Jamiyat | 09:00 / 07.06.2019
19079
3 daqiqa o‘qiladi

«Hokimlikda solyarka uchun pul yo‘q ekan». Uzundagi sel toshqinlari: aholining kuchi, hokimlikning xohishi yetishmayapti

Uzun tumani «Dehqon» MFY hududidan Dubay kanali oqib o‘tadi. Mahalla adirlik etagida bo‘lgani uchun har yili yog‘ingarchiliklar tufayli 4–5 marta kuchli sel keladi. Bu haqda Kun.uz mushtariylaridan biri G‘ayrat Norqobilov o‘zining «Feysbuk»dagi sahifasida shunday yozadi:

«Kanalning Qoratog‘ daryosiga quyiladigan tugash qismi suv o‘tkazish xususiyati keskin kamaygan. Sababi, kanal ichiga ko‘plab tol va teraklar ekib tashlangan. Suv yo‘liga imoratlar solingan. Eng muhim to‘siq esa ko‘tarma nasos stansiyasi uchun qo‘yilgan bandning o‘ta kichikligidir.

Bir necha yildirki, kelgan sel yo‘l topolmay uylarga va ekin maydonlariga katta zararlar keltirmoqda. 3 iyunga o‘tar kechasi ham yuzga yaqin uyni, maktablarni, 20 gektarcha ekin maydonini sel bosib ketdi. Taxminan 100 mln so‘mlik zarar keltirdi. MFY hisobida bir tiyin ham yo‘q.

Tuman hokimligi «tez yordam» mashinasi va FVV xodimlari bilan qisman yordam qildi. Kanalni yamash uchun bitta buldozer berdi. Solyarkaga hokimlikda pul yo‘q ekan. Har bir xo‘jalikdan 30.000 so‘mdan pul yig‘ildi.

Bu kanalni yuz martalab texnikasi davlatdan, solyarkasi xalqdan qilib qazishgan. Yuqorida ta'kidlanganidek, selning chiqish yo‘li berk.

Yordam so‘rab 1060 ga qo‘ng‘iroq qildim. Telefonda murojaat qabul qilmas ekan. FVVning 239-16-85 raqamiga bog‘lanishimni so‘rashdi. U yerdagi xodim hammasidan xabari borligini, bu masalani viloyat hokimi hal qilishini ta'kidladi. Endi bu masala bilan viloyat hokimiga chiqsak, u albatta tuman hokimiga buyuradi. Tuman hokimligida solyarkaga ham pul yo‘q. Bu ish yana qolib ketadi. Nechta hokim almashdi. Ahvol o‘sha-o‘sha...

4 iyun kuni tushdan keyin hokimlik nomidan xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilorom Safarova to‘rtta fotomuxbiri bilan keldi. Yigirmatacha paketda non olib kelgan ekan. Kamida ikki yuz martalar suratga olishdi. Har bitta berilayotgan paketni turli rakurslardan suratga olib, «Feysbuk»ka joylab qo‘yibdi. Xuddiki, bir vagon oziq-ovqat tarqatgandek.

Xullas, shu kanalni qonuniy qazdirib, nasoslarni tartibga oladigan bitta mard kerak. Hokimmi, deputatmi, vazirmi farqi yo‘q. Darvoqe, bizning okrugdan Oliy majlisda deputat kimligini MFY raisi ham bilmas ekan. Yana uch-to‘rt kishidan so‘radim. Ismini eshitmagan ham ekan. Rasul Kusherbayev tanir balki.

Yordam berish istagida bo‘lganlar bilan batafsil gaplashardik», — deb yozadi G‘ayrat Norqobilov.

Mavzuga oid