Light | 22:04 / 04.06.2019
8052
4 daqiqa o‘qiladi

Fitnesni yoqtirmaysizmi? U holda bog‘dorchilik bilan shug‘ullaning!

Sog‘lom turmush tarzi sohasi mutaxassislari vaqtlarning ko‘p qismini odamlarni sport zaliga borishga ishontirishga sarflashadi. Biroq ko‘pchilik fitnes zallarini yoqtirmaydi. Sportni xushlamaydigan, biroq faol bo‘lishni istaydiganlar qanday yo‘l tutishlari kerak?

Foto: 500px

Aniqlanishicha, bog‘dorchilik, raqs va toza havoda sayr qilish ana shu masalada yordam berishi mumkin. Ana shu faoliyatlar, British Journal of Spors Medicine jurnalida e'lon qilingan yangi tadqiqot natijalariga ko‘ra, o‘lim xavfini kamaytirishi mumkin, deya xabar bermoqda facte.ru.

Tadqiqotda 88 140 nafar 40-85 yoshdagi amerikaliklar ishtirok etishgan. Har bir qatnashchiga qanday jismoniy faollik bilan shug‘ullanishi va buning uchun bir kun yoki haftada qancha vaqt sarflashini aytib berish so‘ralgan. Yugurish, velosipedda uchish yoki biror sport musobaqalarida ishtirok etish faol mashg‘ulot vaqti sifatida tasniflangan bo‘lsa, tez yurishdan tortib raqs va bog‘dorchilik kabilar yengil hamda mo‘'tadil jismoniy faollik sifatida aniqlangan.

Tadqiqotchilar ushbu kishilarni 12 yil mobaynida 2009 yilgacha kuzatishdi va natijada ular bilan nima yuz berganini aniqlashdi. Ulardan qanchasi saratondan vafot etdi? Nechta yurak kasalliklari kuzatildi? Nechta odam tirik qoldi?

Natijada ular jismoniy faollik turlari va uning vaqti haqida ko‘plab ma'lumotlarga ega bo‘lishdi. Tajriba davomida haftasiga ko‘proq daqiqa davomida shug‘ullanadigan kishilarni hisobga olishdi. Odatda ular yoshroq erkaklar bo‘lib chiqdi. Ular orasida oila qurganlar ko‘p, chekuvchi va alkogol ishqibozlari kamroq.

Tadqiqot ishtirokchilarining ko‘pchiligi sport bilan umuman shug‘ullanmagan. Ular nazorat guruhi sifatida olindi (surunkali kasalliklarga ega kishilar chiqarib yuborilgan). Ana shu odamlar bilan taqqoslanganida haftasiga 10 daqiqadan 59 daqiqagacha yengil jismoniy mashg‘ulot bilan shug‘ullanganlarda jami o‘lim xavfi 19 foizga kamroq. 60 daqiqadan 149 daqiqagacha shug‘ullangan guruh esa xavfni 22 foizga kamaytirgan, 26 foizlik ko‘rsatkich esa haftasiga 300-559 daqiqa shug‘ullanganlarda aniqlangan. Biroq mavjud faoliyat daqiqasini oshirish ham foyda bergan: haftasiga 10-59 daqiqa davom etgan jadal mashqlar xavfni 26 foizga, har hafta taxminan 150 daqiqa shug‘ullanganlar esa maksimum 34 foizga kamaytirgan.

Ma'lumki, yurakning sog‘lig‘i va jismoniy mashqlar bir-biri bilan uzviy bog‘liq. Bir haftada 150 daqiqa davomida yengil va mo‘'tadil jismoniy mashqlar yurak qon-tomir kasalliklari xavfini 31 foizga, 10 dan 59 daqiqagacha davom etganlari esa – 16 foizga, 15 daqiqalik faol mashqlar mazkur kasalliklar ko‘rsatkichini 26 foizga kamaytirgan bo‘lsa, 150 daqiqalik jadal mashqlar – 33 foizlik ko‘rsatkichni namoyish etgan.

Mutaxassislarning qayd etishicha, kuniga bir necha daqiqa davomida istalgan faoliyat bilan muntazam shug‘ullanish yaxshi samara beradi. Chunki hamma ham yuqori jadallikdagi mashg‘ulotlar rejimiga amal qilolmaydi. Salomatlikni saqlash uchun uyda raqs tushish, bog‘dorchilik bilan shug‘ullanish yoki jamoat transportidan voz kechib, ishga piyoda borish va qaytish kifoya. Muhimi sizga huzur olib keladigan mashg‘ulot bilan shug‘ullanish.

Mavzuga oid