‘lash imkoniyatlari yaratilgan.

Majburiy Ijro Byurosi axborot portali MIB ilovasi hamda Adliya vazirligining “NOTARIUS” tizimiga ichimlik va oqova suv xizmatlari bo‘yicha ma'lumotlarni olish yuzasidan ulangan va billing tizimiga hisoblagich ko‘rsatkichlari va xatlov ma'lumotlarini onlayn tarzda jo‘natish, iste'molchilar xonadonlarni oldi-sotdi qilish jarayonida qarzdorliklarni avtomat tarzda ko‘rish imkoniyatlari yaratilgan.

Respublika bo‘yicha barcha suvoqova korxonalarining iste'molchilarga yetkazilgan ichimlik suv va oqova suv xizmatlari uchun hisoblangan to‘lovlar miqdorini va ulardan qancha to‘lovlar kelib tushganligini yig‘ma hisobotlarini ko‘rish imkoniyatlarini beradi. Kelgusida ushbu ma'lumotlarni chop etish imkoniyati ham taqdim etiladi. 

Mavzuga oid