O‘zbekiston | 16:40 / 14.06.2019
138112
3 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuratura: DXXning sobiq raisi va uning sobiq o‘rinbosariga qarshi jinoiy ish ochilgan

Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq raisi Ixtiyor Abdullayev va uning sobiq birinchi o‘rinbosari Jahongir Egamovga qarshi jinoiy ish ochilgan. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokurori o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshevga asoslangan holda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Prokuratura organlari faoliyatiga bag‘ishlab o‘tkazilgan brifing vaqtida prokuratura mutasaddisi tomonidan ma'lum qilinishicha, Oliy sud raisining sobiq o‘rinbosari Bahodir Dehqonov ham shu ish doirasida qo‘lga olingan.

«Mansab vakolatini suiiste'mol qilish, poraxo‘rlik bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlik bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq rahbarlari Abdullayev, Egamov va boshqa mansabdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov jarayonida davlat sirlariga aloqador qator yuqori davlat organlari mansabdor shaxslari ishlari ko‘rilayotgani tufayli tergovni yopiq tarzda olib borishga qaror qilingan», degan Erkin Yo‘ldoshev.

Qayd etilishicha, bu ish doirasida jami 10 kishi tergov qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Ixtiyor Abdullayev 2018 yilning 31 yanvaridan 2019 yilning fevraliga qadar DXXga rahbarlik qildi. U sog‘ligi yomonlashgani tufayli o‘z arizasiga binoan lavozimdan ozod etilgani xabar qilingandi.

Ixtiyor Abdullayev 2009 yildan prezident maslahatchisi, 2015 yil aprelidan 2018 yil 31 yanvariga qadar O‘zbekiston bosh prokurori sifatida ishlagan. 

Jahongir Egamov 2018 yil yanvaridan dekabrgacha DXX raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.

2017 yilning mayidan Oliy sud raisi o‘rinbosari - Ma'muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay'ati raisi lavozimida ishlagan Bahodir Akbaraliyevich Dehqonov esa 2019 yilning fevralida hibsga olingandi.

Bundan avvalroq Yunusobod tumanining sobiq hokimi sudda o‘zining qo‘lga olinishi O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq rahbarlari tomonidan uyushtirilganini taxmin qilgan va Jahongir Egamovning nomini tilga olib o‘tgandi.

Mavzuga oid