O‘zbekiston | 21:40 / 12.06.2019
18808
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda poyabzal importi uchun boj to‘lovini oshirish taklif qilinmoqda

«O‘zcharmsanoat» assotsiatsiyasi tomonidan qonun loyihalari muhokamasi portaliga rus tilida joylashtirilgan prezident qarori loyihasida 1 iyuldan import qilinadigan poyabzallar uchun to‘lanadigan boj stavkasini 10 foizdan 30 foizga, bir juft poyabzal uchun 5 dollardan kam bo‘lmagan miqdorda oshirish taklif qilinmoqda.

Loyihada ishlab chiqarilgan xomashyo va yarim tayyor mahsulotlar soha ichida realizatsiya qilinganida ularni soliq to‘lash obekti deb hisoblamaslik taklif etilgan.

Qo‘shimcha ravishda, oyoq kiyimlari, charm, jun, qorako‘l va sun'iy teridan tayyorlangan mahsulotlar bo‘yicha davlat xaridlari, jumladan strategik obektlar tomonidan amalga oshirilayotgan davlat xaridlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga 20 foizga narx ustunliklarini qo‘llash rejalashtirilmoqda.

Qaror loyihasida 2021 yil 1 yanvardan O‘zbekiston bojxona chegarasi orqali charm yarimfabrikatlari olib chiqib ketilganida eksport qilinayotgan mahsulot qiymatining 20 foizi miqdorida yig‘im belgilash taklif qilinmoqda.

«O‘zcharmsanoat» uyushmasiga a'zo tashkilotlar tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarishni tashkil etish uchun bo‘sh va foydalanilmayotgan davlat obektlarini «nol» qiymatda olishlari mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, ularni 2022 yil 1 iyuliga qadar yer solig‘idan ozod qilish taklif etilmoqda.

Qaror loyihasi muhokamasi 23 iyungacha davom etadi.

2018 yil may oyida O‘zbekistonda imtiyoz va preferensiyalar berish tartibi o‘zgargan, soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar qonunlar va prezident hujjatlari bilan umuman tarmoqlar, faoliyat sohalari, hududlar uchun beriladigan bo‘lgandi. Bunda ular aniq maqsadga ega bo‘lishi hamda aniq ijtimoiy, iqtisodiy va moliyaviy natijalarga erishishni ta'minlashi zarurligi belgilab qo‘yilgandi. 

O‘sha yilning dekabrida prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatnomasida ma'lum firmalarga preferensiyalar berishni to‘xtatish haqida gapirgandi.

«Kelajakda hamma bir xil bo‘lishi kerak, bozor beshafqat, lekin shuni qilishimiz kerak. Falon firma, falon tashkilotga preferensiyalar bersak, rivojlanish bo‘lmaydi. Soliq imtiyozlarini bosqichma-bosqich bekor qilishimiz kerak», degandi davlat rahbari.

Shuningdek, davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev Kun.uz'ga bergan intervyusida 2019 yil 1 iyuldan boshlab, raqobat muhitini buzadigan barcha imtiyozlar bekor qilinishi nazarda tutilayotganini aytgandi.

Mavzuga oid