Light | 12:27 / 11.06.2019
10029
4 daqiqa o‘qiladi

Har kuni yozish kerak bo‘lgan 5 turdagi fikrlar

Bu oddiy mashq unumdorlikni oshirish, hayot sifatini yaxshilash va o‘zingizni yaxshiroq anglashda yordam berishi Layfxaker tomonidan ma'lum qilingan.

Foto: Layfxaker

Kun davomida miyamizda minglab fikrlar aylanadi. Ulardan ayrimlari befoyda, ba'zilari esa bir fursatli vazifalarga tegishli. Biroq shunday g‘oyalar ham bo‘ladiki, ular kelajakda sizga asqotishi mumkin.

Ushbu fikrlarni yo‘qotmaslikning yagona usuli – ularni qayd etish. Axir bu qimmatli ma'lumot. U sizga qarorlar qabul qilish va hayot sifatini yaxshilashda yordam beradi.

Qulaylik uchun turli fikrlarni xilma xil ramzlar – uchburchak, kvadrat, spiral va boshqalar bilan belgilash mumkin.

Ijodga oid g‘oyalar

Kun davomida miyangizga o‘nlab qiziq g‘oyalar keladi. Ularni yozib borish kerak. Sayyoradagi badavlat kishilardan biri Richard Brenson o‘z muvaffaqiyatining sababini miyasida paydo bo‘ladigan barcha g‘aroyib g‘oyalarni qayd etishi bilan bog‘laydi.

Agar istasangiz, bu yerga o‘zgalarning ilhom beruvchi iqtiboslari va g‘oyalarini ham kiritishingiz mumkin. Biroq ularni ehtiyotkorlik bilan tanlang. Kelajakda qanday asqotishi mumkinligini hisobga oling.

Katta g‘alabalar

Bu band perfeksionist odamlar  uchun ayniqsa muhim. O‘zingizning kun davomidagi eng katta yutuqlaringizni yozib boring. Masalan, viza uchun hujjatlar to‘plamini yig‘dingiz, murakkab loyihani yakuniga yetkazdingiz, ilk marta mashg‘ulot zaliga bordingiz yoki anchadan beri ko‘rishmoqchi bo‘lgan do‘stingiz bilan uchrashdingiz.

Bu narsalarni yozib borishning o‘zi yoqimli, biroq ularni haftasiga bir marta yoki undan ko‘proq o‘qib chiqsangiz, siz uchun yanada ko‘proq foyda keltiradi.

Siz kuningiz befoyda o‘tmayotganligini ko‘rasiz. O‘z-o‘zingizga bo‘lgan ishonchingiz ortadi, xavotir hissi esa kamayadi.

Signal va belgilar

Kun davomida biz bilan ko‘plab voqea va vaziyatlar sodir bo‘ladi. Ular bizning hissiy holatimiz, unumdorligimiz, fikrlash tarzi va hokazolarga ta'sir qiladi. Ayrim hollarda ularni payqamasligimiz mumkin, biroq  bunday belgilar doim yuz beradi.

Masalan, kutilmaganda do‘stlar bilan uchrashuvlar xursandchilik keltirmayotganini anglaysiz. Bu munosabatlaringizda nimadir o‘zgarganini bildiradi.

Bu kabi signallarni sezib va qayd etib, hayotiy sharoitlar va ruhiy holatingiz o‘rtasidagi sabab-oqibat aloqasini topa olasiz. Demak, hayotni o‘zgartirish uchun nima yaxshiroq ekanini bilasiz va baxtliroq bo‘lasiz.

Muhim savol va kashfiyotlar

Ayrim hollarda o‘zimiz haqimizdagi muhim narsalarni anglay boshlaymiz. Kutilmaganda hozirgi ishda faoliyat yuritishni istamasligimizni tushunamiz va baxtli bo‘lishimizga nima xalaqit qilayotgani haqida o‘z-o‘zimizga savol beramiz. Bu kabi fikrlarni ham yozib borish kerak.

Ehtimol, ular vaqtinchalik o‘ylardir. Biroq nima bo‘lganida ham o‘z-o‘zini anglash va shaxs sifatida rivojlanish uchun foydali.

Vaqti-vaqti bilan o‘z-o‘zimizga hayotning ma'nosi, qadriyat va intilishlar haqida eslatishimiz lozim. Ana shunda belgilangan yo‘ldan adashmaymiz.

Vazifa va tajribalar

Mazkur kategoriyaga kundalik ishlarni emas, hayotingizni yaxshi tomonga o‘zgartirishga yordam beradigan vazifalarni yozib borish kerak. O‘zingiz payqagan signallardan kelib chiqib, amalga oshiriladigan o‘zgarishlar. Yoki samaradorlikni oshirish uchun g‘aroyib texnikalar.

Bu yerga sizni muhim hayotiy maqsadlar sari olib boruvchi muhim harakatlar ham mos keladi.

Mavzuga oid